Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Jamoa shartnomasi — ijtimoiy sheriklikning mustahkam poydevori

27 Yanvar 2026, 7:59 111

Kombinatning ko‘p ming kishilik ahil jamoasi uchun Jamoa shartnomasi shunchaki hujjat emas, balki ishonchli himoya qo‘rg‘onidir. Ayni kunlarda OKMK jamoa shartnomasining 2025-yilda bajarilishi yuzasidan kombinat tarkibiy bo‘linmalarida konferensiyalar o‘tkazilmoqda. Jumladan, Angren kon boshqarmasi, Issiqlik elektr markazi, Kovuldi koni, Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi, Avtomobil transport boshqarmasi, Texnik nazorat xizmati, 2-Mis boyitish fabrikasi, Portlatish materiallari zavodi, Rux zavodi kabi korxonalarida hamda OKMK futbol klubida tashkil etildi.

Konferensiyalarning kun tartibida asosan 2025-yilda jamoa shartnomasining bajarilishi yuzasidan hisobotlar, 2026-2028-yillar uchun tuziladigan Jamoa shartnomasiga takliflarni tinglash hamda kombinat mehnat jamoasining koferensiyasiga delegatlar saylash kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Tadbirlarda korxonalarning rahbariyati, kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislari, komiyassiyalarning mas’ullari, delegatlar ishtirok etishdi.

Hisobotlarda ta’kidlanganidek, 2025-yil davomida xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yosh mutaxassislarga sharoit yaratish va faxriylarni e’zozlash borasidagi bandlar to‘liq ijro etildi.

Konferensiyalar davomida ma’muriyat va kasaba uyushmasi vakillari tomonidan Jamoa shartnomasining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha batafsil hisobotlar taqdim etildi. Xususan, o‘tgan hisobot davrida ilg‘or ishchi-xodimlarni muntazam rag‘batlantirib borish tizimi samarali ishladi. Bu esa o‘z navbatida mehnat unumdorligining oshishiga zamin yaratdi.

 Xodimlarning xavfsizligini ta’minlash doimiy e’tiborda bo‘ldi. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlar kuchaytirildi.

Kombinat xodimlari va ularning farzandlarini, oila a’zolarini yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlari va sanatoriy-kurortlarda dam olishini tashkil etish borasidagi bandlar to‘liq bajarildi. Qolaversa, moddiy yordam ko‘rsatish, bayramlar munosabati bilan rag‘batlantirish an’anasi davom ettirildi.

Hisobotlar tinglangach, muzokaralar o‘tkazildi. Konferensiya ishtirokchilari, sex va uchastkalarning ishchilari, faxriylar va yosh mutaxassislar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ma’muriyatga murojaat qilishdi.

Xodimlar tomonidan ijtimoiy kafolatlarni yana-da kengaytirish bo‘yicha kabi takliflar bildirildi.

 Barcha bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar atroflicha o‘rganilib, yangi Jamoa shartnomasi loyihasiga kiritish uchun mas’ullarga yetkazildi.

Konferensiyalar yakunida delegatlar 2025-yilda jamoa shartnomasining bajarilishini "qoniqarli" deb baholashdi.

Tegishli qarorlar qabul qilinib, 2026-yil uchun yangi majburiyatlar belgilab olindi.

O‘tkazilgan mazkur konferensiyalar OKMK jamoasining birdamligini, ma’muriyat va xodimlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va manfaatlar mushtarakligini yana bir bor namoyon etdi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech