Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yuksak ehtirom ila

08 May 2026, 13:8 101

Aziz urush va mehnat fronti faxriylari, ishlab chiqarish sohasi fidoyilari, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati jamoasi! Qadrli olmaliqliklar!

9-may - Xotira va qadrlash kuni asrlar davomida ona yurtimizning ozodligi va mustaqilligi, xalqimizning tinch va farovon hayoti yo‘lida jon fido etgan, matonat va jasorat namunasini ko‘rsatgan vatandoshlarimiz xotirasiga bag‘ishlangan muqaddas kundir.

Biz buyuk iroda, matonat va Vatanga sadoqat timsoli bo‘lgan urush faxriylariga chuqur ehtirom va samimiy mehr bilan murojaat qilamiz. Ularning buyuk jasorati abadiy ravishda biz uchun ma'naviy mezon, o‘tmish va kelajak oldidagi mas'uliyat ramzi bo‘lib qoladi. Shuningdek, tinchlik yillarida halol va fidokorona mehnati bilan mamlakatimiz iqtisodiy va sanoat salohiyatini barpo etgan mehnat faxriylariga ham alohida ehtirom izhor etamiz.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati jamoasi uchun bu so‘zlar alohida mazmunga ega. Unda butun bir taqdirlar, mehnat yo‘llari, ibratli hayotlar mujassam. Biz ularning nomlarini korxona tarixida, oilaviy xotiralarda, kattalarga hurmat va kasbga sadoqatda asrab-avaylaymiz. Ana shu avlodlar tomonidan barpo etilgan halol mehnat, mas'uliyat va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash an'analari bugun ham bizning umumiy ishimiz poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu qadriyatlar kombinat ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, jumladan, har biri 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega 3- va 4-Mis boyitish fabrikalarini barpo etish, quvvati yiliga 300 ming tonna mis katodi ishlab chiqarishni tashkil etuvchi yangi metallurgiya majmuasini qurish kabi ulkan vazifalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xotira - faqat kitoblar, filmlar yoki yodgorliklarda emas. U - bizning qalbimizda, oilamizda, kundalik ishlarimizda, bir-birimizga va Vatanga munosabatimizda yashaydi. Ayniqsa, yosh avlod bu tarixni nafaqat bilishi, balki uni his qilishi, tinchlik, hamjihatlik va inson qadrining haqiqiy bahosini anglashi nihoyatda muhimdir. Bugun keng yo‘lga qo‘yilgan “Uch avlod uchrashuvlari” ana shu ma'naviy ko‘prikni mustahkamlab, katta avlodning tajribasi va hikmatini yoshlarga yetkazmoqda.

Bugungi kunda dunyo turli sinovlar va beqarorliklar girdobida. Тurli hududlarda yuzaga kelayotgan mojarolar tinchlikning naqadar nozik va bebaho ne'mat ekanini yana bir bor anglatmoqda. Bunday sharoitda mamlakatimizning yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va hamkorlikka asoslangan siyosati alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston tinch taraqqiyot tarafdori sifatida muloqot va barqarorlikka qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, mintaqada ishonch va xavfsizlikni mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Bizning umumiy burchimiz - katta avlod jasoratini asrab-avaylash, uni kundalik mehnatimizda, ta'limimizda va amaliy ishlarimizda munosib davom ettirishdir. Har bir ezgu amal, har bir halol mehnat - ana shu muqaddas merosga sadoqat ifodasidir.

9-may - inson qadri ulug‘lanadigan, qalblarimizga ma'no va nur bag‘ishlaydigan ulug‘ kundir. Bu kunda insonlar yaqinlarini yod etadi, kattalardan xabar oladi, ularga ehtirom ko‘rsatadi. Bizga hayot yo‘lini ko‘rsatgan, qiyin va quvonchli damlarda yelkadosh bo‘lgan, kasbga muhabbat va hayotga ishonch bag‘ishlagan insonlarni yaxshi so‘z bilan eslash, ularni ziyorat qilish - bugungi minnatdorligimizning eng samimiy ifodasidir.

Bizga tinch osmon, farovon hayot va kelajak qurish imkonini yaratgan barcha insonlar oldida bosh egamiz. Biz bu muqaddas xotirani asrab-avaylab, o‘z mehnatimiz va amallarimiz bilan uni munosib davom ettiramiz, jamiyatimizda tinchlik, hamjihatlik va bunyodkorlikni mustahkamlaymiz.

Har bir xonadonda tinchlik, mehr va ertangi kunga ishonch hukm surishini tilayman! Avlodlar jasorati va bunyodkor mehnati haqidagi xotira bizni birlashtirsin, kuch-quvvat bag‘ishlasin va yangi zafarlar sari yetaklasin!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech