Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanovning Yoshlar kuni munosabati bilan bayram tabrigi

30 Iyun 2025, 8:25 936

Aziz yoshlar! Vatanimizning, shahrimizning, kombinatimizning umidli o‘g‘il-qizlari!

Sizlarni hayotingizning eng zavqli va unutilmas damlari - O‘zbekiston Yoshlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman!

Mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida yoshlarga bo‘lgan e'tibor yildan-yilga kuchayib bormoqda. Zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallagan yoshlar davlat taraqqiyotini belgilab beruvchi kuch ekanligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Ayniqsa, bugun shiddatli o‘zgarishlar bo‘layotgan davrda, ro‘yobga chiqayotgan islohotlar tashabbuskor, mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, yuksak natijaga erishish yo‘lida barcha kuch-g‘ayratini safarbar eta oladigan vatanparvar yoshlarga ehtiyoj sezilmoqda. Zero, yorug‘ va yorqin kelajak aynan shunday yoshlar ishtirokida barpo etiladi.

Hozirgi kunda kombinatda 10 320 nafar yoshlar mehnat qilishadi.  Ularning  1 489 nafari oliy ma'lumotli yoshlar bo‘lib, 872 nafari esa rahbar va muhandis texnik xodimlar hisoblanadi.

Kombinat bir necha yillar davomida O‘zbekiston va xorijiy oliy ta'lim muassasasalari bilan hamkorlik qilib keladi. Hamkorlik doirasida mazkur  oliy ta'lim muassasalarini tamomlagan 180 nafar  yoshlar bugungi kunda kombinat korxonalarida faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, 95 nafari o‘qishni davom ettirayapti. Ulardan, 88 nafari yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlarida ,  7 nafari xorijiy oliygohlarda  tahsil olishmoqda.

Men kombinatda mehnat qilayotgan yoshlarni eng baxtli yoshlardan deb bilaman. Sababi, ular bugun nafaqat kombinat, mamlakatimiz kon-metallurgiya sanoati sohasidagi eng yirik, tarixiy, o‘ta ahamiyatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy yangi texnologiyalarni o‘rganish va boshqarishda bevosita ishtirok etishmoqda. 

Dunyodagi eng katta ochiq konlarning biri bo‘lgan “Yoshlik-1” konini  o‘zlashtirish, ulkan ishlab chiqarish quvvatiga ega fabrikani bunyod etish, eng so‘nggi zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash va o‘rganish orqali ular katta tajriba orttirib, bilim va malakasini oshirish imkoniga ega bo‘lishmoqda.

Aynan shu maqsadda  tashkil etilgan “Muhandislar maktabi” ham ishlab chiqarishni yangilash va modernizatsiya qilish, uni innovatsion asosda rivojlantirish ishtiyoqida bo‘lgan zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, har qanday vaziyatda ham mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, g‘ayrat-shijoatli, intellektual salohiyatli mutaxassislarni tayyorlab bermoqda.

Qolaversa, Prezidentimiz tashabbusi bilan MISiSning Olmaliq filiali qoshida Fan va texnologiyalar universiteti va OKMK hamkorligida ilg‘or muhandislik maktabi ham tashkil etilmoqda. Ushbu maktab ham ilmiy yondashuvga ega sanoatdagi muammolarga jiddiy qarab, aniq amaliy yechim topa oladigan iqtidorli yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab beradi.

Kombinat doimo iqtidorli yosh xodimlarning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shaxsiy rivojlanishiga ko‘maklashish, ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga alohida yondashib kelmoqda.

Yosh mutaxassislar tomonidan energiya samaradorligi va tejamkorlik yo‘nalishidagi ratsionalizatorlik takliflari, ilmiy ishlari qo‘llab quvvatlanib, rag‘batlantirilmoqda.

Ularning energiya resurslarini tejash bo‘yicha ilgari surilgan takliflari e'tiborga loyiq. Misol uchun, Mis boyitish fabrikasining Texnologik jarayonlarni boshqarishni avtomatlashtirish xizmati jamoasi suv, gaz sarfi bo‘yicha texnik yechimlar berishdi va ushbu g‘oya ishlab chiqarishga tadbiq etildi.

Shuningdek, kombinatda faoliyat yuritib kelayotgan xodimlar va yosh mutaxassislarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash doimo e'tiborimiz markazida. Mana, bu yil ham Olmaliq shahrida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi ko‘p qavatli uylarning imtiyozlar asosida berilishida amaliy yordamlar berilmoqda.

Qadrli yoshlar!

Bugun  O‘zbekistonimizda erkin va obod, farovon hayot qurish yo‘lida  boshlangan ulkan ishlarni davom ettirishga qodir bo‘lgan yangi avlod shakllanmoqda.

Shu muqaddas ishonch va mas'uliyatni har tomonlama oqlash, unga munosib bo‘lish – dunyodagi eng ulug‘ baxtdir. Shunday baxt, shunday sharaf barchangizga nasib etsin!

Sizlarni sevimli bayramingiz, azmu shijoat, go‘zallik va kamolot ayyomi – Yoshlar kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad tilayman!

 Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech