Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yoshlar bandligi - davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri

19 Dekabr 2025, 9:24 702

Joriy yilning 18-dekabr kuni “Metallurg” madaniyat saroyida yoshlar bandligini ta’minlash, kasb-hunar va zamonaviy kasblarga o‘qitish, shuningdek, tartibli mehnat migratsiyasi orqali ishsiz yoshlarni xorijdagi daromadli ish o‘rinlariga joylashtirishga qaratilgan yoshlar mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Toshkent viloyati hokimligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmalari hamda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda Toshkent viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Sultonbekov, Olmaliq shahar hokimi Qobil Hamdamov, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov hamda sohaga mas’ullar ishtirok etishdi.

Tadbir davomida Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan yirik sanoat korxonalari, tashkilot va muassasalardagi bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha yoshlarga keng qamrovli ma’lumotlar taqdim etildi.

Viloyatimizning 22 ta tuman va shaharlaridan kelgan 670 nafar yoshlarga tashkil etilgan “Bo‘sh ish o‘rinlari” yarmarkasida viloyatning ko‘zga ko‘ringan yirik korxonalaridan 80 tasi 4250 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashishdi.

Ish beruvchilar tomonidan sanoat, ishlab chiqarish, muhandislik, texnik va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida vakant lavozimlar taklif etildi.

Xususan, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan yoshlar uchun barqaror va istiqbolli ish o‘rinlari, munosib mehnat sharoitlari hamda kasbiy rivojlanish imkoniyatlari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

Jumladan, Toshkent viloyati yoshlariga kombinatda faoliyat yuritib kelayotgan O‘quv markazi va Muhandislik maktabi bo‘yicha ham to‘liq ma’lumot taqdim etildi. Viloyat yoshlari ushbu o‘quv markazi va maktabda qisqa muddatlarda bugungi kunda sanoat korxonalarida ko‘p talab etiladigan mutaxassisliklarni egallash bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Xususan, Muhandislik maktabi tomonidan 11 ta yo‘nalish bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etilgan bo‘lib, ushbu kurslarda 460 nafar yoshlar turli sohalarda malaka oshirmoqda. Bundan tashqari, O‘rta Chirchiq, tumani va Nurafshon shaxridagi og‘ir hududlardan OKMKga biriktirilgan ishsiz yoshlarning 15 nafari ham turli kasblarga o‘qitishga yo‘naltirilmoqda. Bundan tashqari, OKMKga qarashli O‘quv markazida yoshlarga 17 ta yo‘nalishda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunar va bilimlarni berish orqali yiliga 1 500 nafar yoshlarni qamrab olinishi va ushbu o‘quv markazini bitirgan yoshlarning kasb egasi bo‘lishligini kafolatlanishi ta’kidlandi.

Yarmarka doirasida yoshlar va soha rahbarlari ishtirokida yoshlar va rahbarlar uchrashuvi ham tashkil etildi. Unda yoshlarning bandlik, kasb tanlash, ish sharoitlari hamda xorijda mehnat qilish bo‘yicha savollari tinglandi.

So‘zga chiqqan mas’ullar yoshlar bandligi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab, bunday yarmarkalar yoshlarning hayotida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi. Yoshlarni faol bo‘lishga, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga, zamonaviy kasblarni egallashga chaqirdilar.

Tadbirda Migratsiya agentligining Toshkent viloyati bo‘limi rahbari ham ishtirok etib, tashkillashtirilgan, qonuniy va xavfsiz mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berdi.

Ta’kidlanishicha, xorijda ishlash istagida bo‘lgan yoshlar uchun davlat tomonidan huquqiy himoya, rasmiy mehnat shartnomalari, tibbiy sug‘urta hamda kasbiy tayyorgarlik tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa yoshlarni noqonuniy vositachilar va turli xavf-xatarlardan himoyalashga xizmat qiladi.

Migratsiya agentligining Toshkent viloyati bo‘limi tomonidan yoshlarni tartibli migratsiyaga yuborish maqsadida xorijdagi ish beruvchi korxonalar xorijdaish.uz platformasi orqali taklif qilinayotgan xorij korxonalarida jami 23 213 ta ish o‘rinlari mavjudligi hamda Germaniya davlatida ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun Olmaliq shahrida bepul nemis tili kursiga qabul boshlangani bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Rahbarlar tomonidan yoshlarni qiziqtirgan masalalarga batafsil javoblar berilib, mavjud muammolarni joyida hal etish bo‘yicha aniq tushuntirish va tavsiyalar bildirildi.

Bu kabi ochiq muloqotlar yoshlar va davlat idoralari o‘rtasidagi ishonchni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech