• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Chodak: Mehnatkashlar manzili

27 Sentyabr 2024, 8:51 509

Chodak kon boshqarmasi mamlakatimizda oltin olish sanoatining to‘ng‘ich korxonalaridan biri hisoblanadi. O‘tgan asrning 50 yillarida tadqiq etilgan “Pirmirob” va “Guzaksoy” konlari kon boshqarmasining asosiy qon tomiri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

So‘nggi yillarda ushbu kon quvvatlarini oshirish yo‘lida katta qadamlar tashlanayotgani e'tiborlidir. Buni birgina joriy yilda amalga oshirilgan keng qamrovli ishlardan ham ko‘rish mumkin. Jumladan, mehnat unumdorligini ta'minlash maqsadida ishlab chiqarish maydonlarini zahira elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun quyosh batareyalarini o‘rnatilib, foydalanishga topshirildi.

Umumiy quvvati 375 kVt/soatni tashkil qiladigan mazkur panellar ayni damda kondagi ishlab chiqarish samaradorligini yanada yuqori bosqichga olib chiqayotganligini aytib o‘tish lozim. Shuningdek, suv ta'minoti nasos stansiyasining qurilishi ham bugun o‘z samarasini bermoqda. Mazkur stansiya Oltin saralash fabrikasini texnologik suv bilan ta'minlash vazifasini o‘taydi.

Bundan tashqari, Chodak tarixida birinchi marotaba “Pirmirob” konida yer osti qiya transport rampasi ishga tushirilishi kutilmoqda. Bu esa “Pirmirob” shaxtasi ma'dan qazib olish faoliyati muddatini uzaytirishga xizmat qiladi.

Bu kabi imkoniyatlardan unumli foydalangan holda barcha vazifalarni oqilona ado etib kelayotgan konchilar jamoasi sarhisob yili avvalidan to bugungi kungacha ruda qazib olish ishlarini 103,6%ga, kon qazish ishlarini 115,4%ga, kon-qidiruv rejasini 118,5%ga, rudani qayta ishlash vazifasini esa 105,3%ga uddalashga muvaffaq bo‘lishdi. Oltin tarkibli rudani qazib olish ishlari 103,5%ga bajrilgan bo‘lsa, kumush tarkibli rudani qazib olish majburiyati 150,1%ga ado etilgani kon fidoyilariga alohida iftixor bag‘ishlaydi.

Konchilar tomonidan o‘z vaqtida yetkazib berilayotgan rudalarni qayta ishlash asnosida qimmatbaho metallar olinishida o‘z jonbozliklarini ko‘rsatib kelayotgan boyituvchilar birinchi metall topshirig‘ini 104,4%ga, ikkinchi metall rejasini 154,4%ga amalga oshirdilar.

Yuqori ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari ortida albatta konchi-mehnatkashlarning faxrli nomlari e'tirof etiladi. Ular safidagi “Pirmirob” shaxtasi lahm o‘tuvchisi Sharifjon Qo‘chqorov, portlatuvchi Tohir Hotamov, yuklash mashinasi mashinisti Kamol Tuyg‘unov, yer o sti elektromontyori Avazjon Roziqov, “Guzaksoy” shaxtasi konchilari Sharifjon Xolmurodov, Ibrohim Atkiyev, yer osti elektromontyori Akmal Nishonov, mustahkamlovchi Farhod Kamolov kabi o‘z ishining ustalarining mehnati o‘laroq kon boshqarmasi yangi muvaffaqiyat marralari sari dadil odimlar tashlab bormoqda. O‘z smenasini doimo ilg‘orlar safida tutib, jamoada ishchan muhitni yaratib kelayotgan bu kasb egalari nafaqat kon majburiyatlarida, balki Oltin saralash fabrikasini rudalar bilan izchil ta'minlanib borishida ham g‘ayrat-shijoatlarini namoyon etib kelishmoqda. Shuningdek, Sobirxon Mavlonov, Bahriddin Nazmiyev, Akromjon Nishonov, Ravshan Mahmudov singari ishchi-xodimlar mehnati bilan mavjud kon texnikalaridagi ta'mir ishlarining qat'iy tartibda, sifatli olib borilishi mehnat unumdorligining asosiy omiliga aylanmoqda.

Boshqarma konchilari birgina ishlab chiqarish topshiriqlari bilan chegaralanib qolmay, “Yashil makon” loyihasida ham faol ishtirok etib kelishayotganini alohida ta'kidlab o‘tish lozim bo‘ladi. Xususan, ular ushbu loyiha doirasida bo‘sh yotgan 10 gektar yer maydonini o‘zlashtirgan holda mingga yaqin daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishib, parvarishlash ishlarini olib borishmoqda. Daraxt ko‘chatlarini sug‘orish uchun diametri 150 mm bo‘lgan 900 metr quvur tortishgani chodakliklarning tabiatga bo‘lgan mehri hamon an'anaviy qadriyat sifatida davom etayotganidan dalolat beradi.

O‘z o‘rnida kon boshqarmasi rahbariyati ham ishchi-xodimlarning ish sharoitlarini yaxshilash, ularni ijtimoiy himoya qilish maqsadida o‘zining bir qator dasturlarini, qurilish loyihalarini amalga oshirib kelayotgani diqqatga molikdir.

Bugun konchilar bilan suhbatlashar ekansiz, ularning oylik va yillik marralar sari ildam qadam tashlab, ertangi kunga umid bilan qarashayotganliklari suhbatlarda ayon bo‘ladi. Ishlab chiqarish, madaniy-maishiy hayotida keskin o‘zgarishlar kirib kelayotganidan quvonishadi. Ko‘zlangan yangi marralar zabt etilishida rahbarga yelkadosh, xayrixox bo‘lishga intilishadi. Bir maqsad yo‘lidagi intilish va hammaslaklik yangi muvaffaqiyatlarga yo‘l ochib boraveradi.

Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech