• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 71) 619-23-33
  • Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 71) 619-23-33

Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!

20 Mart 2025, 11:22 303

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xodimlari, mehnat faxriylari, aziz olmaliqliklar!

Ona diyorimizga barchamiz orziqib kutgan, go‘zal va dilbar fasl - Navro‘zi olam kirib kelmoqda.

Ushbu ulug‘ ayyom - sharqona yangi yil bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!

Bu yilgi Navro‘z umumxalq bayrami davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida keng nishonlanmoqda.

Albatta, bu ona zaminga mehr va e'tiborni ifoda etadigan, bugungi tinch va osuda hayotimizni qadrlab, shukronalik, mehr-oqibat tuyg‘usi bilan yashashga undaydigan ta'sirchan mazmun kasb etadi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat ahli ham ushbu bayramni har yilgidanda o‘zgacha – mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va aholi farovonligini oshirishga yo‘naltirilgan ustuvor vazifalarni samarali ado etgan holda ko‘tarinki ruhda kutib olmoqda.

Joriy yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb atalishi Navro‘z bayramiga o‘zgacha shukuh bermoqda. Bunda ekologiyani yaxshilash, ko‘kalamzorlashtirish Olmaliq shahri aholisi uchun katta ahamiyatga ega.

Shundan kelib chiqqan holda “Yashil makon” va “Yashil belbog‘” milliy dasturlari doirasida kombinat tasarrufidagi hududlarda bog‘lar yaratish, atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida atmosferaga tashlanmalarni kamaytirish, suv resurslaridan samarali foydalanish, ishlab chiqarish korxonalarida yuqori quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish kabi ishlarimiz o‘zining yuqori bosqichiga chiqib bormoqda.

Bu amallarimiz mamlakatimizda ekologik barqarorlikka erishish, “yashil iqtisodiyot” va “yashil rivojlanish” modeliga o‘tish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarga hamohangdir.

Biz bugun xalqimiz farovonligini mustahkamlash yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqdamiz. Oldimizga yuksak vazifalarni qo‘yib, uning bajarilishi yo‘lida hamjihatlikda harakatlar olib boryapmiz. Jumladan, 3-Mis boyitish fabrikasini, Rux zavodida 6-Sulfat kislotasi sexini ishga tushirish, Yangi metallurgiya majmuasi va 4-Mis boyitish fabrikasi, yangi Ohak zavodi, kislorod stansiyasi va boshqa obyektlar qurilishini jadallashtirish shular jumlasidandir.

Bayram kunlarini yanada fayzli o‘tkazish uchun ijtimoiy muassasalarda xayriya tadbirlari uyushtirilmoqda, ijtimoiy himoyaga muhtoj va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga saxovat ko‘rsatilmoqda. An'anaga muvofiq, mehnat faxriylari uchun bayramlarni tashkillashtirish, shahrimizni ko‘kalamzorlashtirish ishlarini davom ettirib, hamshaharlarimiz bilan Navro‘z shodliklarini birga baham ko‘ramiz.

Bu yilgi Navro‘z faslining muqaddas Ramazon oyida nishonlanishi insonlarni qadrlash va mehr-muruvvat ko‘rsatishga yanada undamoqda. Bunday pallalarda keksa avlod vakillari - Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama e'zozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish va xayriya tadbirlarini o‘tkazish bizning burchimizdir. 

Fursatdan foydalanib, Sizlarni ana shu tabarruk bayram bilan chin qalbimdan tabriklayman. Jamiki xayrli amallarimiz qabul bo‘lib, ezgu va pok niyatlarimiz ijobat topsin.

Ushbu betakror lahzalarda har bir kun, har bir soatni g‘animat bilib, fidokorona mehnat qilayotgan kombinatning barcha xodimlariga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Har biringizga yurtimiz ravnaqi, iqtisodiyotimiz rivoji yo‘lida qilayotgan munosib xizmatingiz uchun chin yurakdan tashakkur aytaman.

Qalblarda mehr-oqibat, yaxshilik va birdamlik kabi ezgu amallarni uyg‘otadigan Navro‘z umumxalq bayrami bilan yana bir bor tabriklayman!

Navro‘z sizlarga baxtu saodat, yurtimizga tinchlik va farovonlik olib kelsin!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

Text to speech

Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:

Matn xato bilan:

Sizning izohingiz yoki to`gri versiya:

Close menu