Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

O'zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni munosabati bilan tabrik

05 Aprel 2025, 14:43 1331

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati geologlari, soha faxriylari!

Sizlarni kasb bayramingiz – O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni bilan tabriklaymiz!

Ma'lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018-yil 26-dekabrda imzolangan "O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, yurtimizda aprel oyining birinchi yakshanbasi geologlar kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.

Albatta, Davlatimiz rahbari tomonidan geologiya sohasiga qaratilgan bu e'tibor bejizga emas. 

Hech kim bizning jannatmakon Vatanimiz yerlarini geologlardek yaxshi bilmasa kerak. Minglab chaqirim yo‘llarni bosib, kaftlarida tonnalab  ma'dan toshlarni birma bir saralagan, zaminimiz qa'rini burg‘ulab, yuzlab topilmalarni va yangi konlarni kashf etgan ham geologlardir.

Ularning mashaqqatli mehnati bilan qanchadan-qancha foydali qazilmalar, nodir metallar, qurilish materiallari, yer osti suvlari va  konlar topilgan.

Aynan geologlar O‘zbekistonga tabiiy resurslarning eng boy mamlakat maqomini olishiga hamda foydali qazilmalarni qazib olish sohasida yetakchi mamlakatga aylanishiga ko‘mak berib, Respublikamiz iqtisodiy  poydevorini mustahkamlashga asos soldilar.

Shu tufayli bugun biz o‘z kasbiga sodiq bo‘lgan geologiya sohasining peshqadamlarini, geolog degan oliyjanob kasbni tanlagan va O‘zbekistonning ulkan tabiiy boyliklaridan xalqimizga foydalanishni ta'minlashda ko‘makdosh bo‘lgan, nafaqat yaqin o‘n yillikda balki strategik istiqbolda mamlakatimizning mineral xom-ashyo bazasini shakllantiradigan insonlarni sharaflamoqdamiz.

So‘nggi yillarda kombinatning geologiya xizmatiga alohida vazifalar yuklatilib bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “Kovuldi konining (Markaziy, Janubiy, Janubiy-II uchastkalari) oltin tarkibli ma'danlari zahiralari qidiruv konditsiyalarini texnik-iqtisodiy asoslarini (TIA) ishlab chiqilgandan so‘ng konning zahiralari bir necha barobarga ko‘paytirilgan bo‘lsa, mehnatkash Kovuldi koni mutaxassislari tomonidan Qalmoqqir karyerining shimolida 0,5-1,0 km. masofada joylashgan “Togap” oltin ma'danli uchastkasida dastlabki ma'lumotlar asosida sinov-tajriba amaliyoti usuli va lokal loyiha asosida “Togap” uchastkasining foydali qazilmalarini qazib olish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu usul bilan 2025-yil 15 ming tonna ruda qazib olish rejalashtirilgan.

Yana bir kon Qurama tog‘ tizmasining shimoliy yon bag‘irlarida, Qalmoqqir karyeridan 3,5-4,0 km. janubi-sharqda joylashgan “Quyikenjasoy” oltin koni qazib olishga jalb etilmoqda.

Kelgusida ushbu konning yillik qazib olish quvvati 50 ming tn.ni tashkil etadi. Hozirgi vaqtda “Quyikenjasoy” oltin tarkibli konini o‘zlashtirish loyihasi bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda.

“Olmaliq KMK” AJning oltin ishlab chiqarish hajmini yanada ko‘paytirish maqsadida, hozirgi kunda yiliga 200 ming tonna ma'danni qayta ishlovchi Kovuldi oltin saralash fabrikasi qad rostlamoqda, ushbu fabrika joriy yilning oktyabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Chotqol tog‘ tizmasining janubiy yon bag‘irida joylashgan “Qizilolma” konining yangi “Mejdurechye” uchastkasida ham 2025-yilda  konni ochish  ishlarini boshlash rejalashtirilgan bo‘lib, uning yillik qazib olish quvvati 120 ming.tn.ni tashkil etadi.

Yuqorida keltirilgan konlarning ishlab chiqarishga jalb etilishi davlatimizning rivojlanishiga va iqtisodiyotining yanada o‘sishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatib xalqimiz uchun bir qancha yangi ishchi o‘rinlarini yaratish imkoniyatini beradi.

Umuman olganda, kombinatimiz geologlari tomonidan geologiya-qidiruv ishlariga oid ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

Zamonaviy geoaxborot texnologiyalarini joriy etishning dolzarbligini hisobga olgan holda kombinatda ushbu soha uchun mutaxassislar malakasini oshirish va tayyorlashga katta e'tibor qaratilmoqda hamda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kombinat Geologiya fanlari universiteti bilan yaqindan hamkorlik qilib kelinmoqda.

Ishonchim komilki, bizning geologlarimizning samarali faoliyati va salohiyatlari milliy iqtisodiyotning rivojlanishini, sanoat ishlab chiqarishini mustahkamlashni va odamlarning hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Yana bir bor kasb bayramingiz bilan tabriklayman! Geologiya sohasining barcha xodimlariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, farovonlik, yangi ijodiy muvaffaqiyatlar, oilaviy xotirjamlik tilayman!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech