• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

3-Mis boyitish fabrikasi qurilishi: jarayon qizg‘in pallada

22 Noyabr 2022, 10:0 4012

3-mis boyitish fabrikasi “Yoshlik-1 investitsiyaviy loyihasi” asosida barpo etilmoqda.

3-MBFni “tayyor holda topshirish” sharti bilan qurish ishlari “UZTM-Karteks” (Rossiya) va “Enter Enginnering” konsorsiumi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Loyihalash ishlariga “Wood” (Italiya) kompaniyasi, loyiha hujjatlarini tekshirish va qabul qilishga “Technip Energies” (Buyuk Britaniya) hamda qurilishda texnik nazoratni amalga oshirishga “Worley Parsons Uzbekistan Engineering” kompaniyalari jalb qilindi.

Qurilishi ishlarini jadallashtirish maqsadida “Enter Enginnering” kompaniyasi tomonidan qurilish maydonchasi yaqinida Metall konstruksiyalarni ishlab chiqarish zavodi qurilib, joriy yil may oyida ishga tushirildi.

Bugungi kunga qadar qurilish maydonida 9,0 mln kub metr (90 foiz) tuproq ishlari, 115,7 ming kub m (20 foiz) beton ishlari bajarildi.

“Wood” tomonidan loyiha uchun zarur bo‘lgan 14 328 ta ishchi hujjatlardan 3 781 tasi ishlab chiqildi.

“UZTM-Karteks” tomonidan 3 ta yirik maydalash uskunalari va 4 ta tegirmonlarning gidrostatik podshipniklari qurilish maydonchasiga yetkazib berilib, montaj ishlari bajarilmoqda. Hozirda qurilish ishlariga 2,1  mingdan ziyod quruvchi va 322 ta maxsus texnika jalb qilindi.

 Qoldiqlarni saqlash xo‘jaligida to‘g‘on poydevorini qurish bo‘yicha 5,3 mln m3 (35  foiz) va qoldiqlarni saqlash kosasi bo‘yicha 0,7 mln m3 (37  foiz) tuproq ishlari bajarildi. Ushbu ishlarga 146 ta maxsus texnika jalb qilindi.

“O‘zgeorangmetLITI” loyiha instituti tomonidan jami 664 ta ishchi hujjatdan 190 tasi ishlab chiqildi.

3-MBFning texnik suvga bo‘lgan texnologik talabani ta'minlash uchun tasdiqlangan tashqi suv ta'minoti sxemasi bo‘yicha ishlar olib borilayapti.  Ob'ektlar suv ta'minoti tizimlari uchun zarur bo‘lgan 712 gektar yer maydonlari Piskent va Ohangaron tumanlaridan ajratildi.

“Qoraxitoy” yer osti suv havzasida 24 ta (jami 114 ta) quduqni burg‘ilash ishlari bajarildi. Hozirda “O‘zbekgidrogeologiya” DUK tomonidan suv zaxiralarini tasdiqlash maqsadida qidiruv ishlari olib borilib, xulosalar berildi. “O‘zgeorangmetLITI” instituti tomonidan jami 1 810 ta ishchi hujjatdan 415 tasi ishlab chiqildi.

Suv ta'minoti obyektlarini qurish bo‘yicha yer osti suv olish inshootlarida 48 ta (“Qoraxitoy” 39 ta va “Kultepa” 9 ta) quduq burg‘ilanadi, “Qoraxitoy” yer osti suv olish inshooti va “Kultepa”  2-nasos stansiyasining o‘rtasida magistral suv quvurining qurilishi davom ettiriladi.

Rejaga ko‘ra, 3-MBF tashqi suv ta'minoti obyektlari 2023-yilning sentyabr oyida foydalanishga topshiriladi.

3-MBF qurilishi uchun ishchi hujjatlar paketlari muntazam ravishda chiqarilmoqda. Uskunalar uchun poydevorlarning chizmalari beriladi.

3-MBF sanoat parki yirik maydalangan rudalar ombori (SKDR), mayda maydalangan rudalar ombori (SMDR), o‘rta maydalash korpusi (KSD), kichik maydalash  korpusi (KMD), flotatsiya va suvsizlantirish korpusi, gidrometallurgiya sexi, ta'mirlash va mexanika ustaxonasi uchastkasi, ma'muriy-maishiy kompleks va boshqa inshootlarni qamrab oladi.

Bugungi kunda yirik maydalangan rudalar ombori (60 m va 26 m) ostidagi himoya devorlarida beton tayyorlash va betonlash ishlari yakunlandi. 2a, 5, 7 va 13-sonli devorlarning beton tayyorlash ishlari yakunlandi. Hozirda mustahkamlash va betonlashtirish ishlari olib borilmoqda. SKDR  obyektida  polni, devorlarni, qoplama plitalarini, evakuatsiya chiqish joylarini va konveyr rampalarini betonlash ishlari yakunlandi.

O‘rta maydalash korpusining maydalagichlar poydevorini betonlash, shuningdek, uchlamchi maydalagichlar poydevorini beton tayyorlash va betonlash,  mayda maydalash korpusining tunnelida beton tayyorlash ishlari yakunlandi.

Ruda tayyorlash binosining sharli tegirmonlari poydevorini betonlash ishlari yakunlandi va tegirmon poydevorlari devorlarini qurish bo‘yicha beton ishlari olib borilmoqda. Flotatsiya korpusi uchun uskunalar poydevorini beton tayyorlashni o‘rnatish bo‘yicha ishlarning 3 bosqichidan 1-bosqichi yakunlandi.

Ishga tushirishni boshlanishi 2023-yil oxiriga rejalashtirilgan. Ayni paytda KSD konusli maydalagichlari uchun uskunalar o‘rnatish, KMD uchlamchi maydalagichlarini jihozlash uchun poydevor o‘rnatish ishlari davom etmoqda.

Inson omili ta'sirini kamaytirish uchun yangi qayta ishlash fabrikasining barcha texnologik jarayonlari avtomatlashtiriladi. Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish zamonaviy dasturiy infratuzilma bilan ta'minlanadi. Asosiy texnologik uskunalar va texnik yechimlarni yetkazib beruvchilar ham tanlangan.

Germaniyaning “AUMUND Fordetechnik GmbH” kompaniyasi KSG uchun plastinchali ta'minlovchilarni ishlab chiqarishni ta'minlaydi. OOO UK “UZTM-KARTEKS” (Rossiya) konusli maydalagichlarni tayyorlash va yetkazib berishni davom ettiradi. “ThyssenKrupp Industrial Solution AG” (Germaniya) kompainyasi tomonidan magistral konveyerlar va “HPGR” yuqori bosimli maydalash valkalarini ishlab chiqariladi.

To‘liq avtomatlashtirilgan nasos va gidrosiklon qurilmalari va drenaj nasoslarini yetkazib berish Turkiyaning "Vayr Turkiya Mineralleri Limited Sirketi" kompaniyasi tomonidan ta'minlanadi. Vibratsiyali elaklar  “Kwatani”  va “Pneumash” (Janubiy Afrika va Rossiya) kompaniyalari tomonidan tayyorlanadi. Gravitatsion konsentratorlar – “Sepro Minerals-Falcon” (Serbiya), flotatsiya, quyuqlashtirish va filtrlash uskunalari – “Metso Outotec” (Finlyandiya)  tomonidan ishlab chiqariladi. “Gears” (Avstraliya) kompaniyasi bilan perefuterlash mashinalarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Elektr ta'minoti obyektlarini qurish bo‘yicha “Oʻzelektroapparat-Electroshield” qo‘shma korxonasi tomonidan 10 km 500  kVli elektr liniyasining metall ustunlari to‘liq o‘rnatilib, 7,5  km qismiga sim tortildi.

Shuningdek, 500 kV raqamli podstansiyasida qurilish-montaj ishlari 95 foizga, asosiy uskunalarni yetkazib berish 97 foizga bajarildi.

Kelgusida bir qator ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Siklik oqim texnologiyalari (SPT) kombinat tomonidan birinchi marotaba qo‘llaniladi va rudani Yoshlik-1 koni bortidan ikkita konveyer yordamida  yirik maydalangan rudalar omboriga tashishni ta'minlaydi.

Ushbu texnologiyani tanlashda xavfsizlik, qulaylik va foydalanishning oddiyligi, rudalardan qimmatbaho komponentlarni yuqori saralab olinishiga erishish uchun  yanchilayotgan mahsulotlarning barqaror yuqori yirikligi olinishiga muvaffaq bo‘lish hisobga olindi.

Noyabr oyining boshida muhandislik tarmoqlarida ishchi hujjatlarni ishlab chiqish yakunlandi. Birlamchi maydalash uchun temir-beton konstruksiyalar  hamda konveyr tizimidagi metall konstruksiyalar (KM) bo‘yicha loyihalash ishlari yakunlandi. Jami 400 ta ishchi hujjatlar to‘plami qabul qilindi.

Hozirgi vaqtda loyiha bo‘yicha qazish, shuningdek, burg‘ulash ishlari faol olib borilmoqda. Konveyr korpusining poydevori qismi bo‘yicha qurilish-montaj ishlari boshlandi. Magistral konveyr bo‘yicha tayanch poydevorlarni tayyorlash ishlari  boshlandi.

Hozirda  (“SPT-poroda”) qurish bo‘yicha yil yakuniga qadar loyihalash va yer ishlari to‘liq yakunlanib, poydevor qurish ishlari boshlanadi.

“SPT-ma'dan” obyekti bo‘yicha maydalash-yuklash bo‘limi birinchi uchastkasida va uzunligi 4,2 km bo‘lgan 2 ta konveyerlar tizimini qurish bo‘yicha yer ishlari joriy yil dekabr oyida yakunlanib, poydevor qurish ishlari boshlanadi

“UZTM-Karteks” tomonidan joriy yil noyabr-dekabr oylarida 2 ta va 2023-yil mart oyigacha qolgan 3 ta o‘rta maydalash uskunalari yetkazib beriladi.

Yil yakuniga qadar o‘rta maydalash uskunalari poydevori 100  foiz va bino poydevori 11 foiz, kichik maydalash uskunasi poydevori 100 foiz va binosi poydevori 7 foiz, ma'dan tayyorlash uskunasi poydevori 97 foiz va binosi poydevori 6 foiz, 2- va 5-son tayanch devorlari 100 foiz, flotatsiyalash uskunasi poydevori 15 foiz, quruq holda g‘alvirdan o‘tkazish binosining va tunellining poydevori 8 foiz bajarilib, yirik ma'dan saqlash omborida metall konstruksiya o‘rnatish ishlari boshlanadi.

Joriy yil yakuniga qadar qoldiqlarni saqlash xo‘jaligi bo‘yicha to‘g‘on poydevorini qazish ishlari bajarilib, to‘g‘on poydevori asosini zichlash ishlari davom ettiriladi va to‘g‘on qurilishi boshlanadi.

Joriy yil dekabr oyida 500 kVli havo elektr tarmog‘ining 2,5  km qismiga sim tortish va 500 kV raqamli podstansiyada uskunalarni o‘rnatish va qurilish-montaj ishlarining yakunlanadi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech