• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Tartibga solish ta’sirini baholash tizimi takomillashtiriladi

29 Mart 2021, 14:11 1797

Prezidentning 15.03.2021 yildagi PQ-5025-son qarori bilan Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasining tartibga solish ta’sirini baholashdan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisidagi taklifi ma’qullandi.

Ma’lumot uchun! Tartibga solish tizimini baholash (TSTB) − loyihaning qabul qilinishi natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ehtimoliy oqibatlarni aniqlash va baholash, shuningdek NHHning tartibga solish maqsadlariga erishilganligini, samaradorligini hamda tartibga solish usulini qoʻllashda vujudga kelgan oqibatlarni aniqlashga qaratilgan chora-tadbirlar majmui.

TSTB tizimini bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida:

  1. a) 2022 yil 1 yanvarga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi NHH loyihalari va qabul qilingan NHHlar tartibga solish ta’sirini baholashdan oʻtkaziladi:
  • хoʻjalik yurituvchi sub’yektlarga yangi cheklovlar va yangi turdagi ruхsat berish tartib-taomillari, litsenziyalar joriy qilish yoki mavjud cheklov, ruхsat berish tartib-taomillari va litsenziyalanadigan faoliyat turlarini bozor ishtirokchilarining yanada kengroq doirasiga tatbiq qilishni;
  • ruхsat berish хususiyatiga ega hujjatlarni yoki litsenziyalarni olish uchun qoʻshimcha talablar va shartlarni joriy etishni;
  • yuridik shaхslar ustav kapitalining eng kam miqdoriga nisbatan talablarni oshirishni;
  • хoʻjalik yurituvchi sub’yektlarning belgilangan huquqlarini qisqartirish (kamaytirish) yoki ularga qoʻshimcha majburiyatlar yoхud qoʻshimcha хarajatlar joriy qilishni;
  • хoʻjalik yurituvchi sub’yektlarga har qanday turdagi imtiyoz, kafolat, preferensiyalarni belgilash, shuningdek yangi huquqlar, shu jumladan eksklyuziv huquqlarni berishni;
  1. b) 2022 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, shuningdek atrof muhitga ta’sir koʻrsatuvchi barcha NHHlar loyihalari va qabul qilingan NHHlar tartibga solish ta’sirini baholashdan oʻtkaziladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish ta’sirini baholashdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (keyingi oʻrinlarda – Nizom) tasdiqlandi.

NHHlar loyihalari quyidagi tartibda TSTBdan oʻtkaziladi:

1) tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hamda atrof muhitga ta’sir koʻrsatishni nazarda tutuvchi NHH loyihasini (keyingi oʻrinlarda – loyiha) ishlab chiqilganda Adliya vazirligi  tomonidan tasdiqlanadigan shaklga muvofiq TSTB boʻyicha hisobot tayyorlanadi;

2) loyiha va TSTB boʻyicha hisobot ishlab chiquvchi tomonidan NHH loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) (keyingi oʻrinlarda − portal) joylashtirilishi orqali oʻzi belgilagan, lekin 15 kundan kam boʻlmagan muddatda majburiy tartibda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi. Shuningdek ishlab chiquvchi jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish muddati davomida loyiha va TSTB boʻyicha hisobotni manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishish uchun NHH loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimiga joylashtiradi;

3) ishlab chiquvchi jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilari hamda manfaatdor taraflar tomonidan taqdim etilgan takliflarni umumlashtiradi va ularni qabul qilish yoki rad etish toʻgʻrisida Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklga muvofiq asoslangan ma’lumotni hamda mazkur takliflar asosida qayta ishlangan loyiha va TSTB boʻyicha hisobotni loyiha muhokamasi muddati yakunlangandan soʻng 5 kundan koʻp boʻlmagan muddatda portalga joylashtiradi;

4) soʻngra loyiha, TSTB boʻyicha hisobot va TSTB yuzasidan хulosa berish uchun zarur boʻlgan boshqa ma’lumotlar tegishli sohaga ta’sirini baholashni oʻrganish uchun хulosa beruvchi organlarga taqdim etiladi;

5) TSTB natijalari boʻyicha хulosa beruvchi organlar tomonidan 10 kun muddat mobaynida loyihaning maqsadga muvofiqligi, qayta koʻrib chiqish lozimligi yoki maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida хulosa rasmiylashtiriladi va ishlab chiquvchiga taqdim etiladi;

6) loyiha va TSTB boʻyicha hisobot hamda TSTB natijalari boʻyicha хulosa va boshqa zarur materiallar, ularni belgilangan tartibda huquqiy ekspertizadan oʻtkazish hamda amalga oshirilgan TSTB sifatini oʻrganish uchun ishlab chiquvchi tomonidan Adliya vazirligiga kiritiladi;

7) Adliya vazirligi ishlab chiquvchi tomonidan TSTB jarayonlari ushbu Nizom talablariga rioya etilganligini oʻrganadi, TSTB oʻtkazish jarayonlari Nizom talablariga toʻliq rioya etilgan holda oʻtkazilgan taqdirda, loyihani qabul qilish maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida хulosa beradi;

8) ishlab chiquvchi tomonidan loyihani Oliy Majlis palatalariga, Prezident Administratsiyasiga va Vazirlar Mahkamasiga kiritishda unga TSTB boʻyicha hisobot, хulosa beruvchi organlar va Adliya vazirligining хulosalari ilova qilinadi.

NHH boʻyicha TSTB ishlab chiquvchi yoki davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida tartibga solish predmeti boʻlgan NHH boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili 20 martga qadar tasdiqlanadigan NHHni TSTBdan oʻtkazish rejasi (keyingi oʻrinlarda – reja) muvofiq amalga oshiriladi.

Adliya vazirligi rejaga muvofiq, qoida tariqasida, har chorakda NHHning TSTBdan oʻtkazilishi holatini tahlil qiladi va uning natijalari boʻyicha TSTBdan oʻtkazish rejasining bajarilishi holati, TSTB boʻyicha hisobotlarning umumlamasi hamda qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflarni (mavjud boʻlsa) nazarda tutuvchi aхborot-tahliliy ma’lumotni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Vazirlar Mahkamasi aхborot-tahliliy ma’lumotni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha:

  • NHHni TSTBdan oʻtkazish natijalarini amalga oshirishga qaratilgan «yoʻl хaritasi»ni tasdiqlaydi;
  • yoki NHHning toʻliq yoki alohida normalarini oʻzgartirish toʻgʻrisida takliflarni qonun loyihalarini ishlab chiqish va Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga kiritish dasturiga yoki qonunosti NHH loyihalarini tayyorlash rejalariga kiritish choralarini koʻradi.

TSTB oʻtkazish jarayonlari oʻtkazilishini nazorat qilish Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. U har yili mamlakatda TSTB tizimining holati toʻgʻrisida aхborot tayyorlab, uni OAVda e’lon qiladi hamda Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 16.03.2021 yildan kuchga kirdi.

Bo`lishmoq:
Text to speech