• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yangi yilda yangi zafarlar sari!

28 Dekabr 2024, 15:45 1152

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari, olmaliqliklar!

Hammamiz orziqib, bolalarcha mo‘'jizalar kutiladigan ayyom - Yangi yil ostonasida turibmiz. Odatda, yil so‘nggida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinadi va kelajak uchun rejalar tuziladi...

Aytish kerakki, o‘tayotgan yil biz uchun chinakam tarixiy yil, shonli voqeliklarga boy bo‘ldi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga navbatdagi tashrifi, Muhandislik maktabi, “Yoshlik I” karyeri va 3-sonli Mis boyitish fabrikasi qurilishi bilan tanishishi hamda 4-MBF qurilishiga tamal toshini qo‘yishi nafaqat kombinatimiz, Vatanimiz tarix zarvaraqlariga unutilmas sana sifatida muhrlandi.

Qolaversa, bu yil jonajon kombinatimiz 75 yoshga to‘ldi. Ushbu sana munosabati bilan biz kombinatimizning mashaqqatli va sharafli o‘tmishi, zalvorli buguni va istiqbolli, yorqin ertasini uyg‘unlashtiruvchi iliqlikni his etdik, mehnat faxriylarimiz, ahil va fidoyi jamoamiz bilan bu ulug‘ sanani keng nishonladik.

O‘tayotgan yilda OKMKning bir qator ishchi-xodimlari mehnatdagi yutuqlari, metallurgiya sanoati rivojiga qo‘shgan munosib hissalari uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlangani barchamizda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Shuningdek, o‘tayotgan yil 70 yilligini nishonlagan 2-sonli Mis boyitish fabrikasi va bundan 60 yil avval o‘z eshiklarini ochgan “Metallurg” madaniyat saroyi uchun ham yubiley yili bo‘ldi.

Kombinatning bir qator mehnat jamoalari fidoyilik bilan mehnat qilib, yillik topshiriqlarni muddatidan oldin bajardi. Ishonch bilan aytaolamanki, OKMK yil davomida barcha rejaviy ko‘rsatkichlarining uddasidan chiqadi. Shuningdek, biz sarhisob yilida ko‘plab yutuqlarga erishdik. Bunga misol tariqasida yangi xom ashyoning texnologik tartibi ishlab chiqilgani hamda “Yoshlik I” konidan rudalarni qazib olish va qayta ishlash boshlanganini keltirib o‘tishim mumkin. Bundan tashqari, uskunalar yetkazib berishda mavjud qiyinchiliklarga qaramay, 3-sonli Mis boyitish fabrikasini ishga tushirish bosqichiga yetdik.

OKMK uchun 4-sonli Mis boyitish fabrikasi va yangi metallurgiya majmuasi qurilishi bo‘yicha ishlarning boshlanishi ham istiqbol ufqlardan dalolat beradi. Mavjud ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, tayyor mahsulot hajmini oshirish va tannarxini pasaytirish, bu orqali tashqi bozorda raqobatbardoshlikni ta'minlash o‘z samarasini bermoqda.

Bu yil “yashil energiyaga” o‘tish borasida ham namunali yil bo‘ldi. Hozirgi kunda kombinatning deyarli barcha tarkibiy bo‘linmalari qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanmoqda. Quyosh panellarini o‘rnatish bilan birga ular o‘zlarining mini GESlarini ishga tushirishni boshladilar. “Tanachi-Bo‘ka” kanaliga gidravlik turbinali generator o‘rnatilishi bu yo‘nalishdagi birinchi qadam bo‘ldi.

“Olmaliq KMK” AJning ijtimoiy majburiyatlariga to‘xtaladigan bo‘lsam, kombinatda ma'naviy-ma'rifiy ishlarga ham katta e'tibor qaratilmoqda, sog‘liqni saqlash, xalq ta'limi sohalarini qo‘llab-quvvatlash, sportchilarni tarbiyalash, Respublika va xalqaro chempionatlarda chempionlar yetishtirishga alohida yondashilmoqda. Xususan, birgina o‘tgan yilning o‘zida kombinatda bolalar uchun futbol maydonchasi va Futbol akademiyasi bazasi, Chodakda tikuvchilik fabrikasi, Oqqo‘rg‘onda bolalar bog‘chasi va turar-joy binosi bunyod etildi, mehnat faxriylari va kam ta'minlanganlar uchun “Nuroniylar maskani” binolari tayyorlandi, ijtimoiy obyektlar va muassasalar rekonstruksiya qilindi. “OKMK” futbol klubi o‘z tarixida birinchi marta O‘zbekiston Superligasi kumush medali sohibiga aylangani va nufuzli “Fair Play” sovrini bilan taqdirlanganini o‘tayotgan yilning eng yorqin yutug‘i sifatida keltirishimiz mumkin.

Bundan tashqari, kadrlar tayyorlash ishlari ham davom ettirilib, O‘zbekiston ta'lim tizimidagi yangi yo‘nalish - OKMK Muhandislik maktabida darslar yo‘lga qo‘yildi. O‘quv jarayonlarida mehnat faxriylari, mamlakatimiz va xorijlik o‘qituvchilar ishtirok etishib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqdalar.

Bir so‘z bilan aytganda, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati zimmasiga yuklangan barcha ishlab chiqarish va ijtimoiy majburiyatlarga mas'uliyat bilan yondashib, mamlakatimiz iqtisodiyotining ishonchli tayanchi bo‘lib kelmoqda va shunday bo‘lib qoladi.

Hurmatli OKMK mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari, aziz olmaliqliklar!

Yangi 2025-yil Prezidentimiz tomonidan “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e'lon qilindi. Darhaqiqat, ekologiyani yaxshilash, ko‘kalamzorlashtirish jamoamiz va Olmaliq shahri aholisi uchun ham katta ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqqan holda “Yashil makon” milliy dasturi doirasida 1,5 million tupdan ortiq ko‘chat ekdik, bu dolzarb va ezgu ishlarni kelgusida ham davom ettiramiz.

Kelgusi yilda bundanda yuksakroq ijobiy natijalarga erishishni umid qilamiz. Jumladan, 3-sonli Mis boyitish fabrikasi Respublikani qo‘shimcha mis bilan ta'minlab, to‘liq ishlay boshlaydi. Rux zavodida 6-sonli Sulfat kislotasi sexining ishga tushirilishi oltingugurt oksidi chiqindilarini atmosferaga chiqishini minimal darajada kamaytiradi. Shu bilan birga yangi metallurgiya majmuasi va 4-sonli Mis boyitish fabrikasi, yangi Ohak zavodi, kislorod stansiyasi va boshqa obyektlar qurilishini jadallashtirish rejalashtirilgan.

Asosiy e'tibor jamoaning ijtimoiy-madaniy rivojlanishi: mehnatkashlar va ularning oila a'zolari salomatligini muhofaza qilish, bolalar va yoshlarni o‘z Vataniga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratiladi. Yuqori malakali kadrlarni qayta tayyorlash va tayyorlash, shuningdek, ilm-fan va innovasiyalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarimiz ham davom ettiriladi.

Hurmatli hamkasblar! Metallurgiya sanoati uzluksiz ishlab chiqarish jarayoni hisoblanadi. Shuning uchun ham minglab hamkasblarimiz yangi yil arafasida o‘z ish joylarida navbatchilik qilishadi, ya'ni ishlab chiqarish sur'atlarini pasaytirmasdan 2025-yilni kutib olamiz.

Biz yangi yilda oldimizga eng yuksak maqsadlarni qo‘ymoqdamiz va ularni albatta uddalaymiz! Yangi inshootlar quramiz va foydalanishga topshiramiz, ulkan loyihalarni amalga oshiramiz, bugungi yoshlar va kelajak avlodlar uchun mustahkam poydevor qo‘yamiz. Yangi yilda yangi zafarlar sari azmu shijoat bilan dadil qadam tashlaymiz!

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining barcha mehnat jamoalariga fidokorona mehnati uchun chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman! Sizning fidoyiligingiz kombinatga rangli metallurgiya bayroqdori unvonini saqlab qolish va ko‘plab sohalarda yetakchilar qatoridan joy olish imkonini beradi.

Barchangizni Yangi yil bilan tabriklayman! Sog‘lik, farovonlik, baxt-saodat, maqsadlaringizga erishish va eng muhimi, tinchlik-xotirjamlik tilayman! Vatanimiz osmoni doimo musaffo bo‘lsin, oilalaringizda qut-baraka, tinchlik va osoyishtalik hukm sursin! Barcha orzu va niyatlaringiz amalga oshsin!

Yangi 2025 yilingiz bilan!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

Bo`lishmoq:
Text to speech