• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Biz kelajakni bunyod etyapmiz

30 Dekabr 2021, 16:56 2680

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining mehnatkashlari, qadrli mehnat faxriylari, hamshaharlar!

Muhim voqealarga boy bo‘lgan, ular orasida diqqatga molik va mas'uliyatlisi - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazilgan yil o‘z poyoniga yetib borayapti. Saylov natijalari O‘zbekiston xalqi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, jamiyat hayotining barcha jabhalarini yangilash, Yangi O‘zbekistonni qurish harakatlarining to‘liq qo‘llab-quvvatlanishini ko‘rsatadi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lgan kombinat mehnat jamoasi uchun 2021-yil ancha samarali va muvaffaqiyatli bo‘ldi. Har bir mehnatkash uchun muhim voqelik - kombinatning kelgusida rivojlanishi va istiqbollarini belgilab bergan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 29-iyul hamda 22-dekabr kunlaridagi tashriflari bo‘ldi. 29-iyulda mamlakatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish investitsion megaloyihasi doirasida 3-Mis boyitish fabrikasining qurilishiga start berdi.

Yangi yil arafasida, 22-dekabr kuni davlat rahbari shaxsan o‘zi mazkur megaloyiha ijrosining borishi, shuningdek, shaharda ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning har bir olmaliqlikning hayotiga ta'siri bilan tanishib chiqdi.

Mamlakatimiz hukumatining doimiy qo‘llab-quvvatlashi va jamoaning ahilligi, yelkadoshligi evaziga ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi ortishi qayd etildi. Jumladan, so‘nggi besh yil – 2017-yildan 2021-yilgacha bo‘lgan davrda ishlab chiqarish bir necha barobarga o‘sdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi joriy yilda 30,6 trln. so‘mni yoki bashoratga nisbatan 117,1%ni tashkil qildi, barcha maqsadli ko‘rsatkichlar bajarilishiga muvaffaq bo‘lindi. Kutilayotgan toza daromad 5 trln. 100,2 mlrd. so‘mni, davlat byudjetiga to‘lovlar 14,2 trln. so‘mni tashkil etdi.

OKMKning asosiy mahsuloti - mis ishlab chiqarish so‘nggi 5 yilda 135%ga ortib, joriy yilda 148,5 ming tonnani tashkil qilmoqda. Yil yakuniga kelib oltin va kumush ishlab chiqarish hajmi 117,2% va 162,4%ni muvofiq ravishda ko‘rsatdi. Shuningdek, o‘tayotgan yilda 90 ming tonna rux, 2,2 mln. tonna portlandsement, 785,3 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarildi.

E'tirof bilan ta'kidlash lozimki, biz eksport yo‘nalishida a'lo ko‘rsatkichlarga erishdik. Eksportning amaldagi miqdori bashorat qilingan 840 mln. 398 ming AQSh dollari o‘rniga 1 mlrd. 100,0 mln. dollarni tashkil qilib, bu yutuq bilan kombinat o‘zining tarixiy rekordini o‘rnatdi.

Mahalliylashtirish Dasturiga asosan, joriy yilda 211,5 mlrd. so‘mga teng mahsulotlar ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan besh yilga nisbatan 6,3 marta ko‘pdir.

Ushbu yilda investision loyihalar ijrosi yo‘lida katta hajmdagi ishlar olib borildi. “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish ishlari yuqori sur'atlarda amalga oshirilmoqda. 2021-yilning 20-dekabr holatiga ko‘ra, bajarilgan yer ishlarining umumiy hajmi 102 mln. kubometrni tashkil etayapti.

Tog‘-konchilik ishlari olib borilishi uchun 570 ta 415 mln. AQSh dollari bahosidagi texnikalar xarid qilindi.

Loyiha doirasida kon maydonining to‘laqonli faoliyati uchun zarur bo‘ladigan yangi infratuzilma ob'ektlarini qurish bo‘yicha ishlar olib borilayapti. Xususan, temir yo‘llar yotqizilmoqda va stansiyalar tiklanayapti, tog‘-kon transportlari uskunalarini yig‘ish va ta'mirlash sexi bunyod etilmoqda. Quvvati 650 megavattli energetika tizimi qad rostlayapti.

3-MBFning bunyod etilishi olamshumul qurilish bo‘lib qoldi. Mazkur ob'ekt Rossiya Federatsiyasi rivojlanish korporatsiyasi VEB tomonidan moliyalashtirildi. RF tomonidan davlat kafolatlarisiz imtiyozli shartlarda 712 mln. yevro(824,3 mln. AQSh dollari) kredit mablag‘lari ajratildi.

Bir vaqtning o‘zida OKMKning asosiy ishlab chiqarishlarini modernizasiyalash va rekonstruksiya qilish olib borilmoqda. Uning evaziga uskunalar ish quvvatlari oshirilishiga erishgan holda sezilarli mikdorlarda yonilg‘i- energetika manbalari iqtisod qilinadi, ishlarni xavfsiz olib borilishi va mehnat sharoitlari yaxshilanishiga muvaffaq bo‘linadi.

Kombinat mehnatkashlarining farovonligini yanada oshirish borasida ishlar davom ettirib borildi. Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi tufayli davom etayotgan cheklovlarga qaramasdan, Jamoa shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar bajarilishiga erishilmoqda.

Yil davomida ish haqlari umuman olganda 20 foizga oshirildi, xodimlarning yillik mehnatlari uchun har oylik to‘lovlar miqdori oshirildi, 2020-yil yakunlariga ko‘ra, kasb bayrami munosabati bilan va mustaqillik bayramiga mukofotlar to‘landi, 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuniga OKMKning barcha ayollari pul mukofotlarini olishdi.

Yozgi mavsumda kombinatning barcha sog‘lomlashtirish oromgohlari faoliyati tashkillashtirildi. To‘liq rekonstruksiya qilinganidan so‘ng, Olmaliqda sanatoriy-profilaktoriy faoliyatini boshladi, u yerda davolanish va dam olish eng yuqori talablarga javob beradi. Kombinat mehnatkashlari uchun o‘ziga xos loyiha asosida sakkizta 16 qavatli uylar qurilishi boshlab yuborildi.

Joriy yilda kon-metallurgiya sanoatining ishlamayotgan faxriylariga alohida e'tibor qaratildi. Ularning ijtimoiy himoyasi va ular muammolarini hal etish maqsadida mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan Kengash va uning filiali Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bazasida tashkil etildi.

Bugun bizning oldimizda davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan kombinatni rivojlantirish istiqbollariga yo‘naltirilgan ulkan vazifalar turibdi. Jumladan, misni chuqur qayta ishlash klasterini tashkil etish va yuqori qo‘shilgan qiymatdagi mis mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatlari va hajmlari kengayib boradi. Yana ikkita boyitish fabrikalari hamda mis eritish zavodi, mashinasozlik zavodlarini qurish rejalarga kiritilgan. Fan va ishlab chiqarishning integratsiyasiga alohida ahamiyat qaratiladi, bu maqsadlarga Olmaliqda faoliyat yuritayotgan oliy o‘quv yurtlari jalb etiladi. Yangi ishlab chiqarishlar yuqori malakali ishchilar va mutaxassislarga ehtiyoj sezadi, bu ham birinchi galdagi ustuvor vazifalarimizdan biri hisoblanib, uning yechimi ustida ayni kunlarda ishlar olib borilmoqda.

Bugunga kelib ko‘plab yo‘nalishlarda ishlar amalga oshirilmoqda, ularning har biri korxonamizning uzoq yillar davomidagi kelgusi faoliyatiga asos o‘rnatishi shubhasiz. Bu jihat ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxi, sanoat xavfsizligi borasida ishlarni tubdan yaxshilash, yangi ishlab chiqarish bosqichidagi kengayib borayotgan sanoatda xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilishiga ham taaluqlidir.

Oldimizga keng qamrovli vazifalar qo‘yilgan, ularni bizning professional jamoamiz uddalashi uchun kuch va salohiyatga egadir. Va bugungi imkoniyatdan foydalanib, kombinatning barcha mehnatkashlariga umumiy faoliyatimizdagi halol va matonatli mehnatlari uchun tashakkur bildiraman.

Biz yangi yil ostonasida turibmiz. Har birimiz yangi orzular, umid va ehtiroslarimizni shu pallalar bilan bog‘laymiz. Yangi yil arafasidagi shu nurli kunlarda dunyo yana ham mehr-muhabbatli, baxt va omad har bir xonadon, har bir oilaga tashrif buyurishiga shaksiz ishonamiz.

Yangi yilda barcha ezgu orzularimiz amalga oshsin, jamiki boshlagan ulug‘ ishlarimizga omad yo‘ldosh bo‘lsin! Yangi yilingiz bilan, qadrli do‘stlar! Baxt, tinchlik va farovonlik Siz va sizning oilangizga hamroh bo‘lsin.

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi

Bo`lishmoq:
Text to speech