• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Siz bizga cheksiz kuch va madadsiz!

07 Mart 2024, 14:41 941

Aziz hamkasb opa-singillar, muhtarama ayollar!

Sizlarni 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Yurtimizga yasharish va yangilanish fasli - bahor kirib kelayotgan pallalarda Siz mehribon onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimiz sha'niga eng go‘zal so‘zlarni aytishimiz tabiiydir.

Mehridaryo qalbingiz, aql-zakovatingiz, sevgi va sadoqatingiz uchun sizlardan bir umr qarzdormiz. Biz sizlarni eng avvalo, fidoyilik timsoli deb bilamiz.

Yangi O‘zbekistonni barpo etishda, Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashda buyuk murabbiylik fazilatiga ega bo‘lgan siz aziz opa- singillarimizga tayanamiz. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining istiqbolli ertasi yo‘lida beqiyos hissa qo‘shayotganingizni yuksak qadrlaymiz.

Bugungi kunda kombinatimizda 8 ming nafardan ortiq ayollarimiz fidokorona mehnat qilayotgan bo‘lishsa, ularning 189 nafari rahbar-xodimlar, 2939 nafari yosh mutaxassislar, 3 nafari olimalardir.

Vatanimiz va kombinatimiz oldidagi munosib xizmatlari uchun ayollarimizdan 18 nafari davlat mukofotlari bilan, 163 nafari “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishgan. Bunday jonkuyar opa-singillarimizni Yangi O‘zbekistonning oltin fondi, desak har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.

Mutaxassisligi bo‘yicha besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan 21 nafar xotin-qizlarimiz alohida kvota asosida oliygohlarda o‘qishmoqda. O‘tgan yilning o‘zida 26 nafar ayollarimizga salomatliklarini tiklashlari uchun kombinat hisobidan 257 mln 050 ming so‘m ajratildi. O‘zbekiston va OKMK sanatoriylarida 2000 nafardan ziyod ayol ishchi-xodimlarimiz sog‘lomlashtirildi.

Xabaringiz bor, kombinatimizda Xotin-qizlar va gender tenglik bo‘yicha Maslahat kengashi yangicha mazmunda faoliyat ko‘rsatmoqda. Kengash tarkibiga har sohada faol bo‘lgan, ayollarning muammolarini hal etishga ko‘maklashadigan bilimdon va tashabbuskor xotin-qizlar birlashgan. Bugungi kunda bu tuzilma ayollarimizning chinakam tayanchi va suyanchiga aylangan.

Bugungi bahor va nafosat ayyomi kunida o‘z sohasida ibratli natijalarga erishgan, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh hurmatli ayollarimizni “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, Faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirilishi bilan samimiy qutlayman.

Bayram arafasida kombinatning barcha mehnatkash xotin-qizlari hamda ikkinchi jahon urushi va urush orti mehnat fronti ishtirokchilari bo‘lgan tabarruk onaxonlarimizga mukofot puli to‘lanishi fidoyi, mehnatkash opa-singillarimizga bo‘lgan e'tibor va e'tirofdan dalolatdir.

Bugungi kunda biz o‘z oldimizga yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo qilish va eng zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish evaziga mamlakatimiz iqtisodiy o‘sishiga munosib hissa qo‘shishdek ulkan vazifalarni qo‘yganmiz.

Bu sharafli yo‘lda bizga cheksiz kuch va madad beradigan muhtarama mehnatkash ayollarimiz, aziz opa- singillarimiz bor ekan, ko‘zlagan ulug‘ maqsadlarimizga albatta yetamiz.

Barchangizga mas'uliyatli va sharafli mehnat yo‘lingizda mustahkam sog‘liq, kuch-quvvat, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayz-u baraka tilayman. Doimo Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz tinchligi va farovonligi yo‘lidagi mehnatlaringizning zavqli rohatini ko‘rib yuring!

Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ayollar!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech