Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Aziz ustozlar, muhtaram o‘qituvchi va murabbiylar!
Sizlarni, kasb bayramingiz, 1-oktyabr - o‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabriklayman!
“Sen odamlarga bir yil yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang bug‘doy ek, umr bo‘yi yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang ta'lim-tarbiya ber” degan naql bor xalqimizda. Qachonki ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meroslarni eslaganimizda ota-onalarimiz qatori biz uchun eng yaqin bo‘lgan yana bir buyuk zot – ustozlarning olijanob mehnatini hurmat bilan tilga olamiz. Har kim yoshidan, mavqeidan, darajasidan qat'iy nazar, saboq bergan inson oldida mudom ta'zimda.
Bugun mamlakatimizda olib borilayogan islohotlarda Sizlarning o‘rningiz beqiyos. So‘nggi yillarda o‘qituvchilarning, ustoz va murabbiylarning mavqeini oshirish, maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish, zamon standatlari asosidagi innovasion o‘quv dargohlari va Prezident maktablarini tashkil etish, nodavlat ta'lim xizmatlari sohasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi kelajagimiz bo‘lgan yosh avlodni bilimli va yetuk bo‘lib voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan maktabgacha ta'lim tashkilotlari, shuningdek, 80-son maxsus internat maktab, 6-son ixtisoslashtirilgan yordamchi maktab, Piskent tumanidagi maktab-internat, Angren shahridagi maktab-internati kabi muassasalar va ularning tarbiyalanuvchilarining faoliyat va yashash sharoitiga katta e'tibor qaratib kelinadi. Jumladan, joriy yilda Olmaliq shahridagi 33-sonli “Ertak” maktabgacha ta'lim tashkiloti kombinat tomonidan to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Kombinatda “Ustoz-shogird” uslubi samarali yo‘lga qo‘yilgan. Bunda yosh mutaxassislar tajribali ustozalar yordamida o‘z bilim va malakalarini oshirib borishadi. Zamonaviy muhandislik maktabining tashkil etilishi esa mutaxasisslarni xorij tajribasi asosida o‘qitish imkonini beradi. Kombinat va dunyoning yetakchi oliygohlari bilan ta'lim sohasida o‘rnatilayotgan o‘zaro manfaatli hamkorlik doirasida Germaniyaning Frayberg texnika universiteti Konchilik akademiyasi Tog‘-kon instituti bilan mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. “GP Günter Papenburg AG” kompaniyasi (Germaniya), Yaponiyaning Akita universiteti professor-o‘qituvchilari kombinatga tashrif buyurishib, kadrlarni tayyorlashga qiziqish bildirishdi.
Hurmatli xalq ta'limi xodimlari, murabbiylar, faxriylar, ustozlar! Ta'limni sanoatga integratsiya qilish borasida amalga oshirayotgan ishlarimizni bundan keyin ham davom ettiramiz va, ishonamizki, bu yaqin kelajakda o‘z mevasini beradi.
Sizlarni yana bir bor kasb bayramingiz bilan tabriklab, zahmatli mehnatingizda muvaffaqiyatlar, yuksak natijalar va ijodiy yutuqlar tilab qolaman!
Sizga va yaqinlaringizga baxt-saodat, sihat-salomatlik va farovonlik yor bo‘lsin!
Abdulla XURSANOV,
“Olmaliq KMK” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, senator