Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 12 mart kuni Geologiya fanlari universitetida O‘zbekistonda litiy kuni (Lithium day Uzbekistan 2024) konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Germaniyaning “Deutsches Lithiuminstitut” instituti hamda GP Papenburg AG kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Konferensiyada Xalqaro litiy bozori ishtirokchilari, Germaniya, Buyuk Britaniya va Finlyandiya kabi davlatlardan soha mutaxassislari, “Olmaliq KMK” AJ, “Navoiy KMK” AJ, “Navoiyuran” DK, Geologiya fanlari universiteti, “Yangi kon” MChJ, “O‘zgeorangmetliti” MChJ, xorijiy konsalting kompaniyalari va boshqa tashkilotlar vakillari qatnashishdi.
Konferensiyani Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari O.Nasritdinxodjayev ochib berar ekan, u tadbirda qatnashayotgan xalqaro litiy bozori ishtirokchilari, xorijiy kompaniyalar vakillariga, xususan Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi, doktor Tilo Klinner, GP Günter Papenburg AG kompaniyasi rahbari Angela Papenburg xonimga minnatdorchilik bildirdi.
Shundan so‘ng, konferensiya o‘z ishini boshladi.
Konferensiya “O‘ta muhim minerallarning global tendensiyalari” va “Birlamchi xomashyo va litiydan olinadigan qo‘shimcha mahsulotlar. Litiyni qayta ishlash texnologiyalari” kabi mavzular asosida 2 ta panel sessiya tarzida o‘tkazildi.
Jumladan, birinchi panel sessiyasida spikerlar tomonidan “O‘zbekistonda muhim foydali qazilmalarning rivojlanishi”, “Germaniyaning Markaziy Osiyo strategiyasi bo‘yicha taqdimoti”, “O‘zbekistonda litiy va muhim minerallar qazib olish loyihalari”, “Xalqaro litiy loyihalari doirasida geologiya va mineral resurslarni baholash” kabi mavzular yuzasidan taqdimotlar qilindi.
Ikkinchi sessiyada Litiy rudalarini qayta ishlash uchun Metso, FLSmidth KBR, GEA engineering kabi xalqoro kompaniyalar oʼzlarining kritik metallarni qayta ishlashdagi texnologik yechimlari va tajribalarini namoyish etdi.
Bundan tashqari, tadbirda sohada izlanishlar olib borayotgan Respublikadagi ilmiy tadqiqot tashkilotlari olimlari va ishlab chiqarishdagi ilg‘or tajribaga ega xodimlar o‘zlarining ishlanmalarini hamda ilmiy yutuqlarini namoyish etdilar.
Konferensiyaning asosiy maqsadi kritik minerallarning dunyodagi tendensiyalari, ularni qayta ishlash texnologiyalarini hamda yarim tayyor mahsulotlardan qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishda xorijiy tajribani o‘rganish va loyihalarni amalga oshirishda layoqatli injinirng kompaniyalari bilan hamkorlik o‘rnatishdan iborat.
Shuningdek, tadbirda OKMK bosh muhandisining texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Abduqahhor Saynazarov “Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida nodir metallarni ishlab chiqarishni ko‘paytirish” mavzusida taqdimot o‘tkazdi.
Aytish joizki, mazkur konferensiya Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasi uchun muhim mavzularni o‘z ichiga qamrab olib, muloqot va tajribalar almashinuvi uchun maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Axborot xizmati