Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanovning Yoshlar kuni munosabati bilan bayram tabrigi

30 Iyun 2026, 8:52 127

Aziz yoshlar! Mamlakatimiz, shahrimiz va kombinatimizning umidli o‘g‘il-qizlari!

Sizlarni O‘zbekiston Yoshlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman!

Bugun mamlakatimizda Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida yoshlarga oid davlat siyosati izchil amalga oshirilmoqda. Ilm-fan va yuqori texnologiyalarni egallagan shijoatli yoshlarimiz Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hal qiluvchi kuchiga aylanmoqda. Davlatimiz siz kabi bilimli, tashabbuskor, mas’uliyatli va vatanparvar yoshlarga tayanadi. Zero, yurtimizning kelajagi aynan sizning bilimingiz, mehnatingiz va qat’iyatingiz bilan bog‘liq.

Bugun kombinatimizda 9 313 nafar yosh mehnat qilmoqda. Ularning 1 659 nafari oliy ma’lumotli, 657 nafari rahbarlik va muhandis-texnik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Bu kombinatimizda yoshlarga katta ishonch bildirilayotganining yorqin ifodasidir.

Kombinatimiz yurtimiz va xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Bugun mazkur ta’lim muassasalarini tamomlagan 176 nafar yosh mutaxassis kombinat korxonalarida mehnat qilmoqda. Shuningdek, kombinat qo‘llab-quvvatlayotgan 31 nafar yosh ta’limini davom ettirmoqda. Ularning 26 nafari mamlakatimizda, 5 nafari xorijiy oliygohlarda tahsil olmoqda. Bundan tashqari, kombinat tavsiyanomasi bilan 383 nafar ishchi-xodimimiz oliy ta’lim muassasalarida bilim olmoqda.

Biz yoshlarimizning salohiyati bilan faxrlanamiz. Yaqinda ishga tushirilgan 3-Mis boyitish fabrikasidagi eng zamonaviy texnologik uskunalarni aynan yosh mutaxassislarimiz boshqarayotgani bunga yaqqol misoldir.

Kombinatimizda tashkil etilgan “Muhandislar maktabi”da dunyoning yetakchi professorlari yoshlarimizga zamonaviy bilim bermoqda. Shuningdek, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “MISiS”ning Olmaliq filiali qoshida tashkil etilgan Ilg‘or muhandislik maktabi ham yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Kombinat iqtidorli yoshlarning g‘oyalari va tashabbuslarini doimo qo‘llab-quvvatlaydi. Ayniqsa, energiya samaradorligi va ishlab chiqarishni takomillashtirishga qaratilgan ilmiy hamda ratsionalizatorlik takliflari munosib rag‘batlantirilmoqda. Shu bilan birga, yosh xodimlarimizni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ham e’tiborimiz markazida bo‘lib qolmoqda.

Kuni kecha Prezidentimizning "Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq, Mis boyitish fabrikasi yanchish va flotatsiyalash sexi flotatori Ozoda Yunusovaning "Kelajak bunyodkori" medali bilan taqdirlangani barchamiz uchun katta faxr va quvonch bo‘ldi.

Qadrli yoshlar!

Sizlarni hayotingizning eng go‘zal va serg‘ayrat davri – Yoshlar kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman!

Sizlarning intilishingiz, kreativ fikrlashingiz va yangi marralarni zabt etishga bo‘lgan ishtiyoqingiz kombinatimiz taraqqiyotining muhim omilidir. Hamisha bilim olishdan to‘xtamang, o‘z ustingizda ishlang va yuksak maqsadlar sari dadil qadam tashlang.

Sizlarga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, ulkan yutuqlar va omad tilayman. Hayot yo‘lida qo‘lga kiritgan har bir muvaffaqiyatingiz nafaqat o‘zingizning, balki butun kombinatimiz va mamlakatimiz yutug‘i bo‘lib qolaveradi.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech