Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Lider ayollar jamoasining navbatdagi uchrashuvi

12 Iyun 2025, 15:34 1000

Darhaqiqat, keyingi yillarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, sohaga oid 25 ta qonunchilik hujjati qabul qilindi.

Shuningdek, Gender strategiyasini 2023-2030 yillarda bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun har yilda alohida-alohida kompleks chora-tadbirlar dasturlari tasdiqlanishi belgilandi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida bu boradagi tadbirlar an’anaga aylandi.OKMK hamkorlar lider ayollar jamoasining navbatdagi uchrashuvi 11 iyun kuni Muhandislar maktabida boʻib oʻtdi.

Tadbir avvalida kombinat “Oltin qoʻllar” toʻgaragi a’zolari boʻlgan iqtidorli hunarmand ishchi xotin-qizlarning mehnat mahsuli - ushbu hunarmandchilik va qoʻl mehnati namunalari koʻrgazmasi namoyish etildi.  Shuningdek, kombinat maktabgacha ta’lim muassasalari pedagog va tarbiyachilari tomonidan sun’iy intellektdan foydalangan holda yaratilgan oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar koʻrgazmasi ham tashkil etildi. Mana bu oʻquv qoʻllanmalar va didaktik oʻyinlar jajji bolajonlarning iqtidor va koʻnikmasini yanada oshirib, bilim olishga boʻlgan ishtiyoq va mehrini mustahkmlab boradi.

Shundan soʻng tadbir oʻz ishini boshladi.

Tadbirda taniqli tadbirkorlar, bir qator soha vakillalari va kombinatdagi lider ayollar ishtirok etdi.

Panel sessiya doirasida oʻtkazib kelinayotgan lider ayollar jamoasi tadbirini kombinatning Toshkent shahridagi vakolatxonasi rahbari, kombinat Xotin-qizlar va gender tenglik boʻyicha maslahat kengashi raisi Feruza Hamidova ochib berdi va gender tenglik borasida kombinatda olib borilayotgan ishlarga toʻxtaldi.

Tadbir kun mavzusi Lider ayolning salohiyati va karerada ayollar uchun imkoniyatlar va toʻsiqlar boʻldi.

“Lider ayolning salohiyati, imkoniyat va toʻsiqlar” mavzuida KfW IPEX Bank vakilasi Yekaterina Galitsinaning fikr-mulohazalari, hayotiy tajribalari haqidagi juda qiziqarli ma’lumotlar tinglandi.

OKMK xamkorlar  lider ayollar jamaosining shu kungi uchrashuvi qiziqarli savollarga va sermazmun javoblarga boy boʻldi. Bu kabi uchrashuvlar, davra suhbatlari davom etadi.

Kamola Umaralieva, OKMK boshqaruv raisi maslahatchisi: Bugun Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan yurtimizda xalqaro hamkorlik kengaytirilmoqda, dunyoning turli davlatlari bilan diplomatik, iqtisodiy-siyosiy aloqalar mustahkamlanmoqda. Bu doʻstona munosabatlar, investitsiya jozibardorligini oshirilishi Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini yuksaltirish, barqaror rivojlanish yoʻlidagi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xorijiy hamkorlikning samarali natijalarini Olmaliq kon- metallurgiya kombinatida ham koʻrib turibmiz. Kombinatda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari dunyoning yetakchi davlatlarini  jalb etayapti. Koʻplab xalqaro kompaniyalar, banklar bilan allaqachon mustahkam hamkorlik oʻrnatildi.

Oʻzbekiston-Evropa xalqaro hamkorlik doirasida "OKMK-Hamkorlar" lider ayollar jamoasining tashkil etilishi mamlakatdagi investitsiyaviy islohotlarning samarasi, qolaversa, yurtimizda xotin-qizlarning imkoniyat va salohiyatlarini qoʻllab-quvvatlash va yuzaga chiqarish yoʻlida amaliy sa’y-harakatlar natijasidir.

Xalqaro kompaniyalarning yetakchi ayollari, shu jumladan  Yekaterina Galitsina /KfW IPEX Bank/  ishtirokida oʻtkazilgan navbatdagi uchrashuvda xotin-qizlarning shaxsiy va kasbiy rivojlanish tendensiyalari, liderlik salohiyatini yuksaltirish,  vertikal va gorizontal karyera qilishning samaralari va qiyinchiklari xususida soʻz bordi.

Bu kabi muloqotlar kombinatda xotin-qizlarning bilim va malakalarini yanada mustahkamlash, oʻzlariga, kasbiga ishonch va mas’uliyatni yanada oshirishga turtki boʻlishi aniq.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech