• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Kon-metallurgiya sohasi uchun dolzarb ilmiy tadqiqotlar

20 Aprel 2023, 10:49 2136

Joriy yilning 17-18 aprel kunlari MTTU MISiS Olmaliq filialida “Fan va yoshlar-2023” III yoshlar ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

“MTTU MISiSning 78- Ilm-fan kunlari” doirasida o‘tkazilgan konferensiya “Olmaliq KMK” AJ qo‘llab-quvvatlashi bilan tashkil etildi.

Tadbir avvalida so‘z olgan oliygoh filialining direktori Farhodbek Umarov filial tashkil etilganidan buyon oliygohda foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash texnologiyasini takomillashtirish, texnogen chiqindilarni qayta ishlash, texnologiyalarini ishlab chiqish, energiya va resurs tejamkorligi kabi sohalarda faol ilmiy faoliyat yo‘lga qo‘yilganini ta'kidladi.

Konferensiya ishi to‘rt seksiyaga bo‘lingan holda tashkil etildi. Jumladan, "Tog‘-kon sanoatida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va tog‘-kon uskunalarini rivojlantirish istiqbollari", “Zamonaviy metallurgiyani rivojlantirish tendensiyalari va istiqbollari. Kelajak materiallarini olish texnologiyasi", "Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun axborot texnologiyalari", "Matematik modellashtirish va tabiiy fanlar. Muhandislik sohalari talabalari uchun zamonaviy ta'lim va ingliz tilini o‘qitish" kabi mavzularda talabalar ma'ruza qilishdi. Filialning “Kon ishi”, “Metallurgiya”, “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish” yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olayotgan 2-5 kurs talablari tomonidan jami bo‘lib 94ta ma'ruzalar tinglandi.

Yosh olimlarning ilmiy izlanishlari tog‘-kon va metallurgiya sanoatining, shu jumladan OKMKning dolzarb muammolariga tegishli ekanligi ahamiyatli. Masalan, "Yoshlik-1" oltin-mis-porfir koni geologik tuzilishining xususiyatlari”, "Karyer samosvalining ishlash samaradorligini oshirish", "Konveyrlarni ta'mirlash va tiklash tizimlarini tahlil qilish", "Ohak kuydirish pechlarining energiya samaradorligini oshirish", "Qalmoqqir konida toshlarni qazish uchun tayyorlash usulini o‘rganish", "Angren Oltin saralash fabrikasi chiqindilarini boyitishni tadqiq qilish", "Ekskovatorlar kovsh tishlarining ishchi yuziga vanadiy bilan modifikasiyalangan yemirilishga chidamli qotishma qo‘llash orqali qattiqlashtirish", "Samosvallarning foydalanilgan shinalarini qayta ishlash texnologiyalarini rivojlantirish", "Kon-metallurgiya ishlab chiqarishining texnogen chiqindilaridan kompleks foydalanish", "Mis ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘lib yotgan shlaklardan texnik kremniy olish jarayonini o‘rganish", "Qalmoqqir konining mis-molibden balansdan tashqari rudalarini boyitish texnologiyasini takomillashtirishning mumkin bo‘lgan variantlari”, "Chuqur  konlarda sun'iy shamollatish", "SBSh 250-MNA-32 burg‘ulash qurilmasiga yonilg‘i quyish vaqtini optimallashtirish", "Rux ishlab chiqarishning texnogen chiqindilarini qayta ishlash usulini o‘rganish va tadqiq qilish", " Sun'iy intellekt yordamida texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish", " Korxonalarni kiberhujumlardan himoya qilish", "Elektr ta'minoti tizimlarining xavfsizligi", "Sun'iy intellekt yordamida"Qalmoqqir" konida changni bostirish" kabi mavzulardagi tadqiqotlarni misol qilish mumkin.

Umuman olganda, yosh olimlarning tadqiqotlari ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, yoqilg‘i-energetika resurslarini, tovar-moddiy boyliklarini tejash, texnogen chiqindilarni qayta ishlashga jalb qilish, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va raqamlashtirish, "yashil iqtisodiyot" ni rivojlantirish va boshqalarga yo‘naltirilgan.

Tadbir yakunida dolzarb tadqiqotlarning mualliflariga qimmatbaho sovg‘alar va diplomlar tuhfa etildi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech