• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Muhandislik maktabida xalqaro andozadagi treninglar tashkil etildi

04 Dekabr 2024, 8:43 103

Zamonaviy ilg’or texnologiyalarni mukammal oʻzlashtirgan yetuk kadrlarni tayyorlovchi OKMKning muhandislik maktabi, dunyoning koʻplab mashhur oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlab kelmoqda. Manfaatli kelishuvlar doirasida togʻ-kon sanoatining xalqaro miqyosdagi professor ustozlari kombinatga tashrif buyurib, maktab tinglovchilari uchun seminar treninglar oʻtishyapti. Ana shunday mashgʻulotlardan biri Oʻzbekiston muhandis-konsultantlar uyushmasi taklifiga binoan, Respublika “OʻzInjenering” loyiha instituti bilan hamkorlikda “FULBRIGHT” DASTURI asosida tashkil etilib, 27-28-noyabr kunlari oʻtkazildi.

Hamkorlik loyihasining birinchi kunida Markaziy Osiyoda Germaniya iqtisodiyoti vakolatxonasi, “GI and Commerce” MCHJ hamda “RWT” payvand maktabi vakillari OKMKda boʻlishdi. MMA, MAG va TIG xalqaro standartiga muvofiq payvandlash texnikasini rivojlantirish boʻyicha amaliy kursni tashkil etishga qaratilgan uchrashuv avvalida kombinatning gazelektr payvandchilari orasidan tanlab olingan amaliyotchi-murabbiylar hamda mehmonlar oʻrtasida davra suhbati boʻlib o’tdi. Unda yosh mutaxassislarni tayyorlashda Germaniya Federativ Respublikasi tajribasi asosida Dual ta’lim tizimini joriy etish maqsadida oʻzaro hamkorlik aloqalari yuzasidan ustuvor yoʻnalishlar muhokama qilindi.

Mehmonlar kombinat tarkibiy boʻlinmalarida boʻlishib, korxona faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Ekskursiya ishlab chiqarish zanjirining ilk boʻgʻini hisoblangan Qalmoqqir konidan boshlanib tayyor mahsulot olinuvchi Mis eritish zavodida yakunlandi.

Delegatsiya a’zolari Metallurg madaniyat saroyidagi kombinat tarixi aks etgan muzeyni ham ko’zdan kechirishdi.

28-noyabr kuni esa AQSHning Ferbenks shahridagi Alyaska universiteti konchilik sohasi boʻyicha faxriy professori, xorijiy ekspert Sukumar Bandopadhyay tashrif buyurdi.

Sukumar Bandopadhyay AQSH Alyaska universiteti faxriy professori:

Men togʻ-kon sanoati boʻyicha 40 yillik tajribam asosida dunyoning koʻplab mamlakatlarida ta’lim berganman. Oʻzbekistonga ham AQSH davlat departamenti tomonidan tashkil etilgan maxsus dastur boʻyicha keldim. Tashrifim davomida oʻz bilim va tajribalarimni OKMK mutaxassislariga ulashishni maqsad qilganman. Oʻylaymanki, bu seminar treninglar xodimlaringizga xorijiy andozalar asosida yangi bilimlarni oʻzlashtirishga yordam beradi.

Muhandislik maktabida 30 dan ziyod kombinat mutaxassislari uchun xorijdan kelgan spiker ishtirokida “Konchilik sanoati ishlab chiqarish va mahsulotlarni oshirish” mavzusidagi seminar trening boʻlib oʻtdi. Unda tinglovchilar xalqaro mutaxassisdan kelgusi ish faoliyatida zaruriy boʻlgan zamonaviy bilim va koʻnikmalarni oldilar.

Mashgʻulot yakunida AQShning togʻ-kon sanoati tajribasini oʻzlashtirgan tinglovchilar, xorijiy ekspertdan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

Bugungi texnologiyalar asrida zamonaviy bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirish har bir xodim uchun nafaqat ish jarayonidagi samaradorlikni ta’minlaydi balki, kasbiy faoliyatida rahbarlik lavozimini egallashlari uchun ham imkon yaratadi. Xorijiy mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan mazkur seminar treninglar ayni shu yoʻnalishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech