• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yangi yil - istiqbollar timsoli yili!

30 Dekabr 2022, 10:15 2561

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari, aziz olmaliqliklar!

Yana bir yil poyoniga yetdi. Endi uni sarhisob qilish vaqti keldi. Bizning korxonamiz uchun yil boy va samarali bo‘ldi. Ishlab chiqarish masalalari o‘z yechimini topdi, bashorat ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarildi, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi samarasi, yirik daromadlarga erishila boshlandi. Xorijlik hamkorlar bilan mavjud ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, yangi ob'yektlar qurish, kadrlar tayyorlash, ishlayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish borasida ham ko‘plab kelishuvlarga erishildi.

Biz joriy yilda erishilgan natijalar bilan to‘laqonli ravishda faxrlana olamiz. Respublikada yaratilgan shart-sharoitlar, mamlakatimiz hukumati va shaxsan davlatimiz rahbarining har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi, jamoaning fidokorona mehnati tufayli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 2022-yilda deyarli barcha belgilangan ko‘rsatkichlarning ortig‘i bilan bajarilishiga erishdi. Qolaversa, ularning ko‘pchiligi bo‘yicha yillik topshiriqlar muddatidan oldin uddalandi. Xususan, tovar mahsulotlari amaldagi narxlarda 30,2 trillion so‘mlik ishlab chiqarilgan bo‘lsa, katodli mis ishlab chiqarish 148,5 ming tonnani tashkil etdi. 953,5 million dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirildi. Mamlakat byudjetiga soliq to‘lovlari 18,7 trillion so‘mdan oshdi.

2022-yilda rejalashtirilgan deyarli barcha vazifalar ortig‘i bilan amalga oshirildi. OKMKda investitsiya loyihalari, ishlab chiqarishni modernizatsiya va texnik qayta jihozlash, yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish, olingan xom ashyoni chuqur qayta ishlash bo‘yicha katta hajmdagi loyihalar amalga oshirildi. Investitsiya loyihalari doirasida Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi tarkibidagi “Ingichka” volfram konining boyitish fabrikasida sanoat chiqindilarini qayta ishlash boshlandi. Bu volfram konsentratini olish orqali yuqori qo‘shimcha qiymatga ega eksportbop yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Bundan tashqari, korxonamizning yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash, mahsulot tannarxini pasaytirish, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va mahalliylashtirish dasturi hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham barcha ko‘rsatkichlar bajarildi. Bu esa bizga keyingi yilga ishonch bilan qadam qo‘yishimizga imkon beradi.

Kelayotgan 2023-yil biz uchun juda muhim va ko‘p jihatdan hal qiluvchi yil bo‘ladi: sentyabr oyiga qadar “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish bo‘yicha investitsiya loyihasining birinchi bosqichi yakunlanishi hamda  ochiq karyer va yiliga 10 mln tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega 3-Mis boyitish fabrikasining I navbatini qurilish ishlari yakuniga yetkazilishi kerak. 3-MBFning barcha oltita navbatini bosqichma-bosqich ishga tushirish hisobiga kombinatda yiliga 100 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga chiqiladi.

Ayni vaqtning o‘zida 4-MBF qurilishi bo‘yicha loyihalashtirish ishlari olib borilmoqda, 5-MBF loyihasining ishlab chiqilishi ham davom ettirilayapti.

Mis eritish zavodining quvvatlarini oshirish bo‘yicha  ham loyiha ishlari boshlab yuborildi. Bu esa 300 ming tonna katodli mis, 25 tonna oltin va 176 tonna kumush olinishi uchun asos bo‘ladi. Mis ishlab chiqarishni 500 ming tonnaga, oltinni 50 tonnaga va kumushni 340  tonnagacha oshirish loyihalari ham hademay amalda yuz ko‘rsata boshlaydi. Bundan tashqari, yana bir qancha loyihalarimiz ustida ish olib borilmoqda. Xususan, qimmatbaho komponentlar, jumladan, mis xom ashyosi, rangli, qimmatbaho va nodir metallarni chuqur qayta ishlashga yo‘naltirilgan ilmiy ishlanmalar hamda tadqiqotlar davom ettiriladi. Shuningdek, mahalliylashtirish dasturlari, raqamlashtirish dasturlari, mis sanoati klasterini yaratish loyihalari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Agar biz o‘tgan ikki yil korxona kelajagini ko‘proq darajada faqat “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish, mis sanoati klasterini yaratish bilan bog‘lagan bo‘lsak, endi hech qanday mubolag‘asiz samarali ilmiy izlanishlar tufayli OKMK yangi turdagi mahsulotlar olingan yangi davrga qadam qo‘ymoqda. Masalan, dekabr oyining boshida kobalt metalli olindi. Bir oz oldinroq esa, 99,995% yuqori tozalikdagi molibden olish uchun tajribalar o‘tkazildi. O‘zbekiston tarixida ilk bor kombinat olimlari tomonidan “Nikel asosidagi superqotishma” hamda “Polivinilxlorid va plastmassaga tutun hamda olovni bostirish qo‘shimchasi sifatida ammoniy oktamolibdatni sanoatda ishlab chiqarish” ilmiy ishlanmalari yaratilib, ushbu ishlanmalar jahon e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Mazkur ishlanmalar yangi va nanomateriallar bo‘yicha xalqaro simpoziumda eng yaxshi deb topildi.

Jahon ishlab chiqaruvchilarida allaqachon katta qiziqish uyg‘otgan yangi, eksperimental qotishmalarni yaratish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Laboratoriya sharoitida alyuminiy va nikel bilan modifikatsiyalangan yuqori marganetsli po‘latdan allaqachon qotishmalar olingan; yuqori marganetsli po‘lat nikel bilan o‘zgartirilgan holda xrom va molibden asosidagi yangi olovbardoshli quyma temir olindi. Olimlarimiz tomonidan olib borilayotgan ishlarni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati kelajagi asosi sifatida ko‘rish mumkin. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz Parlamenti va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida bir qator vazifalar belgilab berildi. Jumladan, unda elektr energiyasini tejash dolzarbligi va shu munosabat bilan Energiya samaradorligi milliy dasturi qabul qilingani ta'kidlandi. Shu o‘rinda kombinatning “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish va elektr energiyasini tejash borasida olib borayotgan ishlarini alohida ta’kidlamoqchiman. Birgina joriy yilning o‘zida korxonaning ikkita ob'yektida umumiy quvvati 750 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari qurilib, foydalanishga topshirildi. 2023-yil oxirigacha stansiyaning 19 ta ob'yektiga umumiy quvvati 9 MVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatiladi.

Ayni vaqtda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilingan holda 100 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Mazkur stansiyani mavjud elektr tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulash va elektr energiyasini ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirish rejalashtirilgan.

O‘tayotgan yil ko‘plab muhim ijtimoiy va siyosiy voqealar uchun ham ahamiyatli bo‘ldi. Ularning eng muhimlaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlarning umumxalq muhokamasi bo‘ldi. Murojaatnomada bu haqda so‘z yuritar ekan, Prezidentimiz fuqarolarning barcha taklif va istaklari inobatga olinishi va Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga taqdim etilishini ta'kidladi. Bu esa jamiyatimizning demokratik islohotlar yo‘lidagi sobit qadamlari natijasidir

Barcha ishlab chiqarish ishlari bilan bir qatorda ijtimoiy masalalar ham e'tiborimizdan chetda qolmadi. Joriy yilda “Moviy tog‘lar” dam olish maskanini rekonstruksiya qilish nihoyasiga yetkazilib, ma'muriy binolarni kapital ta'mirlash, ma'muriy-maishiy korpuslar va ishchilar oshxonalarini ta'mirlash ishlari davom ettirildi.

