Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Assalomu alaykum
hurmatli quruvchilar, mehnat faxriylari!
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarida fidoyi quruvchilarimizning so‘zsiz o‘z o‘rni bor.
Jumladan kombinatimizning yirik investitsiya loyihalari doirasida qurilayotgan ob'yektlarda, modernizasiya va rekonstruksiya ishlarida, qolaversa ijtimoiy ob'yektlarni barpo etilishida Sizlar faol ishtirok etmoqdasiz.
Iqtisodiy islohotlarda qurilish sohasi xodimlarining rolini sharaflash maqsadida, 2017-yildan boshlab avgust oyining ikkinchi yakshanbasi «O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni» sifatida bayram qilib kelinmoqda.
Shu munosabat bilan Sizlarni, kombinatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha ishchi-xodimlarni bugungi kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Xalqimiz azaldan o‘zining bunyodkorligi bilan nafaqat O‘rta Osiyoda, balki butun dunyoda mashhur bo‘lgan. Bu kasb bizga ajdodlardan meros desak adashmaymiz. Bugun yurtimizga kelayotgan sayyohlar ota-bobolarimiz qurgan muhtasham imoratlarni tomosha qilib hayratlanishlari bejiz emas.
Xalqimizning hayot sifati va darajasini oshirishga bevosita xizmat qiladigan ezgu ishlaringiz haqida gapirganda, kombinatdagi bino va inshootlar bilan birga, Olmaliq shahridagi tibbiyot va madaniyat muassasalari, istirohat bog‘lari va xiyobonlar, favvoralar, bolalar maydonchalari va sport maskanlari bunyod etilayotganini mamnuniyat bilan ta'kidlash lozim.
Jumladan, 39-son maktabgacha ta'lim muassasi kapital ta'mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
Mis boyitish fabrikasidagi 15- va 16- quyultirigichlar qurilib ishga tushirildi.
Chirchiq shahrida sanatoriya zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanib to‘liq ta'mirlandi va ishchi-xodimlarimiz uchun eng ilg‘or usullar yordamida tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Shuningdek, trest bunyodkorlari tomonidan yangi metallurgiya kompleksini quruvchilari uchun yotoqxona, “Yoshlik-1 koni” direksiyasi ofisi jadal ravishda barpo etildi.
Hozirda Parkent tumani Krasnogorsk shaharchasida “Chotqol” madaniyat saroyi va shahrimizdagi 33-son maktabgacha ta'lim muassasida kapital ta'mirlash, shahrimizdagi yer osti o‘tish yo‘lagini qurish va obodonlashtirish ishlari ham olib borilmoqda.
Kombinatning Muhandislik maktabi o‘quv va trening binolarini qurishda va Tug‘ruq kompleksini qayta rekonstruksiya qilishda ham trest bunyodkorlari ishtirok etishmoqda.
Shubhasiz, kombinatimiz va shahrimizdagi bunyodkorlik ishlarida Sizning matonatli mehnatingiz, jonkuyarlik va fidoyiligingiz yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Barchangizni yana bir bor kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Mas’uliyatli va sharafli mehnat yo‘lingizda mustahkam sog‘liq, kuch-quvvat, oilaviy xotirjamlik hamda mehnatingizning zavqli rohatini ko‘rishingizni tilab qolaman.
Abdulla Xursanov,
“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi