• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Siz jasorat timsolisiz!

08 May 2024, 13:49 632

Hurmatli ikkinchi jahon urushi faxriylari, front orti ishtirokchilari, qadrli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat faxriylari va olmaliqliklar!

Sizlarni 9 may - Xotira va qadrlash kuni, shuningdek ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G‘alabaning 79 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!

Ushbu ulug‘ ayyom barchamiz uchun g‘oyat ahamiyatli va qadrlidir. Shu kuni biz urush maydonlaridan qaytmagan ota bobolarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egamiz, bugun hayot gashtini surayotgan muhtaram faxriylarimizga ta'zim qilamiz. Hozirgi tinch-osoyishta hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun ularga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.

Yurtimizda urush qatnashchilariga, front orti mehnat faxriylariga, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot organlari xodimlarining oila a'zolariga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash doimiy e'tiborda bo‘lib kelmoqda.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ushbu xayrli tadbirlar a'nanaga aylangan. Bu yil ham nuroniylar holidan xabar olinib, ularning uy-joylari ta'mirlanib, obodonlashtirildi. Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan oziq-ovqat jamlanmalaridan iborat bayram tuhfalari tarqatilmoqda. “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan keksalar uchun bayram dasturxoni yozilib, konsert dasturlari tashkil etilayapti.

Ayni vaqtda halol va fidokorona mehnatimiz bilan mamlakatimiz qudratini kuchaytirishga hissamizni qo‘shmoqdamiz. Uning iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlash, istiqbollarini kengaytirish faoliyatimiz mazmuniga aylangan. Xotira va qadrlash kuni - bu o‘zining mehnat yutuqlari va qahramonliklari bilan davlatimiz mustaqilligining tarixiy solnomasiga yangidan-yangi zafar zarlavhalarini kiritayotgan mehnat jamoamizning ham bayramidir.

Bu yilgi bayram faxriylarimizga yanada katta hurmat va ehtirom bilan nishonlanmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoniga binoan har bir urush faxriysi va nogironiga bayram munosabati bilan 20 million so‘m miqdorida moddiy yordam berildi. OKMK rahbariyati ham bu ezgu an'anga hamohang tarzda Olmaliq shahrida istiqomat qilib kelayotgan urush faxriylariga o‘z moliyaviy ko‘magini aymaydi. Afg‘on urushi va Chernobil AES falokatlarini bartaraf etishda ishtirok etganlar hamda yolg‘iz va kam ta'minlangan mehnat faxriylari ham e'tibordan chetda qolmaydi.

Jasorat namunalari bo‘lgan hamshaharlarimiz xotirasini yod etish, jang maydonlaridan omon qaytgan bobolarimizga, front ortida og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan ajdodlarimizga mehr-oqibat ko‘rsatish tom ma'noda ezgu amalimiz bo‘lib qoladi. Chunki ular biz uchun doimo jasorat timsolidir!

Fursatdan foydalanib, barcha faxriylarimizni, kombinat mehnatkashlarini va olmaliqliklarni ushbu qutlug‘ bayram bilan chin yurakdan tabriklayman!

Barchangizga sog‘lik-omonlik, farovonlik va oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik tilayman!

Ertangi kunimiz yorug‘, osmonimiz doimo musaffo bo‘lsin!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Senatori

Bo`lishmoq:
Text to speech