• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Prezident yangi fabrika qurilishini borib ko‘rdi

23 Dekabr 2021, 8:40 2030

Davlat rahbari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Ushbu inshootga joriy yil 29-iyul kuni tamal toshi qo‘yilgan edi. Bugungi kunda 107 gektar maydonda fabrikaning poydevor qismi qurilmoqda.

Bu loyihaning qiymati 2 milliard dollar bo‘lib, bugungi kunda 861 million dollar o‘zlashtirilgan. Loyihalashtirish ishlariga Italiyaning “Wood” hamda loyihani texnik jihatdan baholash va qabul qilishga Buyuk Britaniyaning “Technip Energies” kompaniyalari jalb qilingan.

Direksiya binolari va quruvchilar uchun shaharcha foydalanishga topshirilgan bo‘lib, yana bir shaharcha qurilishi davom etmoqda.

Yana bir muhim tomoni, xarajatlarni kamaytirish maqsadida fabrika yonida metall konstruksiyalar zavodi barpo etilmoqda.

Yangi fabrikada ruda omborlari, maydalash, yanchish va flotatsiya binolari, gidrometallurgiya sexi, ta’mirlash ustaxonalari, chiqindi xo‘jaligi va boshqa ob’ektlar bo‘ladi. Ish jarayoni zamonaviy uskunalar yordamida boshqariladi. Bu, inson omilini kamaytirib, mahsulot sifati va ish xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi qurilish ishlarini jadallashtirib, 2023-yil yakuniga qadar ishga tushirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shu yerdagi shaharchada Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini 2030-yilgacha rivojlantirishga doir rejalar muhokama qilindi.

Kombinatning JORC kodeksi bo‘yicha baholangan mis resurslari 45 million tonnani, oltin resurlari esa 5 ming tonnadan ziyodni tashkil etadi. Bunga asoslanib, 2030 yilda mis ishlab chiqarish hajmini 515 ming tonnaga, oltinni 52 tonnaga, kumushni 343 tonnaga olib chiqish bo‘yicha konsepsiya tayyorlangan. Buning evaziga kombinatning yillik ishlab chiqarish hajmini 8 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Avvalo, kombinatni transformatsiya qilish doirasida boshqaruv, ishlab chiqarish va logistika jarayonlarini raqamlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish zarurligi ta’kidlandi.

- Eng asosiysi, kelgusi ikki yilda kombinatda zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etib, uni davlat yordamisiz ishlay oladigan, dunyoning yetakchi metallurgiya kompaniyalaridan biriga aylantirish  asosiy vazifa bo‘lishi kerak, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari 3-mis boyitish fabrikasini qurish bilan parallel ravishda 4-fabrikani ham loyihalashtirish muhimligini ta’kidladi. Buning natijasida rudani qayta ishlash hajmi 160 million tonnaga yetib, 3 martaga ko‘payishi mumkin.

Yig‘ilishda mis klasteri tashkil etish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda misni qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 76  million dollarlik 22 ta loyiha shakllantirilgan.

Shuningdek, Prezidentimizning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi chog‘ida Toshkent viloyatida Yarimo‘tkazgichlar va elektronika klasterini tashkil etishga kelishilgan.

Davlatimiz rahbari shu boradagi ishlarni jadallashtirib, elektr texnikasi, energetika, avtomobil sanoati uchun talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerda mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan ham muloqot bo‘ldi.

- Kombinatni, albatta, zo‘r qilamiz. Lekin avvalo odamlar rozi bo‘lishi kerak. Uyi yaxshi, suvi chuchuk, elektri o‘chmaydigan, ishi daromadli bo‘lishi lozim. Buning uchun mahallada qanday muammolar borligini, ularni hal qilib, odamlarga sharoit yaratish uchun nima kerakligini sizlar aytishingiz zarur. Shuning uchun ochiq muloqot qilsak, foydali bo‘ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hokim yordamchilari o‘zlari mas’ul bo‘lgan mahallada ishsizlikni kamaytirish, tadbirkorlik va tomorqachilikni rivojlantirish, yoshlarni sportga jalb etish bo‘yicha rejalarini so‘zlab berdi. Davlatimiz rahbari ularga ishonch bildirib, takliflarini qo‘llab-quvvatladi.

Bo`lishmoq:
Text to speech