Kombinat mehnat jamoasi “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etib, yuz minglab mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazdi. “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” yili davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi ta'minlab kelinayapti. Jumladan, davlat dasturi doirasida Olmaliq shahridagi Tibbiy-sanitar qism va Tug‘ruq majmuasini rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda. 150 o‘ringa mo‘ljallangan “Bahor” mehmonxonasi ta'mirdan chiqarildi. Kombinatning moliyaviy ko‘magi ostida Chodak qishlog‘ida tikuvchilik fabrikasi barpo etilib, ishga tushirildi. Natijada 250 nafar xotin-qizlar ish bilan ta'minlandi, mahallalar rivojiga salmoqli yordam ko‘rsatildi. Kombinat Jamoa shartnomasining barcha bandlari ta'minlandi. Unga ko‘ra ishlamaydigan mehnat faxriylari, yolg‘iz nafaqaxo‘rlar va ijtimoiy ko‘makka muhtojlarga barcha turdagi yordamlar ko‘rsatildi.

Kombinatning istiqbolli yo‘nalishlaridagi faoliyati va mavjud ishlab chiqarishni takomillashtirishga qaratilgan ishlar katta moliyaviy xarajatlarni talab qilishiga qaramay, ishchi-xodimlarni kasb bayrami va Yangi yil bayramlarida, ishchi ayollarimizni Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bir martalik rag‘batlantirish imkoniyatini topdik. Barcha ishchilarga qishloq xo‘jalik mahsulotlari ham ajratildi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati nafaqat ishlab chiqarishda balki sport sohasida ham yuqori marralarni zabt etib kelmoqda. Sportning bir nechta turlari bo‘yicha kombinatning bir qator jamoalari bir necha yillardan buyon g‘alabali odimlarini davom ettirmoqda. Shuni alohida e'tirof etish zarurki, ular kombinat sharafini respublika va xalqaro maydonda munosib himoya qilishayapti. Xususan, joriy yilda gandbol bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoalari, voleybol va basketbol bo‘yicha erkaklar terma jamoalari, ayollar futbol jamoasi va futzalchilar a'lo natijalarga erishdi. Yana bir ahamiyatli jihati AGMK futbol jamoasi uchinchi marotaba Osiyo chempionlar ligasining pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga tarkibiy bo‘limlarimiz xodimlari, OKMK jismoniy tarbiya va sport bo‘limi murabbiylari, tarbiyalanuvchilari - bolalar va kattalar ham pauerlifting, shaxmat, yengil atletika, karate-do, kurash bo‘yicha salmoqli natijalarga erishdilar. Erkin kurash, tennis va boshqa sport turlari bo‘yicha ham respublika, ham xalqaro turnirlarda o‘zlarini har tomonlama ko‘rsata olishdi. Barcha sportchilarni erishgan yutuqlari bilan tabriklayman. Ularning o‘z-o‘zini yuksaltirishga intilishi, shohsupa pog‘onasiga ko‘tarilish imkonini beradigan matonat, iroda va sportchilarga mos bo‘lgan shijoat va iroda ruhiga tan beraman.

Yangi yilda biz nafaqat boshlagan ishimizni davom ettiramiz, balki shu bilan birga Prezidentimiz tomonidan e'lon qilingan “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili”da ijtimoiy sohaga e'tiborimizni yanada kengaytiramiz. Darhaqiqat, ta'limni qo‘llab-quvvatlashga e'tibor qaratish Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi eng katta sarmoyadir. Mohiyatan olib qaraganda, bu - biz bugun qo‘yayotgan xalqimiz kelajagi poydevoridir.

Oldinda ko‘p ishlar turibdi, ko‘plab rejalar amalga oshishi kutilmoqda. Kombinatni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratildi. Bularning barchasi xom xayollar emas, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi bugungi kunda amalga oshirayotgan haqiqiy ishlarning yorqin ifodasidir. Har biringizdan fidoyiligingiz, mehnatdagi matonatingiz, ishga munosabatingiz va kasbiy mahoratingiz uchun o‘z tashakkurimni bildiraman.

Kirib kelayotgan yangi yil bilan qutlar ekanman, Sizga va oilangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, farovonlik tilayman! Eng muhimi - ko‘p millatli Vatanimizda doimo tinchlik va barqarorlik hukm sursin!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech