Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33“Olmaliq KMK” AJ rahbariyati tomonidan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini oshirish, texnik va texnologik jihozlarni qayta jihozlash va modernizatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish obyektlarini qurish bilan birga raqamlashtirish darajasini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
“Olmaliq KMK” AJni transformatsiya qilish doirasida kombinat tomonidan 2022 yil uchun 26 yanvar 81-sonli buyrug‘i bilan kombinatning biznes jarayonlari va texnologik jarayonlarini avtomatlashtirish darajasini oshirishga qaratilgan 27 ta chora-tadbirdan iborat (234 mlrd. so‘mga) ish rejasi tasdiqlandi va qo‘shimcha 30 dan ziyod loyihalar joriy etilmoqda.
Jumladan, yuqoridagi topshiriq va vazifalarni amalga oshirish uchun “Raqamli OKMK-2030” konsepsiyasi tasdiqlandi. Mazkur konsepsiyada kombinat ishlab chiqarish va biznes jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha strategik maqsadlar qamrab olingan. Shuningdek, konsepsiyada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda kon-metallurgiya tarmog‘i samaradorligini oshirishning asosiy yo‘nalishlari belgilangan.
Bugungi kunda, OKMKda konchilik geologiyasi sohasini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, geologik qidiruv ko‘lami va samaradorligini oshirish maqsadida xalqaro mutaxassislar tajribalarini inobatga olgan holda dasturiy ta'minotlardan foylanib kelinmoqda. Bu kombinatda ishlab chiqarish va biznes-jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha strategik maqsadlarni amalga oshirishni jadallashtirish bilan birga, tog‘-kon sanoati tizimida olib borilayotgan ishlar samaradorligini ham bir necha barobarga yengillashtiradi.
Kon-geologik axborot tizimini amalga tadbiq qilish orqali Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ishlab-chiqarish quvvatlarini va samaradorligini oshirishga erishilmoqda.
Yuqoridagi hujjatlar asosida "Olmaliq KMK” AJda “Kon-geologik axborot tizimlarini (KGAT) rivojlantirish konsepsiyasi" ishlab chiqildi. Ushbu konsepsiya sohadagi xalqaro ekspertlar, shu jumladan "SRK Consulting" kompaniyasi mutaxassislari fikrlarini hisobga olingan holda tuzildi.
"KGAT konsepsiyasi"ni ishlab chiqishda yirik xalqaro BHP, Vale, Rio Tinto konchilik kompaniyalari hamda MDHda Polyus Zoloto, Polimetall, Kaz Minerals, Nordgold, ERG kabi kompaniyalarning tajribasi o‘rganildi.
Mazkur loyiha “Olmaliq KMK” AJ tasarrufidagi tarkibiy bo‘linmalarda kon-geologik axborot tizimini joriy etishni ko‘zda tutadi.
Datamine Studio NPVS dasturiy ta'minoti ayni paytda ochiq kon ishlarini strategik rejalashtirish uchun qo‘llanilmoqda.
Dastur orqali kombinat geologlari ma'danlarni ochiq usulda qazib olishni strategik rejalashtirish va optimallashtirish, iqtisodiy, texnologik parametrlarni hisobga olgan holda kar'erning chegara konturini aniqlashtirish, shuningdek, belgilangan hududlarda ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish kabi bir qator muhim jarayonlarni olib borishadi.
JORC kodeksining xalqaro talablariga muvofiq, kombinatda investision jozibadorlikni oshirish, dunyo amaliyoti talablariga muvofiq korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, mahsulotning raqobatbardoshliligini oshirishga erishish maqsad qilib olingan.
Albatta, ushbu tizimni amalga oshirish orqali kombinat geologiya xizmati xodimlarining oldida hali ko‘plab vazifalar amalga oshirilishi reja qilingan. Unga ko‘ra, kon ishlarini uzoq, o‘rta va qisqa muddatli strategik rejalashtirish, sifat ko‘rsatgichlari dinamikasini hisobga olgan holda qazib olish ishlarining maqbul rejimini aniqlash talab etiladi. Bu ishlarni amalga oshirishda 3D shaklidagi blokli modellardan foydalangan holda shartli modellashtirish, sifat va miqdoriy parametrlarning joylashishini va taqsimlanishini aniqligini oshirish nazarda tutilgan.
Ushbu ishlar bosqichma bosqich amalga tadbiq qilinishi oqibatida yagona ma'lumotlar bazasiga ega mineral resurslarni boshqarish va ishlab chiqarishni kon-geologik ta'minlash bo‘yicha yaxlit axborot tizimi shakllantirilmoqda.
Dasturiy ta'minotning asosiy vazifalari (majmuasi) belgilangan konturlarda optimallashtirish, tog‘-kon ishlari yo‘nalishini optimal tanlashni ta'minlaydi.
Shuningdek, marksheyder, konchi va geologlar uchun konning yagona raqamli ma'lumotlar bazasi yaratildi va xalqaro JORC kodeksi asosida zaxiralarniing hisobga olish aniqligi oshirildi.
Ushbu konsepsiya doirasida kombinat geologiya bo‘limi tashabbusi va Ishlab chiqarishni avtomatlashtirib boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Geolims dasturi ishlab chiqildi.
Geolims dasturi kombinatda o‘z tuzilmasi ko‘rinishida yagona dastur hisoblanib, OKMKda barcha geologik ishlarini olib borish, natijalarini saqlash, qayta o‘zgartirish ishlarini raqamlashtirish hamda bo‘linmalar orasida ma'lumotlar almashinuvini tezlashtirish imkonini beradi.
Geolims dasturini tuzish 3-bosqichga bo‘lingan.
1-bosqichda IChAB xodimi yetakchi dastur muhandisi Saydullo Xamitjonov va geologiya sohasi mutaxasislari bilan birgalikda yagona geologik ma'lumotlarni saqlash ba'zasi yaratildi.
2-bosqichda IChAB xodimi 1-toifali dastur-muhandisi Jahongir Mahamadjonov va geologiya sohasi mutaxassislari bilan birgalikda Qalmoqqir kon boshqarmasi namuna tayorlash, laboratoriya va kon uchastkalari orasidagi ma'lumot almashinuvining tezkor bazasi yaratildi.
3-bosqich esa IChAB xodimlari va geologiya sohasi mutaxassislari bilan birgalikda ma'lumotlarni geologik tahlil qilish ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Hozirgi kunda geologiya sohasida ham barcha geologik ma'lumotlar elektron ko‘rinishiga olib kelinmoqda. Shu sababli kombinat geolog mutaxassislari o‘zlarining uchastkasidagi mavjud geologik ma'lumotlardan muntazam foydalanish uchun Geolims dasturiy ta'minoti geologiya bo‘limi taklifiga binoan IChAB bilan hamkorlikda yaratilib, takomillashtirilib borilmoqda.
Geolims dasturiy ta'minotining ahamiyatli tomoni shundaki, kombinat tarmog‘i(set) va internet tarmog‘i orqali planshet va mobil uskunalar yordamida foydalanish mumkin. Hozirda kombinatimiz konlarida burg‘ilash ishlari olib borilmoqda. Burg‘ilash jarayonida olingan kern namunalari jahon standartiga muvofiq JORC kodeksi bo‘yicha hujjatlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu geologik hujjatlar 13 ko‘rinishdagi ma'lumotlar Geolims dasturiy ta'minotiga yuklanadi.
Ushbu yuklangan geologik ma'lumotlardan har bitta geolog uchastkasiga tegishli bo‘lgan ma'lumotlardan havola orqali login parolini kiritib, dasturiy ta'minotga kirib, o‘ziga kerakli qismlaridan foydalanish mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, geologiya sohasiga raqamlashtirishning qo‘llanilishi yuqori samaradorlikka sabab bo‘lmoqda.
Hozirgi kungacha bajarilgan ishlar geologiya sohasini raqamlashtirish maqsadidagi dastlabki qadamlardan biri bo‘lib, oldinda ulkan rejalar bor.
Axborot xizmati