Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati kasaba uyushmasi Kengashi xodimlari! Sizlarni, kasaba uyushmalarining barcha jonkuyar xodimlari va faollarini 11 noyabr – “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etaman.
Mustaqil O‘zbekiston tarixida davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalarining mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi ulkan o‘rni va ahamiyati e'tiborga olinib, Respublikamizda 11 noyabr - “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” deb e'tirof etildi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasida ushbu kun O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni sifatida keng ko‘lamda nishonlanmoqda.
Ushbu kun o‘z saflarida ko‘plab insonlarni birlashtirgan kasaba uyushmalari hayotidagi unutilmas va zarhal harflar bilan yozilgan kun bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, kasaba uyushmasi a'zolarining sa'y-harakatlari, birdamligi va fidoyi mehnati jamiyatimiz ma'naviy va madaniy hamda ijtimoiy hayotida ko‘plab o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.
Bugungi kunda “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi 46 464 nafar a'zolariga ega bo‘lib, kombinat ishchi-xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy himoyasini ta'minlab kelmoqda. Shuningdek, ijtimoiy sheriklik va mehnat munosabatlarini tartibga solishda ham o‘rningiz alohida bo‘lmoqda.
Ayniqsa, korxonamizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardagi faol ishtirokingiz, ayollar, yoshlar, bolalar huquq va manfaatlarini himoyalash yo‘lidagi tashabbuslaringiz, ishchi-xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda madaniy-ma'rifiy hayotimizni yuksaltirish yo‘lidagi mehnatlaringiz Respublikamiz miqyosida e'tirofga loyiq.
Korxonamiz mehnat jamoasi, shu jumladan, ayollar va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi faolligini oshirish, korxonalarda munosib ish sharoitlarini yaratish, keksalarni e'zozlash kabi ezgu va xayrli ishlari bilan kombinatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni yanada mustahkamlashda Sizlarning beqiyos xizmatingiz bor.
Xususan, opa-singillarimiz uchun ish jarayonida munosib sharoitni yaratish, ularni asrash va ayni chog‘da salohiyatini namoyon etishi uchun ko‘maklashish borasidagi sa'y-harakatlaringiz samarasi o‘laroq, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Gender tenglik faoli” tanlovida “Gender tenglikni ta'minlashda eng faol tashkilot” nominatsiyasiga sazovor bo‘lgani bejizga emas.
Eng muhimi, Sizlar ishchi-xizmatchilarning ertangi kunga umidi va ishonchini yuksaltirib, shuning barobarida mehnat samaradorligi va unumdorligini oshishida ham faol ishtirok etishmoqda. Qolaversa, Bugungi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan islohotlarda Sizlarning betinim va fidokorona mehnatingiz mujassam, desak aslo adashmaymiz.
Fursatdan foydalanib, barcha kasaba uyushmasi xodimlari va faollarini yana bir bor “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” bayrami bilan muborakbod etaman.
Barchangizga mas'uliyatli va sharafli mehnat yo‘lingizda mustahkam sog‘liq, kuch-quvvat, oilaviy hotirjamlik tilayman. Korxonamiz taraqqiyoti, qolaversa, Vatanimiz va xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borayotgan ishlaringizda zafarlar yor bo‘lsin!
Abdulla Xursanov,
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruv raisi, senator