Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda faol va tashabbuskor xotin-qizlar doimo qoʻllab-quvvatlanadi

06 Avgust 2026, 16:56 139

Joriy yilning 5-avgust kuni kombinat Muhandislik maktabida “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanovning korxona faol xotin-qizlari va shijoatli yoshlari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Ochiq muloqot va samimiy ruhda tashkil etilgan mazkur tadbir avvalida soʻz olgan kombinat rahbari, senator Abdulla Xursanov yigʻilganlarni xalqimizning eng ulugʻ ayyomi — mustaqilligimizning 35 yilligi bilan samimiy qutlab, soʻnggi yillarda mamlakatimizda, xususan, kombinatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Bugungi kunda mamlakatimizda, xususan, togʻ-kon sanoati tarmogʻida xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligini alohida ta'kidladi. U oʻz soʻzida bugungi kunda dunyo siyosiy sahnida kechayotgan turli ixtiloflar sharotida ham mamlakatimiz Prezidentimiz boshchiligida taraqqiyot yoʻlida dadil borayotganini, kundan-kun yurtimiz rivojlanayotganini aytib oʻtdi.

- Bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xotin-qizlarining har bir jabhada faol ekanliklari, ishlab chiqarish uchun dolzarb va muhim gʻoyalarni ilgari surayotganlari meni rahbar sifatida ham quvontiradi, ham gʻururlantiradi, - deydi Abdulla Xursanov. - Zero, ayollarning intellektual salohiyati va mas'uliyati kombinatimiz rivojining eng kuchli drayverlaridan biriga aylandi. Kuzatuvlarim asosida ishonch bilan ayta olamanki, bugungi kombinat — bundan 10 yil oldingi kombinat emas. OKMK jahon togʻ-kon sanoatida shunday yuksak mavqega erishdiki, hatto eng yirik xalqaro kompaniyalar ham biror uskuna xarid qilmoqchi boʻlsa, avvalo, bizning tajribamizni oʻrganadi. Ular: “Agar bu mahsulotni OKMK sotib olgan boʻlsa, demak, ular faqat eng yaxshisini tanlashgan” degan xulosa bilan qaror qabul qilishmoqda. Mana shunday global ishonch muhitini yaratishda kombintda faoliyat yuritayotgan ayollarimizning ham hissasi katta.

Xususan, kombinatimiz jamoasi oxirgi yillarda ulkan texnologik yutuqlarni qoʻlga kiritdi. 3-Mis boyitish fabrikasi hamda Kovuldi oltin saralash fabrikasining ishga tushirilishi nafaqat kombinat, balki butun yurtimiz uchun quvonchli voqea boʻldi. Eng muhimi, ushbu ishlab chiqarish quvvatlari loyihalash bosqichidan tortib qurilishigacha toʻliq kombinatimizning oʻz kuchi evaziga amalga oshirildi.

Mis boyitish fabrikasidagi rekonstruksiya ishlarini ham oʻz kuchimiz bilan bajardik. Ilgari nam holatdagi konsentratni quritish uchun qimmatli tabiiy gazdan foydalangan boʻlsak, yangi tizim asosida press-filtrlarni joriy etdik. Bu yangilik mahsulot tannarxini tushirib, qoʻshimcha daromad olish imkonini berdi.Topilgan daromadlarni toʻliq yangi strategik loyihalarga sarflayapmiz. Ekologik jihatdan mukammal va barcha zamonaviy texnologiyalarni mujassam etgan yangi mis eritish majmuasi qurilishi hamda 4-Mis boyitish fabrikasi loyihasi ustidagi ishlar bu fikrimni tasdiqlaydi.

Kombinatimizdagi bu oʻzgarishlar dunyo miqyosida e'tirof etilmoqda. FLSmidth kompaniyasi vitse-prezidenti Piter Jeyms Flanaganning “Avvallari sanoatchilar o'rtasida mis sanoatini koʻrmoqchi boʻlsalaring Chiliga boringlar degan gap bo'lardi, endi esa bemalol Oʻzbekistonga kelinglar deya olaman” degan soʻzlari butun jamoamizga, shu jumladan, kecha-yu kunduz mehnat qilayotgan opa-singillarimizga berilgan yuksak bahodir.

Bizning boshqa xorijiy kompaniyalardan asosiy farqimiz — ma'danni qazib olishdan boshlab, to yakuniy qimmatbaho metall va tayyor mahsulot olishgacha boʻlgan butun zanjirning yagona kombinatda mujassam boʻlganidadir. Bu rivojlanish Mis klasteri misolida amalda oʻz ifodasini topdi: Ohangaronda yuqori texnologik mikrochiplar, tayyor kondisionerlar va kabel-sim mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

Yangi ishlab chiqarish quvvatlarida joriy etilayotgan murakkab texnologiyalarni boshqarish uchun bizga salohiyatli mutaxassislar kerak. Shu bois Germaniyaning Aurubis kompaniyasi talim dasturi asosida Muhandislik maktabini tashkil etdik. Quvonarlisi, ushbu maktabda tahsil olayotgan ilmga chanqoq, izlanuvchan xotin-qizlarimiz yaqin kelajakda kombinatimizning iqtisodiy va texnologik mustaqilligini ta’minlaydigan asosiy kuchga aylanadi.

Tadbir davomida korxonaning turli tarkibiy boʻlinmalarida faoliyat olib borish bilan qatorda, ilmiy ishlar qilayotgan, ratsionalizatorlik gʻoyalarini ishlab chiqib, uzluksiz ta’lim olayotgan ilgʻor xodimalarning ma’ruzalari tinglandi.

Uchrashuvda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va ta'lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar ishtirokchilar e'tiboriga havola etildi.

Jumladan, Ijtimoiy obyektlar boshqarmasining 31-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti uslubchisi Ozoda Jaynaqova ta'lim-tarbiya jarayoniga sun'iy intellekt texnologiyalarini qoʻllash hamda bolalarga interaktiv usulda bilim berish loyihasini taqdim etdi.

Ijtimoiy obyektlar boshqarmasining xodimasi Gavhar Joʻrayeva “OKMK kids” loyihasi boʻyicha toʻliq ma'lumot berdi.

Texnik nazorat xizmatining 3-MBF boʻyicha boyitish mahsulotlari nazoratchisi Sevara Hamroyeva “Mis va yoʻldosh komponentlarni ajratib olishda yangi texnologiya yaratish” boʻyicha ilmiy tadqiqoti, Oʻquv markazi ishlab chiqarish ta'limi ustasi, tadqiqotchi olima Madina Saydirahimovaning rux texnologiyasi boʻyicha olib borayotgan ilmiy izlanishlari koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotdi.

Tadbir davomida Sanoat temir yoʻl transporti boshqarmasi 1-toifali muhandisi Sarvinoz Turgunboyeva ishlab chiqarishga tatbiq qilinayotgan yangi loyihalarning yuqori samaradorligini tahlil qilib berdi.

Raqamli transformatsiya va ERP tizimini joriy etish boʻyicha loyiha ofisi maslahatchisi Nilufar Roziqulova sun'iy intellektni ishlab chiqarishga joriy etish boʻyicha "Gʻoyalar banki" tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, uning sunniy intellekt boʻyicha mutaxassislar shtat birliklarini koʻpaytirish va sohadagi yetakchi kompaniyalar bilan tajriba almashish yuzasidan bildirgan takliflari qoʻllab-quvvatlandi.

Ishchi-xodimlarning til bilish koʻnikmalarini oshirish maqsadida MBF xodimasi Ziyoda Aymatova mehnat jamoalarida ingliz tilini oson va samarali oʻrgatish metodikasini taklif etdi.

Kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash boʻlimi mutaxassisi Muxlisa Saydaliyeva esa togʻ-kon va geologiya sohasida xotin-qizlarning karyera siyosatini rivojlantirish masalalariga toʻxtaldi.

Uchrashuvda, shuningdek, "OKMK-Yevropa" lider ayollar klubi a'zosi, Ilgʻor muhandislik maktabi magistranti Durdona Esonboyeva hamda “Kombinat gavharlari" klubi faollari ham soʻzga chiqib, oʻzlarining ijtimoiy tashabbuslarini bayon etishdi.

Abdulla Xursanov kombinatning faol xotin-qizlari tomonidan ilgari surilgan tashabbus va loyihalarning bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etishini, ularni yanada ommalashtirish va tijoratlashtirish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berib, kombinat rahbariyati tomonidan kabi tashabbuslar doimo qoʻllab-quvvatlanishini bildirdi.

Tadbir yakunida kombinat rahbariyati va ishtirokchilar oʻrtasida qizgʻin savol-javoblar boʻlib oʻtdi.

Taqdim etilgan koʻplab innovasion loyihalar va oqilona takliflar kombinat rahbari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi va ularni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Ma'lumot oʻrnida: 2026-yilning 1-avgust holatiga koʻra, kombinatda jami ishchi-xodimlar soni 35 422 nafarni tashkil etsa, ularning 7 843 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning 203 nafari mas'uliyatli rahbarlik lavozimlarida mehnat qilib kelmoqda. Korxonada faoliyat yuritayotgan ayollarning 1 225 nafari oliy ma'lumotli mutaxassislar boʻlsa, 3 nafari fan choʻqqilarini zabt etgan olima ayollardir.

Ta’kidlash kerakki, bu kabi uchrashuvlar OKMKda eng qadrli boylik — inson omilini, xususan, ayollar salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech