• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yangi O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi

07 Dekabr 2023, 15:3 964

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari, aziz hamshaharlar!

Sizlarni ulug‘ tarixiy sana - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Mustaqilligimizning dastlabki yillarida, og‘ir va murakkab bir sharoitda qabul qilingan Konstitutsiyamiz bergan huquq va imkoniyatlar tufayli hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida ulkan yutuqlar va natijalar qo‘lga kiritildi.

So‘ngi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda xalqimizning ishtiroki hamda fuqarolar tomonidan bildirilayotgan fikr-mulohazalarining ahamiyati har tomonlama ortib bordi. Jamiyat va davlat boshqaruvida inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqchil siyosatning mutlaqo yangi tizimi joriy etildi.

Bu o‘z navbatida, shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda ro‘y berayotgan geyosiyosiy vaziyatlarni inobatga olib qonunlarimizni mustahkamlash va Bosh qomusimizni Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi prinsiplariga moslashtirish lozimligini ko‘rsatdi.

Hammaga ma'lumki, joriy yil 30-aprel kuni shu masala bo‘yicha mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan referendum xalqimizning yakdilligini, birdamligini ifodalovchi muhim ahamiyatga ega siyosiy voqelik bo‘ldi. Umumxalq muhokamalari orqali yangilangan Konstitutsiyamiz yangi rivojlanish davri va Uchinchi Renessansning poydevori bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekistonning “dunyoviy davlat” sifatidagi maqomini ham yanada mustahamladi. Buning yorqin misoli – shu yil 7-22 noyabr kunlari Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh assambleyasi navbatdagi 43-sessiyasini 2025-yilda Samarqandda o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekistonning taklifini ma'qulladi. Bu albatta, Yangi O‘zbekiston uchun tarixiy voqeadir!

Qomusimizning hayotbaxsh qudratiga tayanib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida mardona borayotgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham ishchi-xizmatchilarning konstitutsion huquqlarini himoya qilish, yanada munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ayniqsa, mehnat faxriylari, xotin-qizlar, yoshlar, aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yirik investisiya loyihalarini ro‘yobga chiqarishda diqqatga molik ishlar olib borilayapti.

Xususan, kombinatimizda “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish megaloyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda yiliga 60 million tonna ma'dan qazib olish uchun kon to‘liq tayyorlandi, ma'danni dastlabki maydalash va uni fabrikaga transportirovka qiluvchi magistral konveyer liniyasi qurib bitkazildi. Shu bilan bir vaqtda yangi metallurgiya majmuasi qurilishini loyihalashtirish ishlari jadal olib borilmoqda.

Biz yaqinlashib kelayotgan yangi 2024-yil uchun ulkan dastur va rejalarni tuzmoqdamiz. Konstitutsiyamizda belgilangan ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, aholi farovonligini oshirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha katta-katta vazifalarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz. Bunda, ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, mavjud quvvatlarni kengaytirish, raqobatbardoshlikni oshirish va sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish yo‘lidagi misli ko‘rilmagan ishlarimiz davom ettiriladi.

Ishonchim komilki, biz hamjihatlikda fidokorona mehnat qilib, bu yuksak marralarga albatta erishamiz. Xalqimiz muallifligida ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekistonning Yangi Konstitutsiyasi mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush tarzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Sizlarni Konstitutsiyamizning qutlug‘ bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Xalqimiz tinch, yurtimiz omon bo‘lsin!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK”AJ boshqaruvi raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech