Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Munosabat
Joriy yilning 20-dekabr kuni mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Parlamentga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatini barchamiz katta qiziqish va e'tibor bilan tingladik.
Mamlakatimiz taraqqiyotining eng muhim ustuvor vazifalari e'lon qilingan yillik murojaatnomadan xalqimiz baxt-saodati, respublikamiz ravnaqi yo‘lidagi o‘ta muhim, juda ahamiyatli qarorlar o‘rin olgan.
Darhaqiqat, olib borilayotgan islohotlar tufayli xalqimizning hayoti yildan-yilga farovonlashib bormoqda. Bu haqda to‘xtalar ekan, Prezidentimiz eng avvalo, joriy yilda tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal iste'mol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga olib chiqilganini, oxirgi olti yilda mamlakat bo‘yicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joylar qurilgani, 2022-yilning 10 oyida 558,6 ming nafar O‘zbekiston fuqarolari dam olish va hordiq chiqarish uchun xorijga chiqqanini aytib o‘tdi. Qolaversa, davlatimiz rahbari, yalpi ichki mahsulotning hajmi tarixda birinchi marta 80 milliard dollardan oshganini alohida ta'kidlarkan, joriy yilda iqtisodiyotimizga 8 milliard dollarlik investitsiyalar kirib kelgani, eksport 19 milliard dollarga yetganini qayd etdi. Bu shubhasiz, mamlakatimiz milliy rivojlanishining yangi davriga qadam qo‘yayotganida, aholimizning farovon turmush tarzida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Murojaatnomadagi yana bir ahamiyatli jihati, “...e'tiborni Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investisiya bo‘lgan ta'limni qo‘llab-quvvatlashga qaratish bu millatimiz kelajagiga qo‘yilayotgan ulkan poydevordir”, - dedi Prezidentimiz.
Bir fuqaro sifatida men, Prezdentimizning mulohazalaridan juda ta'sirlandim. Shulardan ayrimlariga to‘xtaladigan bo‘lsam, o‘qituvchilarning maqomi, sha'ni, qadr-qimmatini Konstitutsiyada alohida belgilab qo‘yishdir. Shuningdek, Parlamentimiz ish uslubini yaxshilash va faoliyat samaradorligini oshirishni Konstitutsiyada aks ettirish dolzarb hisoblanadi. Aynan shu borada to‘xtalar ekan, Prezidentimiz, fuqarolar bildirgan barcha taklif va istaklar albatta inobatga olinadi va Konstitusiya loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqiladi, deya ta'kidladilar. Buni demokratiyaning chin ma'nodagi tantanasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, muhtaram Prezidentimiz energetika mavzusida gapirar ekan, “Afsuski, iqtisodiyotimizda energiya sarfi boshqa davlatlardan 2 barobar yuqori. Shuning uchun, energiya samaradorligini oshirish Milliy dasturini qabul qilamiz”, dedi va bu yo‘nalishda ahamiyatli ko‘rsatma berdi.
Darhaqiqat, kombinatimiz kabi yirik ishlab chiqarish korxonalari o‘z iste'moli uchun 1 ming megavattli quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatishsa, yiliga 2,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltiriladi. Bu bilan ham elektr energiyasini, ham gazni tejagan bo‘lamiz, qolaversa, hududlarda ekologik holat yanada yaxshilanadi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida energiya tejamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Kombinatning har bir ishchi-xodimi ish joyi va xonadonida energiya resurslarini tejashga oid targ‘ibot tadbirlari olib borildi. Joriy yilning o‘zida kombinatning ikkita ob'yektiga umumiy quvvati 750 kVt bo‘lgan kichik quyosh fotoelektr stansiyalari qurilib, foydalanishga topshirildi. 2023-yil yakuniga qadar kombinatning 19 ta ob'yektiga umumiy quvvati 9 MVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatiladi. Bu ishlar natijasida energiya sarf-xarajatlari salmoqli ravishda tejalishiga erishiladi.
Hozirgi vaqtda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga 100 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha ishlar olib borilayapti. Ushbu stansiyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri kombinatning mavjud elektr tarmoqlariga ulash va elektr energiyasini ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirish, shuningdek, kombinat tomonidan ekologik toza elektr energiyasini uzoq muddat davomida kafolatgan tarzda sotib olish nazarda tutilmoqda.
Respublikamizda yaratilgan sharoitlar natijasida, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan 2022-yilda belgilangan barcha ko‘rsatkichlarni ortig‘i bilan bajarilishiga erishildi.
Albatta, shu bilan birga oldimizda yanada dolzarb vazifalar turibdi. 2023-yilda mamlakatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etuvchi “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirishning birinchi bosqichi yakuniga yetkazilib, 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushiriladi. Kelgusi yilda rudani qayta ishlash 100 mln tonnaga yetkaziladi.
Shuningdek, 4-mis boyitish fabrikasi va yangi Mis eritish zavodi loyihalarini boshlaymiz.
Mazkur megaloyihaning I bosqichida – 2021-2025 yillarda 300 ming tonna mis katodi, 25 tonna oltin va 176 tonna kumush olinadi. Keyingi bosqichlarida mis ishlab chiqarishni 500 ming tonnaga , oltinni- 50 tonnaga va 340 tonna kumush ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar ustida ishlar boshlanadi.
Bundan tashqari, yana bir qator loyihalarimiz ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, mis xomashyosi, rangli, nodir va noyob metallar, shu jumladan, qimmatbaho komponentlarni olishga yo‘naltirilgan ilmiy ishlanmalar hamda tadqiqotlar davom ettiriladi. Shuningdek, mahalliylashtirish, raqamlashtirish dasturlari, mis sanoati klasterini tashkil etish loyihalari ham bosqichma bosqich amalga oshiriladi.
Murojaatnomada yana bir muhim jihatga to‘xtalmoqchiman. 2023-yilda tayyor mahsulotlar eksportini qo‘shimcha 4 milliard dollarga oshirish asosiy maqsad ekanligi, 2023-yilda eksport hajmi mamlakat tarixida ilk bor 23 milliard dollardan ortishi ta'kidlandi.
Birgina mis va uni qayta ishlash misolida oladigan bo‘lsak, hozirda ushbu mahsulot yiliga 2 milliard dollar miqdorida eksport qilinayotgan bo‘lsa, mis sanoati klasteri to‘liq ishga tushirilgandan so‘ng ushbu ko‘rsatkich 8 milliard dollarga yetadi.
Davlatimizning istiqboliga, vatan ravnaqi va xalqimizning farovonligiga faqat yangicha qarash, yangi g‘oyalar va hamjihatlikdagi ijrosigina amaliy natijalarni berishi aniq.
Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor vazifalarni so‘zsiz amalga oshirish uchun “bir yoqadan bosh chiqarib” barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Abdulla XURSANOV,
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati
boshqaruvi raisi, senator