"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Ayni kunlarda butun dunyo futbol ishqibozlarining nigohi mundialning shiddatli bahslariga qaratilgan bo‘lsa-da, OKMK yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan mini-futbol musobaqasi ham undan aslo qolishmadi va yorqin, unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi.
30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan an’anaviy tarzda tashkil etilgan mini-futbol bo‘yicha “OKMK boshqaruv raisi kubogi” turniri joriy yilning 29-iyun kuni o‘z nihoyasiga yetdi.
Musobaqada tarkibiy korxonalardan 30 ta jamoa ikkita ligaga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun to‘p surishdi.
Ikkinchi ligada musobaqaning uchinchi o‘rini uchun kechgan bahsda O‘quv markazi hamda Kovuldi kon boshqarmasi jamoalari maydonga tushishdi. Uchrashuvda to‘liq ustunlikni o‘z qo‘liga olgan konchilar raqib darvozasiga javobsiz 8 ta to‘p kiritib, 8:0 hisobidagi yirik g‘alaba bilan bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.
Yordamchi korxonalar o‘rtasidag final bahsida Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi (IChAB) va Elektr tarmoqlari boshqarmasi (ETB) jamoalari o‘zaro ro‘baro‘ kelishdi. Har ikki tomonning shiddatli hujumlari va matonatli himoyasi ostida o‘tgan o‘yinda IChAB jamoasi 2:1 hisobida zafar quchib, ikkinchi liga chempioniga aylandi.
Asosiy korxonalar ishtirok etgan Birinchi ligada uchinchi o‘rin taqdirini Qalmoqqir kon boshqarmasi va Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi (ITIB) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv aniqlab berdi. Gollarga boy bo‘lgan mazkur bellashuvda konchilar yaqqol ustunlik namoyish etib, 7:3 hisobida g‘alaba qozonishdi va kuchli uchlikni yakunlab berishdi.
Liganing eng hayajonli va hal qiluvchi final bahsida esa Mis boyitish fabrikasi (MBF) hamda 3-Mis boyitish fabrikasi (3-MBF) jamoalari yashil maydonda kuch sinashishdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan o‘yinda mahorat namoyish etgan MBF jamoasi raqiblari ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va “OKMK boshqaruv raisi kubogi”ga sazovor bo‘ldi.
Musobaqaning taqdirlash marosimida OKMK boshqaruv raisining o‘rinbosarlari Sa’di Shermatov va Doniyor Kayumov ishtirok etishdi. Mas’ullar o‘z nutqida kombinat rahbariyati tomonidan yoshlarning iqtidori va sport bilan shug‘ullanishlari uchun doimo barcha sharoitlar yaratilishi va qo‘llab-quvvatlanishini alohida ta’kidlab, barcha ishtirokchi va g‘oliblarni muborakbod etishdi.
Tantanali tadbirda g‘olib va sovrindor jamoalarga medalla va bosh kubok topshirildi. Shuningdek, musobaqa davomida o‘z o‘yini bilan ajralib turgan futbolchilar quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha e’tirof etildilar:
Ikkinchi liga bo‘yicha:
“Eng yaxshi darvozabon” — Yuriy Umarov (IChAB)
“Eng yaxshi o‘yinchi” — Botir Saydullayev (ETB)
“Eng yaxshi himoyachi” — Eldor Saidov (Kovuldi KB)
Birinchi liga bo‘yicha:
“Eng yaxshi o‘yinchi” — Ilhom Nabiyev (Mis boyitish fabrikasi)
“Eng yaxshi hujumchi” — Rustam Islomov (Qalmoqqir KB)
“Eng yaxshi darvozabon” — Shahzod Mazakirov (3-MBF)
Bu kabi sport musobaqalar ishlab chiqarishda faol bo‘lgan yosh ishchi-xodimlarning jismoniy va ma’naviy yuksalishiga, kelajakdagi yangi marralarni zabt etishlariga xizmat qilishi shubhasiz.
Axborot xizmati