Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Hurmatli Temiryo‘l transporti xodimlari!
Muhtaram faxriylarimiz!
Avvalo, sizlarni – zahmatkash ishchi va xizmatchilar, temiryo‘l quruvchilari va muhandislar, mashinist va ta'mirchilar, soha faxriylarini O‘zbekiston Respublikasi Temiryo‘l transporti xodimlari kuni bilan chin dildan samimiy tabriklayman.
Kombinatimizning iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish, qimmatbaho va rangli metallarni ishlab chiqarish rejalarining bajarilishida, bir qator yirik sanoat obyektlarini barpo etishda va ishga tushirishda sizlarning o‘rningiz va hissangiz beqiyos.
Bugungi kunda kombinat Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi mehnat jamoasida 2548 nafar ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Quvonarlisi, ularning 3 nafari “Do‘stlik” ordeni, bir nafari “Shuhrat” medali sohiblari bo‘lishsa, 1 nafari “Mo‘'tabar ayol” ko‘krak nishoni, 50 nafar temiryo‘lchilarimiz esa “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni sovrindorlaridir. Albatta, bu sizlarning mehnatingizga Davlatimiz rahbari va kombinatimiz, xalqimiz tomonidan berilgan yuqori baho va yuksak ishonchdir. Ayni vaqtda 564 nafar temiryo‘lchi faxriylarimiz bizning hurmat va e'tiborimizda.
Jonajon Vatanimiz Mustaqilligining 33 yilligi arafasida nishonlanayotgan ushbu qutlug‘ ayyomda Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasining fidoyi jamoasi belgilab berilgan vazifalarni muvaffaqiyat bilan ado etib kelayotganini alohida ta'kidlash joiz.
Xususan, joriy yilning 1-yarim yilligida tog‘ jinslarini tashish rejasi 100,2 foizga, ma'danlar tashish rejasi 104,7 foizga bajarildi va jami yuk aylanmasi qariyb 100,0 foizni tashkil etdi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 5,5 mlrd. so‘mlik mahsulot tayyorlanib, reja 111,0 foizga ado etildi, qariyb 1,0 kilometr yangi temiryo‘l qurildi va 9,3 kilometr uzunlikdagi temiryo‘llar kapital ta'mirlandi.
Temiryo‘lchilar jamoasi nafaqat tashish jarayoni yoki temiryo‘l infratuzilmasini kapital va joriy ta'mirlash ishlarida, balki investitsiya loyihalari doirasida ham jonbozlik ko‘rsatishmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda STTB jamoasi kuchi bilan bir nechta yangi temiryo‘l obyektlari qurilib foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda “Svinsovaya” stansiyasi hududida yangi temiryo‘l bazasini qurish ishlari yakunlanish jarayonida va ushbu obyektni Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirishni rejalashtirganmiz.
Shuningdek, “Yoshlik 1” konini o‘zlashtirish” investitsiya loyihasi bo‘yicha “Yangi razyezd” va “Karyernaya” temiryo‘l stansiyalarini qurish ishlari boshlab yuborilgan.
Fursatdan foydalanib, ushbu sohada sidqidildan mehnat qilayotgan barcha yuksak mahoratli, jonkuyar xodimlarga tashakkur bildiraman.
Katta bilim va tajribaga ega temiryo‘lchilar o‘zlarining mardona mehnatlari bilan oldimizga qo‘yilgan barcha vazifalarni ado etishlariga ishonaman.
Qadrli temiryo‘lchilar!
Barchangizni kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. Sizlarga mustahkam salomatlik, oilaviy baxt va farovonlik, yangi mehnat zafarlarini tilayman.
Abdulla Xursanov,
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi, senator