• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Flotatsiya — boyitish jarayonining asosiy bosqichi

06 Noyabr 2023, 8:40 1886

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun alohida ahamiyatga ega «Yoshlik-I konini oʻzlashtirish» investitsiyaviy loyihasi doirasida yangi 3-sonli Mis boyitish fabrikasini qurish ishlari bugungi kunda jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. E’tiborlisi, yangi Mis boyitish fabrikasi texnologiyasi toʻliq zamonaviy uskunalar yordamida avtomatlashtirilgan boʻladi. Bu texnologik ishlab chiqarish jarayonida inson omilini kamaytirib, mahsulot sifatini yaxshilaydi va mehnat unumdorligini oshiradi. Ma’danlarni boyitishga tayyorlash jarayoni Maydalash sexidan boshlanadi, maydalangan va sinflarga ajratilgan ma’danning 60 mm dan kichik boʻlgan sinflari Mayda-maydalash boʻlimida 6 mm va undan kichik holatga keltiriladi. Soʻngra suvli gʻalvirlash jarayoniga yuboriladi. Maydalash jarayonidan oʻtgan ma’danlar Yanchish va flotatsiyalash sexiga yuboriladi. Sexning Yanchish va gravitatsiyali boyitish uchastkasida sharli tegirmonlar yordamida yanchiladi va “Intertech” firmasi tomonidan oʻrnatilayotgan Falcon gravitatsion dastgohi yordamida boyitish jarayoni amalga oshiriladi. Falcon gravitatsion dastgohining vazifasi ma’danning tarkibida flotatsiya yoʻli bilan ajratib olinishi ilojisi boʻlmagan qimmatbaho elementlarni gravitatsiya usuli orqali ajratib oladi. Gidrosiklonga yuborilgan mahsulot quyilma va qumga ajraladi, gidrosiklon quyilmasi  flotatsiyaga yuboriladi, qumi esa sharli tegirmonga tushadi hamda 0.074 mm oʻlchamgacha yanchiladi. Asosiy boyitish jarayoni Flotatsiyalash uchastkasida amalga oshiriladi. Oʻrni kelganda  aytib oʻtish kerakki rudani boyitish 3 bosqichda amalga oshiriladi, bular tayyorlash, asosiy boyitish va yordamchi jarayonlardir, flotatsiya jarayoni bunda asosiysidir.

Dastlab 6 ta boʻlimlardagi kontaktli chanda ya’ni maxsus uskunada boʻtanaga reagentlar qoʻshiladi va arashtiriladi. 2 bosqichli flotatsiyadan oʻtadigan mahsulot har bir boʻlimdagi BISSERLI vertikal tegirmonlarda yanada yanchilib mayinlashtiriladi, bu esa boyitmaning yuzasini ochib beradi va rangli va qimmatbaho metallarni ajratib olish samaradorligini oshiradi. Flotatsiya jarayonida boʻtana boyitma va chiqindiga ajratiladi. Navbatdagi bosqich esa qoʻyiltirgichlarda davom etadi. Boʻlinma hajmi 300 metr kubli 54 ta va 50 metr kubli boʻlgan 60 ta flotomashina, 36ta 20metr kubli flotomashina va 6 ta BISSERLI vertikal tegirmonlar bilan jihozlanadi. Uning maydoni 28 000 m² dan iborat boʻlib, mazkur boʻlinma ishga tushirilishi natijasida umumiy 165 nafar muhandis va texnik xodimlar uchun ish oʻrni yaratiladi. Bugungi kunda Flotatsiya uchastkasida beton ishlari 70%ga bajarilgan va Finlyandiyaning “METSO OUTOTEC” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan flotatsiyalash qurilmalarining jami 6 ta boʻlimidan 2 tasining montaj ishlari yakunlanish arafasida. OKMK tarkibidagi boshqa fabrikalar bilan solishtiradigan boʻlsak flotatsiyalash boʻlinmasida bir qator afzalliklar mavjud. Boisi bu yerdagi barcha uskunalar joriy fabrikalardan hajm jihatidan ustunlikka ega. Ya’ni, boʻlinmada uch barobar koʻproq ma’dan boyitiladi. Buning ortidan energiya tejamkorligiga ham erishiladi. Kombinatning istiqbolli korxonalaridan biri boʻlishi kutilayotgan yangi obyekt Mis ma’danlarini kompleks ravishda boyitishning eng ilgʻor texnologiyalari qoʻllanishi koʻzda tutilayotgan 3-MBF MDH davlatlari ichida yagona va betakror boʻlishi shubhasiz.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech