Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

3-MBF: Tabiiy resurslarni tejashda ilg‘or muhandislik yechimlari

31 Mart 2026, 8:21 38

Mamlakatimiz mis ishlab chiqarish sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratishga xizmat qiluvchi 3-MBFning birinchi navbati 16-mart kuni davlatimiz rahbari tomonidan ishga tushirildi. “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish investitsiyaviy loyihasi doirasida 196 gektar yer maydonini egallagan ushbu fabrika shunchaki korxona emas, balki yurtimizning sanoat qudratini yanada mustahkamlaydigan, tabiiy boyliklarimizni chuqur qayta ishlashga xizmat qiladigan zamonaviy industrial majmua hisoblanadi. Ahamiyatli jihati fabrikaning butun texnologik jarayonlari energiya tejamkor va samaradorligi yuqori bo‘lgan uskunalar bilan jihozlangan.

3-Mis boyitish fabrikasi (3-MBF) chiqitlarni to‘plash sexi ishlab chiqarish jarayonining ajralmas qismi bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat yurituvchi ilg‘or sanoat obyekti hisoblanadi. Bugungi kunda mazkur tizim oddiy chiqit tashish mexanizmi emas, balki raqamli boshqaruv, avtomatlashtirish va aqlli nazorat tizimlari bilan jihozlangan murakkab muhandislik yechimidir.

Fabrikada flotatsiya jarayonidan so‘ng hosil bo‘ladigan texnologik chiqitlar hajmi soatiga 8621,52 tonna (25 419 m³) ni tashkil etadi. Ushbu chiqitlar maxsus gidrotransport tizimi orqali chiqitlarni to‘plash omboriga uzatiladi. Mazkur tizimning ishlash samaradorligi yil davomida 59 million tonnadan ortiq texnologik chiqitlarni xavfsiz va uzluksiz ravishda omborga joylashtirish imkonini beradi.

Chiqitlarni uzatish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, yuqori samaradorlikka ega Warman turidagi nasoslar yordamida amalga oshiriladi. Tizimda har biri taxminan 13 000 m³/soat unumdorlikka ega bo‘lgan 4 ta nasos o‘rnatilgan bo‘lib, ularning ikkitasi ishchi, qolganlari esa zaxira rejimida ishlatiladi. Ushbu nasoslar katta hajmdagi bo‘tanani uzoq masofalarga uzluksiz va barqaror ravishda yetkazib berish imkoniyatiga ega. Tizimning asosiy ustunligi shundaki, u bosimli rejimda ishlaydi hamda inson aralashuvisiz ham optimal ish holatini saqlab turadi.

Zamonaviylikning muhim jihatlaridan biri — avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimidir. Chiqitlar yig‘iladigan sig‘imlarda o‘rnatilgan radarli sath o‘lchagichlar real vaqt rejimida ma’lumot uzatadi. Agar chiqit sathi belgilangan me’yordan oshib ketsa, tizim avtomatik ravishda qo‘shimcha nasoslarni ishga tushiradi yoki oqimni qayta taqsimlaydi. Bu esa avariyaviy holatlarning oldini olish va texnologik jarayon uzluksizligini ta’minlash imkonini beradi.

Bundan tashqari, chiqitning kimyoviy holati ham doimiy nazorat ostida bo‘ladi. Maxsus pH o‘lchagichlar yordamida muhitning kislotalilik darajasi aniqlanadi va zarur hollarda texnologik parametrlar moslashtiriladi. Bu ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bilan birga atrof-muhitga bo‘lgan salbiy ta’sirni kamaytiradi.

Tizimda qo‘llanilayotgan yana bir zamonaviy yechim — bu aqlli klapanlar va sensorlar tizimidir. Elektr yuritmali va pnevmatik klapanlar, bosim datchiklari hamda elektromagnit sarf o‘lchagichlar o‘zaro integratsiyalashgan holda ishlaydi. Ularning yordamida operatorlar har bir texnologik liniya bo‘yicha bosim, oqim tezligi va suyuqlik sarfini aniq nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Barcha ma’lumotlar markaziy boshqaruv tizimiga uzatiladi va yagona platformada tahlil qilinadi.

Chiqitlarni to‘plash omborida ham zamonaviy yondashuv qo‘llanilgan. Xususan, tindirilgan suvni qayta ishlatish maqsadida aylanma suv ta’minoti tizimi joriy etilgan. Suzuvchi nasos stansiyalari orqali suv qayta fabrikaga uzatiladi. Bu esa suv resurslaridan samarali foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdеk, chiqit omboridan sizib chiqadigan filtratsion suvlarni nazorat qilish uchun maхsus chuqur quduqlar tizimi tashkil etilgan. Ushbu tizim orqali suvlar yig‘ilib, qayta ishlash jarayoniga yo‘naltiriladi va yer osti suvlarining ifloslanishining oldi olinadi.

Ayni vaqtda fabrikadan 7 km uzoqlikda Qurama tog‘ tizmasining shimoliy-g‘arbiy qismida 1-karta 1420 gektar hamda 2-karta 1380 gektar hajmdagi chiqitlarni to‘plash omborining qurilish ishlari qizg‘in davom etmoqda.

3-MBF Chiqitlarni to‘plash sexi boshlig‘i Murod O‘tbosarovning takidlashicha Chiqitlarni to‘plash omborida zamonaviy yondoshuv - tindirilgan suvni qayta ishlatishga qaratilgan aylanma suv taʼminoti tizimi joriy etilgan. Suzuvchi nasos stansiyalari orqali qimmatli tabiiy resurs qayta fabrikaga uzatiladi. Bu esa undan samarali foydalanish va ekologik barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari chiqit omboridan sizib chiqadigan filtratsion suvlarni nazorat qilish uchun maxsus chuqur quduqlar tashkil etilgan. Ushbu tizim orqali suvlar yig‘ilib, qayta ishlash jarayoniga yo‘naltiriladi va yer osti suvlari ifloslanishining oldi olinadi.

Umuman olganda, 3-MBFning chiqitlarni to‘plash sexida qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalar nafaqat ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini oshirish hamda mahsulot sifatini yaxshilashga balki tabiiy resurslardan oqilona foydalanib, ona tabiatimizni asrab-avaylashga ham xizmat qiladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech