Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

STTBda Rahbar va yoshlar uchrashuvi

03 Fevral 2025, 14:48 703

Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar hamda davlatimiz rahbarining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik rivojlanishning eng muhim va dolzarb masalalari bo‘yicha milliy parlamentga navbatdagi, uchinchi murojaatida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, yoshlar tashabbuskorligini oshirish, taklif va muammolarini o‘rganish, ularni hal etish, belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida mamlakatimizda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etib kelinmoqda.

Yangi O‘zbekiston hayotining barcha sohalarida izchil amalga oshirilayotgan qamrovdor islohotlar, fan-texnika taraqqiyoti va innovatsion jamiyatga kuchli ehtiyoj yoshlar uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratmoqda. Zero mamlakatimiz aholisining 30 foizini 14 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.

Jumladan, 30 yoshgacha bo‘lgan 11 ming nafardan ziyod yoshlarni birlashtirgan Olmaliq kon-meallurgiya kombinatining ishlab chiqarish korxonalarida ham “Rahbar va yoshlar” uchrashuvini o‘tkazish an'anaga aylandi. Ana shunay tadbirlardan biri kuni-kecha Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasida bo‘lib o‘tdi.

Hozirda ushbu boshqarmada mehnat qilib kelayotgan 2 500 nafardan ziyod ishchi-xodimlarning 800 nafarga yaqinini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Ularning 24 nafari muhandis-texnik xodimlar, 18 nafari rahbarlik lavozimlarida ishlab kelmoqda.

“Rahbar va yoshlar” uchrashuvida so‘zga chiqqan yosh rahbarlar 2-temiryo‘l sexi boshlig‘ining tashqi logistika bo‘yicha o‘rinbosari Davron Pardayev, Transport va yoqilg‘i moy materiallari nazorati bo‘limi boshlig‘i Javlon Turdialiev, atrof-muhit muhofazasi bo‘limi muhandisi Gulnora Almatova, 1-TYS mashinist-yo‘riqchisi Ulug‘bek Ismoilov, 3-TYS ish ustasi Azizbek Ro‘ziyev, 3-TYS tokari Abduhoshim Jumanov, Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish bo‘yicha yetakchi muhandis, dasturchi Toshpo‘lat To‘raqulovlar o‘z faoliyatlari davomida duch keladigan muammo va kamchiliklar, erishilgan yutuqlar va jarayonlar haqida gapirib, tegishli takliflarni ham ta'kidlashdi.

Shundan so‘ng, boshqarma boshlig‘i Sirojiddin Manazarov so‘zga chiqib, yosh rahbar va mutaxassislarning chiqishlari borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, kelgusidagi maqsad-vazifalarga to‘xtaldi. Shuningdek, yoshlarning yaxshi rahbar, yaxshi mutaxassis bo‘lish borasidagi o‘z qarash va tavsiyalarini berib o‘tdi.

Darhaqiqat, shiddat bilan o‘zgarayotgan hozirgi davr yoshlarning oldiga tezkor qarorlar qabul qilish, innovatsion tafakkurni shakllantirish, intellektual salohiyatni oshirish kabi talablarni ham qo‘ymoqda.

Bu kabi dolzarb masalalarni ijobiy hal etish, yoshlarni rag‘batlantirib, ularga motivatsiya berish esa “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi kabi tadbirlarda o‘z aksini topmoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech