• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Buyuk Britaniya delegatsiyasi OKMKda

01 Dekabr 2022, 14:55 1843

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati dunyoning ko‘plab davlatlari kompainyalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib kelmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda OKMK hamda Buyuk Britaniyaning yetakchi kompaniyalari o‘rtasida manfaatli aloqalar o‘rnatilmoqda. So‘zlarimizning isboti sifatida bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlou boshchiligidagi Buyuk Britaniya delegatsiyasi tashrifini ham misol qilsak bo‘ladi.

Delegatsiya tarkibida Buyuk Britaniyaning Xalqaro savdo departamenti bosh direktori Endryu Mitchell, “Weir Minerals” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Karola Shuls, Standard Chartered Bank tuzilgan eksportni moliyalashtirish bo‘yicha direktori Desislava Radevalar kelishdi.

Har ikki tomon o‘rtasida tashkil etilgan uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari, Standard Chartered va UKEF bankining OKMK infratuzilmasi va kapital loyihalari uchun moliyaviy yechimlari muhokama etildi.

Uchrashuvda kombinat faoliyati haqida videorolik namoyish etildi.

Shuningdek, muzokaralar chog‘ida Britaniyaning tog‘-konchilik sohasidagi kompaniyalari va OKMK o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan 3-Mis boyitish fabrikasiga “Weir Minerals”ni xizmat ko‘rsatish yuzasidan kelishuv muhokama qilindi.

Yuqori martabali mehmonlar tashrif davomida “Qalmoqqir”, “Yoshlik-1” konlariga, yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasiga hamda Mis eritish zavodiga ham borishib, texnologik ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishdilar.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, OKMK hamda Buyuk Britaniyaning bir qator kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Jumladan, joriy yilning 29-noyabr kuni OKMK va “Weir Group plc” kompaniyasi o‘rtasida Mis boyitish fabrikasiga uskunalar yetkazib berish bo‘yicha 14,2 mln yevrolik shartnoma imzolandi.

Shuningdek, 3-Mis boyitish fabrikasining loyiha hujjatlarini texnik jihatdan baholash va qabul qilish uchun Buyuk Britaniyaning “Technip Energies” kompaniyasi jalb qilingan.

Bundan tashqari, xalqaro miqyosda tan olingan standartlar orasida ajralib turuvchi JORC kodeksi bo‘yicha OKMK zahiralarini hisoblash ishlarini ham aynan Angliyaning dunyodagi yetakchi kompaniyasi sanalgan “SRK consulting” amalga oshirgan.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech