Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Rux zavodi yoshlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi

12 Iyun 2026, 10:29 135

Joriy yilning 11-iyun kuni Rux zavodida Yoshlar oyligi doirasida “Payshanba – Yoshlar kuni” munosabati bilan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Yosh ishchi-xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va ular bilan ochiq muloqot tashkil etish maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbirda OKMK boshqaruv raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Azamat Mavlonov hamda Rux zavodi direktori Farrux Utanov ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olgan Azamat Mavlonov bugungi kunda mamlakatimizda yosh avlod vakillari uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilayotganini va ulardan oqilona foydalanish zarurligini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda innovasion startaplar va yoshlar tashabbuslari davlat tomonidan tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlanayotgani, bu esa har bir yigit-qizga o‘z bilim va intellektual salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarish uchun qulay imkoniyat ekanligini bildirdi.

Shundan so‘ng, Rux zavodi direktori Farrux Utanov o‘z hayotiy va boy ish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U sobiq ittifoq parchalanganidan keyingi yillarda zavodda yuzaga kelgan iqtisodiy va ishlab chiqarish sohasidagi og‘ir vaziyatlar, murakkabliklar va ularni yengib o‘tishda ko‘rsatilgan jonbozliklar haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, korxona rahbari bugungi globallashuv davrida dunyoda kechayotgan geosiyosiy va ijtimoiy voqealarni chuqur tahlil qilgan holda, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan doimo ogoh va hushyor bo‘lishga chorladi. Ota-ona va oila qadriga yetish, yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoitlardan unumli foydalanib, jamiyat va davlat rivojiga munosib hissa qo‘shish har bir yosh xodimning burchi ekanligini ta’kidladi.

Tadbir davomida Yoshlar oyligi doirasida zavod ishchi-yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining yakuniy natijalari e’lon qilindi va g‘oliblar munosib taqdirlandi. Intellektual bellashuv yakunlariga ko‘ra, yuqori bilim va zukkolik namoyish etgan Transport xo‘jaligi xizmati, Kuydirish sexi hamda Kadmiy sexi jamoalari faxrli sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.

G‘olib va sovrindor jamoalarga zavod rahbariyati hamda kasaba uyushmasi tomonidan diplomlar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan bu galgi uchrashuvda yosh ishchi-xodimlar o‘zlari uchun zarur bo‘lgan tavsiyalarni olishdi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech