• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanovning temiryo'lchilarga bayram tabrigi

04 Avgust 2023, 14:50 842

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati temiryo‘lchilari!

Aziz faxriylar!

Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi tashkil etilganining 70 yilligi bilan Sizlarni samimiy muborakbod etaman!

Kombinat temiryo‘l boshqarmasi tarixi 1953-yildan, ya'ni 400 ot kuchiga ega bir necha paravozlardan iborat kichik temiryo‘l sexidan boshlanadi. Ana shu mo‘jaz sex bugunga kelib, uzunligi 500 kilometrdan iborat temir yo‘llar, yirik texnikalar parki, o‘n millionlab tonna yuk tashishni ta'minlashga qodir bo‘lgan, minglab temiryo‘lchilarni birlashtirgan kombinatning asosiy bo‘linmalaridan biriga aylandi.

Mamlakatning qon tomiriga qiyoslanadigan, o‘ta muhim bo‘lgan po‘lat iz sohiblari kechayu kunduz konlardan ma'danlarni tashib, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun yuklarni qabul qilib, tayyor mahsulotlarni respublika va xorijiy iste'molchilarga o‘z vaqtida yetkazib berayotgan kombinat tarkibiy bo‘linmalarining asosiy zanjiri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini kengaytirish bo‘yicha qo‘yilgan dolzarb vazifalarni amalga oshirishda Sanot temir yo‘l transporti boshqarmasining mehnat jamoasi faol ishtirok etib kelmoqda.

Xususan, “Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish” loyihasi doirasida 30 kilometrdan ortiq temiryo‘l barpo etildi. 74 juft(komplekt) strelkali o‘tkazgichlar o‘rnatildi. Yangi “Yoshlik” temir yo‘l stansiyasi ochildi. Asosiysi, texnik park turli xildagi zamonaviy vagonlar, maxsus o‘ziyurar temiryo‘l texnikalari, temiryo‘l kranlari, teplovozlar, tortuvchi agregatlar kabi 381 ta yangi texnikalar bilan to‘ldirildi. Shuningdek, ilg‘or axborot texnologiyalari, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari va harakatni raqamlashtirish bo‘yicha ishlar faol olib borilmoqda.

E'tiborlisi, kombinat temiryo‘lchilarning ulug‘vor mehnat an'analari bugungi kunda ham davom etmoqda. Ishonamizki, bu oldimizda turgan ustuvor vazifalar, ya'ni yiliga 200 mln tonnadan ortiq ma'danni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan 3-, 4- va 5-Mis boyitish fabrikalarini, yiliga 500 ming tonna mis mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi Metallurgiya majmuasini qurish jarayoniga hamohang ravishda kombinatning temiryo‘l infratuzilmasini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilishda muhim rol o‘ynaydi.

Yangi O‘zbekiston istiqboli yo‘lida kamarbasta bo‘lib kelayotgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ajralmas bo‘g‘ini bo‘lgan Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasining fidoyi jamoasini Temiryo‘lchilar kuni - kasb bayrami va shonli yubiley sanasi bilan samimiy muborakbod etaman.

Barcha temiryo‘lchilarga Vatanimiz ravnaqi, yurt iqtisodiyoti rivoji yo‘lidagi faoliyatlarida ulkan yutuqlar, sihat-salomatlik, oilalariga farovonlik tilayman!

A. Xursanov,

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”

aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi

Bo`lishmoq:
Text to speech