Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Donorlik aksiyasida OKMK yoshlari faol qatnashdi

09 Oktyabr 2025, 10:59 334

Har yili dunyoda millionlab insonlar og‘ir jarrohlik amaliyoti, yo‘l-transport hodisalari, tug‘ruq yoki turli kasalliklar tufayli donorlik qoniga muhtoj bo‘lishadi. Bunday vaziyatlarda oz miqdordagi toza qon preparati hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin. Shu sababli, bugun yurtimizda donorlik aksiyalariga tobora katta e’tibor qaratilmoqda. Binobarin bu tashabbus har kim qilishi mumkin bo‘lgan oddiy, ammo qahramonlikka teng ezgu amaldir.

Kuni kecha Olmaliq Tibbiyot birlashmasi va "Olmaliq KMK" AJ Yoshlar ittifoqi kengashi hamkorligida “Qon topshiring, dunyoda hayot davom etsin” shiori ostidagi tashkil etilgan aksiya jamiyatda donorlik madaniyatini shakllantirish hamda yuzlab bemorlar dardiga shifo boʻlishi bilan ham alohida ahamiyat kasb etdi.

“Olmaliqmetallurgqurilish” tresti va Avtomobil transporti boshqarmasi yoshlar ittifoqi va kasaba uyushmasi tashabbusi bilan oʻtkazilgan xayrli tadbirda 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan sog‘lom, vazni 50 kilogrammdan yuqori, oxirgi 6 oy davomida jiddiy kasallik va jarrohlik amaliyotini boshidan kechirmagan 100 dan ziyod kombinat ishchi-xodimlari ishtirok etishdi.

Ta’kidlash kerakki, soʻnggi yillarda yurtimizda donorlik harakati ommalashishi natijasida koʻngillilardan 2022-yil 122 tonna, 2023-yil 134 tonna, oʻtgan 2024-yilda esa 147 tonna sifatli qon olindi. Ilmiy izlanishlarga ko‘ra, muntazam qon topshirish yurak-qon tomir tizimining sog‘lom bo‘lishiga, qon aylanishining yaxshilanishi, organizmda yangilanish jarayonlarining tezlashishiga xizmat qiladi.

Xayriya aksiyasida donorlar tomonidan 40 litrdan ziyod qon topshirildi.

Faol donor yoshlarga OKMK yoshlar ittifoqi Kengashi tomonidan ma’naviy-marifiy, ilmiy ommabop kitoblar va jurnallar taqdim etildi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech