• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mis eritish zavodi tashkil topganligining 60 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi

14 Dekabr 2023, 9:29 922

Hurmatli metallurglar, aziz mehnat faxriylari!

Sizlarni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining mis eritish zavodi tashkil etilganining 60 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman!

Kombinatimizning yuragi bo‘lgan mis eritish zavodining tarixi 1958-yil 17-maydan, ya'ni zavodni bunyod etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlanadi.

Shundan besh yil o‘tib, quruvchilarning jasoratli mehnati tufayli, 1963-yil 25-noyabrda yallig‘ qaytarish pechi qizdirish uchun yoqildi. 31-dekabr kuni soat 13:30 da esa ilk marotaba metall eritildi va birinchi mahsulot olindi.

Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab, mis eritish zavodini rivojlantirishga katta e'tibor qaratildi va kombinatda sof oltin va kumush ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga kirishildi.

1991-yil 24-dekabrda zavodda ilk bor sof kumush olindi. Oradan ikki kun o‘tib, Olmaliqning birinchi sof oltini namoyish qilindi. 1992-yil may oyida zavodning affinaj bo‘limi loyiha quvvatlarida ishlay boshladi. Oradan to‘rt yil o‘tib, London rangli metallar assotsiatsiyasi kombinatda yuqori sifatli kumush ishlab chiqarilishini rasman tan oldi. 1996-yilda London rangli metallar birjasi kombinat kumushiga “Eng yaxshi yetkazib beruvchi” maqomini berdi.

Mana shu o‘tgan davr mobaynida mis eritish zavodi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati texnologik ishlab chiqarish zanjirining yakuniy hal qiluvchi va eng muhim tarkibiy bo‘linmasiga aylandi.

Bugungi kunda mis eritish zavodi yiliga 148 ming tonnadan ziyod mis katodi, oltin, kumush, texnik selen, texnik tellur, emallangan mis simlari, ammoniy perronati, sulfat kislotasi, kuydirilgan molibden yarim tayyor mahsuloti ishlab chiqaradi.

2017-yildan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbusi bilan kombinatning yangi tarixi boshlandi. Kombinat quvvatlarini bir necha karra kengaytirish hamda amalga oshirilayotgan ushbu jarayonlarda mis eritish zavodining mehnat jamoasi faol ishtirok etmoqda.

Oldimizda turgan ustuvor vazifalar, ya'ni yiliga 200 mln tonnadan ortiq ma'danni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan 3-, 4- va 5-Mis boyitish fabrikalari, mis mahsulotlari ishlab chiqarishni yiliga 500 ming tonnaga yetkazishni nazarda tutgan yangi metallurgiya majmuasi qurilishida metallurglar so‘zsiz muhim rol o‘ynamoqda.

Ushbu obyektlarning barpo etilishi nafaqat mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini oshirishga, balki atrof-muhitga chiqarilayotgan chiqindi gazlar miqdorini sezilarli darajada kamaytirishga ham qaratilgan.

E'tiborlisi, kombinat metallurglarining ulug‘vor mehnat an'analari bugungi kunda ham davom etmoqda. Zavodda Shodmonovlar, Dadakovlar, Imomnazarovlar, Nurmatovlar, Kondratyevlar sulolalari metallurg kasbini sharafli a'nanalarini bugun ham sadoqat ila davom ettirishmoqda.

Aziz hamkasblar, qadrli metallurglar, olovli pechlar oldida turib Siz tomondan qo‘lga kiritilayotgan mehnat zafarlaringiz mamlakatimiz iqtisodiy qudratini oshirishga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilmoqda. Siz tomondan ishlab chiqarilayotgan oltin va kumush xalqimiz farovon hayotini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Hurmatli metallurglar, Sizlarni qutlug‘ ayom bilan yana bir bor tabriklar ekanman, barchangizga mustahkam sog‘liq, oilangizga tinchlik-omonlik, mehnat faoliyatingizda bundanda yuksak yutuqlar tilayman!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”

aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech