"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston yoshlari yangi davr islohotlarining bosh harakatlantiruvchi kuchi, mamlakatning intellektual va strategik tayanchi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Buni biz iqtidorli yoshlarimizning jahon fan olimpiadalari va xalqaro texnologik loyihalardagi yutuqlari, shuningdek, dunyo sport arenalarida Vatanimiz sha’nini ulug‘lab, tarixiy g‘alabalarni qo‘lga kiritayotgan chempionlarimiz misolida ko‘rib turibmiz. Ular ham intellektual, ham jismoniy salohiyati bilan davlatimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shmoqda.
Ayniqsa, sanoat sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlarning o‘rni va mas’uliyati beqiyos bo‘lib, ular zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirib, ishlab chiqarishda yuksak natijalarga erishmoqda. 30-iyun — Yoshlar kuni esa ana shunday shijoatli, bilimli avlodning mehnati va intilishlari yuksak qadrlanadigan bayram sifatida nishonlanadi.
Sana munosabati bilan joriy yilning 2-iyul kuni shahrimizdagi “Oltin olma” xiyobonida tashkil etilgan bayram tadbirida ham bir guruh faol va iste’dodli yoshlar rag‘batlantirildi. Tadbir avvalida so‘z olgan “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov bugungi kunda yurtimizda yoshlarga keng imkoniyat eshiklari ochilganini, xususan, kombinatda ham yoshlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidlab, o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi.
Tadbir davomida kombinatda texnologik ishlab chiqarish zanjiridagi yuksak natijalari, sport, ilm-fan, madaniyat va jamoatchilik ishlarida faol ishtiroki bilan OKMK rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh faol yoshlar rag‘batlantirildi. Jumladan, 54 nafar yoshga kombinat Faxriy yorlig‘i, 32 nafariga esa qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.
“ОКМКda Ustoz va shogird an'analari” doirasida rassomchilik ko'rgazmasi ham tashkil etilib, ko'rgazma doirasida viktorina ham oʻtkazilib, 40 nafardan oshiq yoshlarga turli adabiy kitoblar taqdim etildi.
Tadbir davomida kombinat ishchi-xodimlarining oilalarida kamol topayotgan sportchi yoshlar ham alohida e’tirof etildi. Xususan, kombinatda faoliyat yuritib kelayotgan Qarshiboyevlar oilasining farzandi, Tailandning Pattaya shahrida erkin kurash bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionati g‘olibi, hamshahrimiz Otabek To‘xtamurodov hamda kombinat ishchilari bo‘lgan Urunqulovlar oilasi farzandi, universal jang bo‘yicha Osiyo chempionatining kumush medal sohibi Mirziyo Abdusattarov qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Bundan tashqari, respublika miqyosidagi “Yosh kitobxon” va “Yosh kitobxon oila” tanlovlari sovrindori, “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi, Mis boyitish fabrikasi yanchish va flotatsiyalash sexi flotatori Ozoda Yunusova ham e’tirof etildi. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasini mundialda qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan roliklar tanlovida g‘olib bo‘lgan Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasi yoshlari ham rag‘batlantirildi.
Tadbirda taniqli shoumen, mahoratli boshlovchi, o‘ziga xos uslubi hamda samimiy chiqishlari bilan tomoshabinlar mehrini qozongan Dilshod Mirzamurodov tomonidan tashkil etilgan sovrinli ko‘nglochar o‘yinlar barchaga haqiqiy bayram kayfiyatini ulashdi. Estradamizning taniqli namoyandasi Mirjalol Ne’matovning sho‘x-shodon taronalari barchani raqsga chorladi.
“Metallurg” MS ijodiy guruhlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi ham barchaga manzur bo‘ldi.
Ayniqsa, OKMK yoshlari tomonidan tayyorlangan sovrinli karaoke tanlovi, kitob yarmarkasi, kitobxonlar viktorinasi, velomobildagi shaxmat va shashka bahslari bayram tadbirining yana-da qiziqarli o‘tishini ta’minladi.
Bir so‘z bilan aytganda, OKMKda Yoshlar kuni keng nishonlandi.
Ma’lumot o‘rnida: bugun kombinatda 9 313 nafar yosh mehnat qilmoqda. Ularning 1 659 nafari oliy ma’lumotli, 657 nafari rahbarlik va muhandis-texnik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Kombinat yurtimiz va xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Bugun mazkur ta’lim muassasalarini tamomlagan 176 nafar yosh mutaxassis kombinat korxonalarida mehnat qilayapti. Shuningdek, kombinat qo‘llab-quvvatlayotgan 31 nafar yosh ta’limini davom ettirmoqda. Ularning 26 nafari mamlakatimizda, 5 nafari xorijiy oliygohlarda tahsil olishayapti. Bundan tashqari, kombinat tavsiyanomasi bilan 383 nafar ishchi-xodimimiz oliy ta’lim muassasalarida o‘qimoqda.
Axborot xizmati