"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Assalomu alaykum, qadrli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishchi-xodimlari, mehnat faxriylari, aziz hamshaharlar!
Sizlarni, sizlar orqali barcha oila a'zolaringizni eng ulug', eng aziz bayramimiz – O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Ushbu qutlug' ayyomni “Yagona Vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ulug'vor shior ostida kutib olayapmiz.
35 yil tarix uchun bir lahza bo'lsada, xalqimiz uchun asrlarga teng yuksalish davri bo'ldi.
So'nggi o'n yilda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar natijasida O'zbekiston har tomonlama tez sur'atlar bilan rivojlanib, kuch-qudrati va salohiyati jadal yuksalib borayotgan mamlakatga aylanganini bugun dunyo e'tirof etmoqda.
Misol uchun, 2016-yilda kombinatimizda 105 ming tonna mis ishlab chiqarilgan bo'lsa, bu yil ushbu ko'rsatkich 172 ming tonnani tashkil etadi yoki o'sish 164 foizga teng bo'ladi. Shuningdek, oltin ishlab chiqarish hajmi 141 foizga, kumush ishlab chiqarish 165 foizga oshadi.
Bugun xalqimiz farovonligini yuksaltirish va inson qadrini ta'minlash shunchaki shior emas, balki amaliy voqelikka aylandi. Barcha tuman va shaharlarda tashkil etilgan “Xalq qabulxonalari” davlat va fuqaro o'rtasidagi ishonch ko'prigini mustahkamladi.
Davlat xizmatlari ko'rsatishni raqamlashtirish davlat va jamiyat o'rtasida mutlaqo yangi samarali ko'prikni barpo etdi. Bu davlatga bo'lgan ishonch poydevoridir.
Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda axborot texnologiyalarini keng joriy etish evaziga bugungi kunda hayotimizning barcha sohalarida sun'iy intellektdan foydalanish kundalik hol bo'lib qoldi.
2018-yildan boshlab amalga oshirilayotgan raqamlashtirish dasturi evaziga bugun biz konlarimizning yagona raqamli modeliga ega bo'ldik, boyitish va metallurgiya jarayonlarining kechishini esa onlayn boshqarishni yo'lga qo'ydik. Bu o'z navbatida sun'iy intellekt dasturlarini ishlab chiqarishga shiddat bilan tatbiq etishga asos yaratdi. Masalan, joriy yilning o'tgan davrida kombinat mutaxassislari tomonidan ushbu soha bo'yicha yigirmaga yaqin mualliflik sertifikatlari olindi.
Eng muhimi, dunyoda kuzatilayotgan nihoyatda murakkab geosiyosiy vaziyat va global inqirozlarga qaramay, O'zbekistonda tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik muhiti hukmron bo'lib turibdi. Mana shunday tinch osmon ostida yashash va mehnat qilish — Prezidentimiz tomonidan yuritilayotgan oqilona, uzoqni ko'zlagan siyosatning natijasidir.
Bugun Yangi O'zbekistonda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va mamlakatning raqobatbardoshligini mustahkamlashda sanoat sohasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, joriy yilda Prezidentimiz tomonidan ishga tushirilgan 3-son mis boyitish fabrikasi kombinat ishlab chiqarish quvvatlarini sezilarli darajada oshirib, mamlakatimizda mis xomashyosini chuqur qayta ishlash, eksportbop mahsulotlar hajmini ko'paytirish va yangi ish o'rinlarini yaratishga xizmat qilmoqda.
Ushbu tadbirda ishtirok etgan yirik xorijiy kompaniyalar rahbarlari “kimki mis boyitish fabrikasi qurilishini o'rganmoqchi bo'lsa, O'zbekistonga kelsin”, deb e'tirof etishi ham bejizga emas.
Kombinat jamoasi investitsiya loyihalarini davom ettirib, 4-son mis boyitish fabrikasi hamda yangi metallugiya majmuasini qurish ishlarini jadal olib bormoqda. Ishonchimiz komil, biz bu obyektlarni ham o'z vaqtida va yuqori sifat bilan amalga oshiramiz. Bu Yangi O'zbekiston sanoati taraqqiyotiga qo'shgan munosib hissamiz bo'ladi.
Ta'kidlash kerakki, kombinat mehnat jamoasi doimiy ravishda ijtimoiy sohani qo'llab-quvvatlab keladi. Bu yil Angren shahridagi “Dukent” madaniyat va sport majmuasi mukammal rekonstruksiya qilinib, zamonaviy talablar asosida ta'mirlandi. Toshkent viloyati va Olmaliq shahridagi ko'chalar, mahallalar, xiyobonlar obodonlashtirildi.
Ushbu xayrli ishlarimiz zamirida yagona va ulug' maqsad mujassam. U ham bo'lsa, xalqimiz farovonligini ta'minlash, har bir xonadonga qut-baraka va shodlik olib kirishdir. Zero, shahar va qishloqlarimizning zamonaviy qiyofa kasb etayotgani, avvalo, yurtimiz ravnaqi va Vatanimiz qudratini belgilaydi.
Biz hammamiz uchun aziz bo'lgan qutlug' ayyomni yuksak mehnat zafarlari va ishlab chiqarishdagi ulkan ko'rsatkichlar bilan qarshi olayotganimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz!
Mustaqillik bu — o'zligimizni anglash, o'z taqdirimizni o'z qo'limiz bilan belgilash va dunyo sahnida boshimizni baland ko'tarib yashash huquqidir. Bu ne'mat bizga osonlikcha kelgan emas, uning zamirida ne-ne ajdodlarimizning orzu-armonlari, mashaqqatli mehnatlari va fidokorliklari yotibdi. Shu bois, mustaqillikning har bir kunini, har bir onini oltinga teng bilib, uning qadriga yetishimiz shart. Vatan ravnaqi, uning dunyodagi eng rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishi faqat va faqat sizu bizning bugungi intilishimizga bog'liq. Mehnatimiz va fidokorligimiz yurtimizni yanada qudratli, mustaqilligimizni esa abadiy qiladi.
Ushbu qutlug' ayyom arafasida kombinatimizning bir guruh ilg'or xodimlari davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlangani quvonchimizni ikki karra oshirdi. Bu yutuqlar barchamizning bir tanu bir jon bo'lib, yurtimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish yo'lida qilayotgan umumiy mehnatimiz samarasidir. Bizga bildirilgan ushbu yuksak ishonch uchun Davlatimiz rahbariga kombinat jamoasi nomidan chuqur minnatdorchilik bildiraman. OKMK jamoasi bundan keyin ham yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish va jonajon O'zbekistonimiz ravnaqi yo'lida bor bilim, kuch va g'ayratini safarbar etadi.
Fursatdan foydalanib, barchangizni Eng ulug' va eng aziz bayramimiz bilan yana bir bor tabriklayman!
Xonadonlaringizni tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka va baxt hech qachon tark etmasin.
Mustaqilligimiz abadiy, Vatanimiz tinch, kelajagimiz porloq bo'lsin. Bayramingiz muborak bo'lsin!
Abdulla Xursanov,
“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator