• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“InnoWeek.Uz-2022” haftaligida OKMK ham ishtirok etmoqda

18 Oktyabr 2022, 15:54 1222

Bugun "InnoWeek.uz-2022" Xalqaro Innovatsion g‘oyalar haftaligi o‘z ishini boshladi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu xalqaro haftalikda 50 dan ortiq xorijiy davlatlardan va mahalliy ilmiy-innovatsion markazlar, investitsiya fondlari, texnologiya agentliklari, texnoparklar va biznes-inkubatorlar vakillari, ekspertlar, olimlar qatnashmoqda.

Shuningdek, ushbu xalqaro haftalikda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham ilmiy va innovatsion ishlanmalari, mahalliylashtirish dasturi asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlari bilan ishtirok etayapti.

“Barqaror rivojlanish uchun yashil innovatsiyalar” shiori ostida o‘tkazilayotgan haftalik doirasida 30dan ortiq tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, innovatsiyalar kirib borgan har bir sohalarning faoliyatiga e'tibor qaratiladi va ko‘rgazmalarda taqdim etilishi inobatga olingan.

Haftalik doirasida tashkil etilayotgan innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasida respublikamiz olimlarining ilmiy ishlanmalari, innovatsion mahsulotlar, startap loyihalari namoyish etiladi. Ilmiy ishlanmalar Tijoratlashtirish forumining kuzgi bosqichida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan ilmiy loyihalar natijalari taqdimoti o‘tkaziladi.

Ushbu haftalik doirasida 19-oktabr kuni Osiyo va Tinch okeani texnologiyalar transferi markazining “Yashil innovasiyalar bo‘yicha texnik hamkorlik mexanizmlari” mavzusida mintaqaviy seminar o‘tkaziladi. Mazkur tadbirda atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi xavfini kamaytirish va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan yashil innovatsiyalar, yangi texnologiyalarning joriy etilishi talab etiladigan global muammolar muhokama qilinadi.

Haftalik doirasida an'anaviy ravishda o‘tkazilib kelinayotgan "International Robotics Challenge" robototexnika musobaqasi bo‘lib o‘tadi. 16 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab olgan ushbu musobaqada robototexnikaga qiziquvchi yoshlar o‘zaro bellashadi hamda eng yaxshi ishtirokchilar qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlanadi.

“InnoWeek.Uz-2022” haftaligining 20-oktabr kuni “Fan va innovatsiyalar xalqaro ilmiy forumi, “Fan va innovatsiya” yosh olimlar xalqaro ilmiy anjumani bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga xuddi shu kuni “Innovatsion g‘oya yetakchisi” ko‘krak nishoni hamda Jahon bankining grant dasturlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi tashkil etiladi. “Turkiy davlatlar tashkiloti: “Aqlli shaharlar” masalalariga ixtisoslashgan” mavzusidagi IT mutaxassislari uchun ekspertlar konferensiyasi va “Energosamaradorlik va uglerodsiz kelajak energetikasi yo‘lida” mavzusidagi xalqaro konferensiyasi ham shu kuni bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, startap loyihalari jamoalari tomonidan ekologiya masalalari yechimlari va investisiya jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilinadi.

Haftalikning so‘nggi kuni esa “International Robotics Challenge” musobaqasining yakuniy bosqichi, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilayotgan fundamental loyihalar taqdimoti tashkil etiladi. Shuningdek, 21-oktabr kuni “O‘zbekistonda mis sanoatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi seminar ham o‘tkaziladi.

21-oktabrga qadar davom etadigan haftalik davomida xalqaro va mahalliy hamkorlar bilan shartnomalar va memorandumlar imzolanishi kutilmoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech