• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish davr talabi

11 Iyun 2024, 17:8 906

Ayni kunlarda yurtimizda energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalarini oʻrnatish boʻyicha qator qulayliklar, soliq imtiyozlari yaratilgan.

Quyosh panellaridan foydalanilganda elektr energiyasi tekinga olinadi. Quyosh panellari orqali elektr energiya ishlab chiqarilganda atrof-muhitga hech qanday zararli gazlar chiqmaydi. Eng asosiysi, quyosh panellari oʻrnatilgan paytdan boshlab daromad olib kela boshlaydi. Bunday qurilmalar binolarning tom qismida hamda boʻsh yer maydonlarga oʻrnatilgani uchun ishlash jarayonida hech qanday shovqin boʻlmaydi. Zamonaviy vositalar xonadonni uzluksiz elektr energiyasi ta’minlash imkonini beradi.

Bu qurilmalarni oʻrnatish juda oson va uzoq yillar texnik xizmat koʻrsatish talab etilmaydi. Mazkur qurilmalar maxsus sinov laboratoriyalar tekshiruvidan oʻtkazilgan holda oʻrnatilishi sababli oʻrtacha 20-25 yil davomida xizmat koʻrsatadi. Xonadon egasi ehtiyojidan ortgan qismini elektr tarmoqlari korxonasiga sotib, daromad qilish ham mumkin. Bunda jismoniy shaxslardan hech qanday soliq toʻlovlari undirilmaydi.

Mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish orqali energiya resurslarini tejash, barqaror energiya ta’minotini yaxshilash sohasida bosqichma-bosqich istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2022 yil 10 iyundagi “Iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha obyektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 48-sonli bayonida belgilangan ustuvor vazifalar asosida hamda 2023 yil 16 fevraldagi «2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» PQ-57-sonli qaroriga muvofiq, hozirgi kunda “Olmaliq KMK” AJ tomonidan ishlab chiqarish quvvatlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2022 yilda OKMK obyektlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun umumiy quvvati 750 kVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirildi. 2023 yilda ushbu fotoelektr stansiyalarda 638 ming kVt.soatdan koʻproq elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

2023 yilda quyosh fotoelektr stantsiyalarini oʻrnatish boʻyicha reja-jadvalini amalga oshirish maqsadida umumiy quvvati 9 041 kVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalarini oʻrnatish va ishga tushirish belgilangan. Bunda kombinatning jami 30 dan oshiq obyektida (8 062 kVt ishlab chiqarish obyektlari, 979 kVt ijtimoiy obyektlarda) oʻrnatilishi koʻzda tutilgan.

Hozirda, “Olmaliq KMK” AJ ijtimoiy soha va ishlab chiqarish obyektlarida oʻrnatilgan umumiy quvvati 9 041 kVt quyosh panellari bosqichma-bosqich tarmoqqa ulash ishlari davom etmoqda..

Shu kunga qadar oʻrnatilib, ishga tushirilgan quyosh fotoelektr stantsiyalar tomonidan 488 ming kVt. soatdan koʻproq elektr energiyasi ishlab chiqarildi (488 mln soʻm tejaldi).

Ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarimiz bardavomlik kasb etadi.

Shuningdek, joriy yilning 10 iyun kuni OKMK rahbariyati tashabbusi bilan bosh energetik xizmati, Energomenejer xizmati va Yoshlar ittifoqi hamkorligida “Qayta tiklanuvchi energiya manbaalari” mavzusida tashkil etilgan koʻrgazmada ham hamshaharlarimizga quyosh energiyasi boʻyicha batafsil ma'lumot berildi.
Ushbu koʻrgazmada kombinat ishchi-xodimlari hamda Olmaliq shahar aholisi quyosh foto elektr stantsiyalari va quyosh geliokollektorlari bilan tanishtirildi.
Koʻrgazmada dunyoning yetakchi kompaniyalarining yurtimizda faoliyat yuritib kelayotgan vakillarri koʻrgazma ishtirokchilariga quyosh energiyasining samarasi, qurilmalar, ularga texnik xizmat koʻrsatish, narx-navolari, davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar bo’yicha ma'lumot berishdi.

Sadriddin Bashanov,

OKMK Energomenejer xizmati boshligʻi

 

Bo`lishmoq:
Text to speech