Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33“Olmaliq KMK” AJ konlari negizida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirish boʻyicha “Yoshlik 1“ konini oʻzlashtirish investitsiyaviy loyihasining 1-bosqichini amalga oshirish doirasida ayni paytda 3-Mis boyitish fabrikasi qurilishi bilan parallel ravishda texnologik uskunalarni oʻrnatish ishlari ham olib borilmoqda.
E’tiborlisi, yangi fabrikaning barcha texnologik agregatlari markaziy dispetcherlik punktidan avtomatlashtirilgan holda boshqariladi. Bugungi kunda ushbu dispetcherlik xonasi shakllantirilib, barcha zaruriy qurilmalar bilan jihozlanmoqda. Jumladan, Siemens kompaniyasining "toʻliq integratsiyalashgan avtomatlashtirish" konsepsiyasiga muvofiq qurilgan PCS7 (Process Control System 7) jarayonlarni boshqarish tizimi amaliyotga tatbiq etilyapti. Dunyoning eng yirik sanoat korxonalarida foydalaniladigan mazkur tizim, katta masshtabli texnologik jarayonlarni avtomatlashtirishga ixtisoslashgan. U fabrikadagi jami 16000 dan ortiq oʻlchov asboblaridan olingan ma'lumotlar asosida avtomatik rejimda ishlaydi. Shu bilan birga, tizim barcha ishlab chiqarish bosqichlarining har bir parametrini uzluksiz qayd qilib boruvchi arxiv serverlarga ham ega. Bu esa katta hajmdagi ma'lumotlar orasidan, tez va qog'oz hisobotlaridan foydalanmasdan jarayonni tahlil qilish hamda baholash imkonini beradi. Misol uchun bir oy yoki bir yil oldingi uskuna holati, podshipnik harorati, dvigatel quvvatining parametr koʻrsatgichlari endilikda ma’lumot yoʻqotishlarisiz mazkur tizimda saqlanadi. Ahamiyatlisi, 3-mis boyitish fabrikasida oʻrnatilinayotgan ushbu markazlashtirilgan tizim hozirgi kunda Oʻrta Osiyo mintaqasida yagona hisoblanadi.
3-MBF dasturlash sektori boshlig’i Akmaljon Jamoliddinovning ta’kidlashicha, dispetcherlik xonasiga zamonaviy uskunalar oʻrnailgan boʻlib, bu rudaning kondan kelishi va qayta ishlanishigacha boʻlgan jarayonni toʻliq nazorat qilishni qamrab oladi. Dispetcherlar texnologik jarayonni onlayn tarzda kuzatish, monitoting qilish, boʻladigam oʻzgarishlarga kerakli buyruqlarni berish va uni avtomtik qayd qilib boorish imkoniga ega boʻlishadi. Eng muhimi ushbu tizim yuqori mehnat samaradorligini ta’minlaydi.
3-MBF Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari xizmati boshligʻi Odil Fayzullayev boshchiligidagi malakali mutaxassislar jamoasi yaqin kunlarda butun fabrikani, qolaversa, alohida texnologik uskunalarni monitoring va tahlil qiluvchi yagona tizimni ishga tushirishni rejalashtirishgan. Xorijiy davlatlarning yirik sanoat korxonalarida foydalanilayotgan bu PI vision tizimi AVEVA kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. U orqali energiya hisobi, suv ta'minoti, yordamchi xoʻjalik kabi alohida boshqaruv tizimlarini yagona monitorga yig'ish imkoni mavjud. Uskunalarning ma’lum bir quvvatda ishlaganida qancha energiya sarflashi, unga ketayotgan, ruda, suv, moy kabi resurslar hisobini aniqlab, statistika qilinishi kelajakda ularning faoliyati uchun zarur boʻlgan bashorat koʻrsatkichlarini qayd etilishiga yordam beradi. Bu esa oʻz navbatida, jarayondagi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan toʻxtashlarni minimallashtiradi. Natijada fabrikaning ishlab chiqarish samaradorligi ortib, qurilmalarning yaroqlilik muddati uzayadi.
Axborot xizmati