• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Kovuldi koni geologiyasi: shonli tarix, bugungi marralar

01 Noyabr 2022, 9:52 1222

Ayni davrga kelib respublikamizda ishlayotgan konchilik korxonalari - Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Muruntov, Qorakutan, Zarmitan, Marjonbuloq va “Olmaliq KMK” AJga tasarufidagi Angren kon boshqarmasining Ko‘chbuloq, Qizil-olma, Samg‘uron, Qalmoqqir, Xondiza, Kovuldi va boshqa konlari mamlakatimiz iqtisodiyotining asosini tashkil etadi. Bundan ko‘rinib turibdiki mamlakatimizda  konchilik sohasiga katta e'tibor qaratilgan. Xususan, O‘zbekistonda yagona mis ishlab chiqaruvchi korxona hisoblangan OKMK mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan kumushning 90 foizini, oltinning 20 foizini ishlab chiqaradi. Yurtimizdagi eng keksa oltin qazib olish konlaridan biri hisoblangan Kovuldi koni nafaqat OKMKda, balki yurtimizda o‘z tarixi va nufuziga ega tog‘-konchilik korxonalardan biridir. Kovuldi konining 2002-yilda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tasarrufiga o‘tkazilishi uning ishlab chiqarish hayotida yangi davrni boshlab berdi. Bundan bir necha yil oldin 40 yilligini nishonlagan konning geologik o‘rganilishi, foydalanishga topshirilishi va istiqbollari xususida dastlab batafsil to‘xtalib o‘tishimiz zarur bo‘ladi. Shuningdek, o‘z navbatida geologiya sohasi xodimlarining faoliyatiga ham bog‘liq.

Xususan, «Olmaliq KMK» AJ mis molibden rudalarining 100 yildan ortiq ekspluatatsiya qilinishga, oltin tarkibli rudalarning 30 yil, polimetall rudalarining 60 yildan ziyod, ohaktosh va tuproq jinslarining 90 yildan ortiqga  yetadigan zahiralari razvedka qilingan. OKMK yer osti konlari ichida Kovuldi koni respublikamizdagi eng keksa konlardan hisoblanadi.

Olmaliq rudali rayoni qadimdan bizga ma'lum, bu haqida topilgan eramizning IX – XII  - asrlaridagi turli eski kon lahimlari ma'lumot beradi. Shundan bizga ma'lum bo‘ladiki, qadimdan ota – bobolarimiz mis, qo‘rg‘oshin, turli qimmatbaho toshlar va oltinni qazib olishgan hamda qayta ishlashgan. O‘rta Osiyoda olib borilgan dastlabki geologik qidiruv ishlari XIX asrning 70-80 yillariga to‘g‘ri keladi. Bu qidiruv ishlari I.V.Mushketov, G.D.Romanov, N.A.Seversov, va V.N.Veberlar tomonidan olib borilgan. Olib borilgan geologik qidiruv va izlanishlar natijasida Olmaliq rudali rayonida katta miqdordagi foydali qazilma boyliklari zaxirasi borligi ma'lum bo‘ldi. O‘tgan asrning 50-yillari oxirida Olmaliq Geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi tarkibida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan Oqtuproq otryadi vakillari kvars-sulfid ruda tomiri borligini aniqlashgan va shunga asosan Ye.B.Achkasov va V.I.Udot Kovuldida ham aynan shunga o‘xshash zahira borligini ehtimol qilib, o‘rganishga kirishadi. 1965-1966 yillarda olib borilgan geologik qidiruv natijasida I.I.Dabija, Ye.Z.Meshaninov, L.V.Goncharov kabi geologlarning izlanishlari va sa'yi harakatlari evaziga Olmaliq rudali rayonida Kovuldi koni borligi va uning sanoat zahirasi aniqlandi. Bular albatta kolonkali burg‘ulash namunalari natijasi asosida o‘rnatildi. 1968-yilda dastlabki va 1969-yildan mufassal razvedka qilish ishlariga kirishildi va o‘rganilayotgan obyekt Kovuldi konining «Markaziy» uchastkasi deb nomlanadi. Asosiy ruda tanasidan janubda 800 m masofada joylashagan va 1971-yilda dastlabki razvedka ishlari olib borilgan qismi «Janubiy Kovuldi» deb nomlandi. Konning bu qismida izlanish – baholash ishlari 1972-1974 yillarda Ye.Z.Meshaninov tomonidan olib borilgan. Mufassal razvedka qilish ishlari 1978-yilda boshlangan. Konning Markaziy uchastkasi zaxiralarning o‘sishi hisobiga 1974-yildan buyon  qazib olinmoqda.

Markaziy Kovuldining flanglarida 1971-yilda geolog I.I.Dabija tomonidan olib borilgan izlanishlar davomida “Janubiy” uchastkasi topildi. Keyingi  to‘rt yil davomida bu yerda izlash-baholash ishlari keng miqyosda olib borildi, dastlabki razvedka qilish ishlari 1978-79 yillar mobaynida olib borilgan bo‘lsa, mufassal razvedka qilish ishlari ikki bosqichda amalga oshirildi. 1979-82 yillarda birinchi, 1984-87 yillar davomida ikkinchi bosqichda mufassal o‘rganish ishlari olib borildi. 2003-yilning dekabrida uchastkani kapital bunyod etishning birinchi bosqichi o‘z yakuniga yetkazilib u foydalanishga topshirildi. Ayni kunlarda «Yujniy» uchastkasini ochish va qazib olish ishlarining II bosqich ishlari ketmoqda.

Kovuldi konchilari tomonidan joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida ruda qazib olish rejasi 101,9%ga, tog‘-tayyorlov ishlari rejasi 115,1%, ekspluatatsion - qidiruv ishlari 111,6%ga, tog‘ jinsi qazib olish rejasi 106,9%ga, rudani qayta ishlash rejasi 103,1%, flyus tayyorlash rejasi 103%ga bajarilishiga muvaffaq bo‘lindi. Bu mehnat zafari ortida esa yer xazinabonlari - kon geologlarining mehnati turadi.

Hasan Abdullayev,

“Rangli metallar” gazetasi muxbiri

Bo`lishmoq:
Text to speech