"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Bugungi kunda O‘zbekiston va butun O‘rta Osiyo mintaqasida amalga oshirilayotgan yirik sanoat loyihalari orasida 3-Mis boyitish fabrikasi alohida o‘rin egallaydi. U zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, tog‘-kon sanoatida faoliyat yuritayotgan boshqa turdosh korxonalar bilan bemalol raqobatlasha oladi. Fabrikaning asosiy sexlaridan biri boʻlgan reagent sexi texnologik jarayonlarni kerakli miqdordagi reagentlar bilan uzluksiz ta’minlovchi muhim bo‘g‘in hisoblanadi.
Mazkur sexning asosiy funksional vazifasi — flotatsiya va boshqa boyitish bosqichlarida qo‘llaniladigan kimyoviy reagentlarni belgilangan tartibda qabul qilish, xavfsiz saqlash, kerakli konsentratsiyadagi eritma holatiga keltirish hamda ularni texnologik jarayonlarga aniq va me’yorda yetkazib berishdan iborat. Ushbu jarayonlarning barchasi texnologik barqarorlik, mahsulot sifatini ta’minlash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Reagent sexidagi asosiy va eng mas’uliyatli texnologik yo‘nalishlardan biri bu ohak eritmasini tayyorlash uchastkasi hisoblanadi. Mazkur uchastka Turkiyaning Yılmaz Proses Teknolojileri (YPT) kompaniyasi tomonidan zamonaviy muhandislik yondashuvi asosida loyihalashtirilgan bo‘lib, barcha uskuna va texnologik jihozlar to‘liq tayyor holda yetkazib berilgan hamda o‘rnatish ishlari kompleks tarzda amalga oshirilgan. Bu yerda nafaqat ishlab chiqarish ko‘lami katta, balki xavfsizlik va ekologik himoya choralari ham yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan.
Uchastkada zamonaviy changni yutuvchi va aspiratsiya tizimlari joriy etilgan bo‘lib, ular ohak va boshqa changli reagentlar bilan ishlash jarayonida havoga zararli moddalar tarqalishini keskin kamaytiradi. Shuningdek, eritmalar tayyorlash jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan. Bu holat nafaqat ishchi-xodimlarning jismoniy mehnatini yengillashtiradi, balki jarayonni yuqori aniqlikda va doimiy nazorat ostida olib borish imkonini beradi. Eritmalar konsentratsiyasi va dozalash darajasi zamonaviy nazorat uskunalari va aniq dozalash tizimlari yordamida boshqariladi. Buning natijasida har bir texnologik bosqichda eritmalarning sifati barqaror holda ta’minlanadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 3-Mis boyitish fabrikasining reagent sexi ishlab chiqarish texnologiyasi, xavfsizlik talablari, ekologik himoya va avtomatlashtirish darajasi bo‘yicha mintaqadagi boshqa turdosh sexlardan sezilarli ustunlikka ega.
Reagentlarni qabul qilish, saqlash, eritmalarga aylantirish va sifatli dozalash orqali ushbu sex butun boyitish tizimining samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Barcha bosqichlarning mukammal ishlashi ishlab chiqarish barqarorligini, mahsulot sifatini va mehnat unumdorligini ta’minlab, korxonaning umumiy samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.
Maʻlumot uchun Yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan 3-Mis boyitish fabrikasi nafaqat O‘zbekiston Respublikasi, balki butun Markaziy Osiyodagi eng yirik majmualardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Ayni kunlarga kelib jami 6 ta liniyadan 1-texnologik liniya sinov asosida ishga tushirildi. Bugungi kunda jami 3 ta maydalash va qayta yuklash majmuasidan biri to‘liq ishga tushirilgan bo‘lib, qolgan ikkitasida ham montaj ishlari deyarli yakunlangan. Har birining uzunligi 4200 metrni tashkil etuvchi ikkita magistral konveyerlarining birinchisi to‘liq ishga tushirilgan, ikkinchisida so‘nggi montaj ishlari bajarilmoqda. Birinchi bosqichda 42 ming tonna ruda maydalash jarayonidan o‘tkazilib, omborlarga yetkazilgan.
Fabrikaning sex va uchastkalari jumladan yirik maydalash, o‘rta va mayda maydalash, quruq va suvli g‘alvirlash, yanchish va gravitatsiyalash, flotatsiyalash, mis-molibden konsentratini quyiltirish, filtrlash, reagent sexlari, bosh pasaytiruvchi podstansiyalar, texnologik suv ta’minoti va sovitish minorasi tizimlari, dispetcherlik markazi, ma’muriy va maishiy binolar kiradi. Aynan shu ob’yektlarda qurilish-montaj ishlari yakunlanish bosqichida bo‘lib, asosiy uskunalar to‘liq montaj qilinib, bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda.
Sherzod Tilovberdiyev