Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Qadrli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishchi-xodimlari, hurmatli harbiylar va faxriylar!
Sizlarni 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni hamda Qurolli Kuchlarimizni tashkil topganligining 32 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklayman.
Dunyoda sharafli kasblar ko‘p, ular orasida eng sharaflisi o‘z ona Vatani va xalqining tinchligi uchun xizmat qilishdir.
Bugungi kunda Milliy armiyamiz minglab o‘g‘lonlarimiz uchun chinakam mardlik, fidoyilik, haqiqiy vatanparvarlik maktabiga aylandi. Bu haqiqatni yurtimizdagi barcha ota-onalar, butun xalqimiz g‘urur bilan, minnatdorchilik bilan e'tirof etadi.
Bu o‘z navbatida davlatimiz tomonidan harbiy sohaga alohida e'tibor qaratilganligini ko‘rsatmoqda. Zero, bugungi kunda dunyodagi murakkab geosiyosiy vaziyat ham sarhadlarimizning mustahkamligini yana kuchaytirishni taqazo etmoqda.
Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, "Barchamiz bir fikrni yaxshi anglab olishimiz kerak: el-yurtimizning tinchligini ta'minlash maqsadida bugun mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning qanchalik samara berishi armiya va xalqning birdamligiga bog‘liq".
Darhaqiqat, birdamlik - bu tinch va farovon hayotimizning bosh kafolatidir. Tinchliksevar va oliyjanob xalqimizning birdamligi, Xalq va Armiya birligi hamda Milliy armiyamiz qudratini yuksaltirishda, albatta harbiylarning fidokorona mehnati mujassam.
Shu o‘rinda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Mis kompleksida o‘z xizmat vazifalarini olib borayotgan Mudofaa vazirligining toifalangan ob'yektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy qismi xizmatchilariga alohida tashakkur bildirmoqchiman.
Ularning qishning qahratoni, yozning issiq jaziramasiga qaramay olib borayotgan fidoiy xizmati tufayli toifalangan ob'yektlarimizda xavfsizlik va tartib ta'minlanmoqda.
Shuningdek, kombinatning 50 dan ziyod tarkibiy bo‘linmalarida xizmat qilayotgan 1150 nafar Idoraviy harbiylashgan qo‘riqlash xizmati xodimlarining mehnati ham e'tirof va tahsinga loyiqdir.
Quvonarlisi, Idoraviy harbiylashgan qo‘riqlash xizmati xodimlari yildan yilga o‘z kasbiy mahoratini oshirishga e'tibor qaratishayapti. Bugungi kunda ularning shaxsiy tarkibini keng bilim va tafakkurga, yuqori jangovar ko‘nikma, yuksak ma'naviy-axloqiy fazilatlarga ega, yangicha fikrlaydigan, murakkab sharoitida ham o‘z vazifasini uddalashga qodir professional kadrlar tashkil etmoqda.
Mana, 2023-yilda bu xizmat xodimlari Respublika miqyosida o‘tkaziladigan maxsus va harbiy-tibbiy tayyorgarlik bo‘yicha musobaqada ishtirok etishdi. Bu musobaqada ular O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hamda mamlakatimizning eng katta korxonalarning shaxsiy tarkib a'zolari bilan nazariy va amaliy sinovlarda bellashib, finalga chiqishdi. Mana shunday nufuzli musobaqada kombinat jamoasi kuchli to‘rtlikdan o‘rin egalladi.
Ishonchim komilki, joriy yilda bo‘lib o‘tadigan musobaqada xodimlarimiz yanada shijoat bilan tayyorgarlik ko‘rib, shohsupaning eng yuqori o‘rinlariga ham sazavor bo‘lishadi.
Barchangizni shonli bayram bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman! Xalqimizga munosib va haqli ravishda faxrlana oladigan ishlaringiz bardavom bo‘lsin!
Yana bir bor bayram muborak bo‘lsin azizlar!
Abdulla Xursanov,
"Olmaliq KMK" AJ boshqaruvi raisi, Oliy Majlis senati a’zosi