• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Siz xalqimizning haqiqiy qahramonlarisiz!

07 May 2022, 17:11 1848

Hurmatli Ikkinchi jahon urushi faxriylari, mehnat fronti ishtirokchilari!

Shu kunlarda xalqimiz ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 77 yilligini hamda 9 may - Xotira va qadrlash kunini keng nishonlamoqda. Bugun biz bilan yonma-yon turib, barchamizga ma'naviy ibrat bo‘lib kelayotgan muhtaram urush qatnashchilarini va front ortida mehnat qilib, g‘alabaga katta hissa qo‘shgan faxriylarimizni ana shu qutlug‘ sana bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Inson jasoratini yod etish va uni qadrlash bebaho ma'naviy boylik, shu bilan birga ezgu qadriyatdir. Prezidentimiz va mamlakatimiz hukumati yurtdagi tinchlik va osoyishtalikni, millatlararo totuvlikni, hamjihatlikni ustuvor deb biladi, vatanparvarlikni oliy qadriyat sifatda baholaydi. Xalqimiz ruhiyatiga singib borayotgan bu jihatlar nuroniylarga ko‘rsatilayotgan e'tibor va g‘amxo‘rlikda  ham namoyon bo‘lmoqda.

Respublikamizda ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga, front orti mehnat faxriylariga, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a'zolariga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatish an'anaga aylandi. Faxriy keksalar holidan xabar olinib, ularning uy-joylari ta'mirlanib, obodonlashtirilmoqda. Ushbu sana munosabati bilan ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining pul mukofoti tantanali ravishda topshirilayapti.

Bu kabi xayrli tadbirlar faxriylarimiz uchun nafaqat moddiy ko‘mak, shu bilan birga ma'naviy-ruhiy dalda bo‘lmoqda.

Bu ezgu amallarga hamohang holda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati shahrimizdagi 3 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga, 34 nafar urush orti mehnat fronti ishtirokchilariga hamisha g‘amxo‘rlik qilib kelmoqda.

Kuni-kecha Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilariga kombinat tomonidan ajratilgan 5 million so‘m, mehnat fronti qatnashchilariga 3,5 million so‘mdan bayram sovg‘alari tuhfa etildi. Shuningdek, Afg‘on urushi va Chernobil AES falokatlarini bartaraf etishda ishtirok etganlar hamda yolg‘iz va kam ta'minlangan OKMK mehnat faxriylari ham e'tibordan chetda qolmay, ularga oziq-ovqat jamlamalari hadya etilmoqda.

“Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan keksalar holidan xabar olinib, bayram dasturxoni yozilib, konsert dasturlari tashkil etilayapti.

Bugun tirik tarix bo‘lgan bu nuroniy otaxonu onaxonlarga e'tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, faxriylarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham e'tiborimiz markazida bo‘lib qolaveradi.

Muhtaram faxriylar!

Siz, azizlarni biz xalqimizning haqiqiy qahramonlari, deb bilamiz va sizlar bilan cheksiz faxrlanamiz! 

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ko‘p millatli ahil mehnat jamoasi nomidan barchangizning qahramonligingiz, fidokorona mehnatingiz uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Sizlarga, oilangizga, farzandu nabiralaringizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va farovonlik tilayman!

Yurtimiz tinch, xalqimiz farovon bo‘lsin!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech