• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

"Energetiklar kuni" munosabati bilan bayram tabrigi

22 Dekabr 2023, 8:1 1003

Hurmatli kombinat energetiklari, aziz hamkasblar!

Ma'lumki, 22-dekabr - Xalqaro energetiklar kuni sifatida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan O‘zbekistonda ham keng nishonlanadi.

Shu munosabati bilan Sizlarni kasb bayramlaringiz – Energetiklar kuni bilan chin dildan tabriklayman.

Energetika sohasi - iqtisodiyotimizning asosiy tarmoqlaridan biri, bugungi barqaror, farovon va osoyishta hayotimizning tub negizidir.

Bu o‘ta muhim tizim va unda mehnat qilayotgan insonlarning qadri biz uchun hamisha baland. Zero, aholini, shuningdek, korxona va tashkilotlar, ijtimoiy sohalarni hayotiy zarur bo‘lgan elektr va issiqlik energiyasi bilan ta'minlash – eng dolzarb va ustuvor vazifalardan biridir. Ayniqsa, bugungi shiddat bilan rivojlanib borayotgan davr energetika soha vakillaridan yanada ko‘proq mas'uliyat va natija kutmoqda. O‘tgan davr mobaynida turli favqulodda holatlar, noqulay ob-havo sharoitlariga qaramay, o‘z kasbiy burchini a'lo darajada bajara olgan kombinatimiz energetiklari bilan chin ma'noda faxrlana olamiz.  

Energetiklarimizning yuqori darajadagi kasbiy mahorati va fidoyi mehnatlari tufayli kombinat tarkibiy bo‘linmalariga hamda Olmaliq shahri aholisiga elektr energiyasi va issiqlik uzluksiz yetkazib berilmoqda.

Ma'lumki, “yashil energetika”ga o‘tish  bugunning dolzarb masalalaridan biridir. Bu borada ham kombinatda samarali ishlar olib borilmoqda. Xususan,  Olmaliq kon-metallurgiya kombinati korxonalarida, jumladan, Ijro apparatida 350 kVt, Elektr tarmoqlari boshqarmasida 250 kVt, OKMK Tibbiy-sanitar qismida 150 kVt.li fotoelektr stansiyalari o‘rnatilib ishga tushirilganini alohida ta'kidlash joiz.

2023-yilning 11 oyi davomida o‘rnatilgan quyosh elektr stansiyalari tomonidan 593 140 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Joriy qilingan fotoelektr stansiyalar tomonidan bugungi kunga qadar 593 140 kVt/soat elektr energiyasi iste'moli qoplandi. Bu esa korxonalardagi 593 mln. so‘m miqdordagi mablag‘larni tejashga xizmat qildi.

Yaqin kelajakda loyiha quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasini qurish va uni 110 kV taqsimlash tarmog‘iga integratsiyalash loyihasi amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu loyiha har bir korxonaga ushbu “yashil energiya”dan foydalanish imkonini yaratadi.

So‘nggi yillarda kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalarda ham energetika sohasi xodimlarining ulushi beqiyos. Xususan, “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish loyihasi doirasida barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi hamda “Yoshlik” va Qalmoqqir konlarini elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida, mamlakatimizda ilk bora 500\110\10 kV kuchlanishli raqamli nimstansiya qurildi.

O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan, barcha ilg‘or texnologik uskunalari bilan jihozlangan ushbu nimstansiyaning barqaror ishlashida ham biz kombinat energetiklarining boy ish tajribalariga ishonamiz va suyanamiz.

Fursatdan foydalanib, shahrimiz aholisi va kombinat ishchi-xodimlari nomidan sizlarning mas'uliyatli va sharafli mehnatlaringiz uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik tilayman. Mehnatlaringizning zavqli rohatini ko‘rib, hamisha yuzingiz yorug‘ bo‘lsin!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech