Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida joriy yilning 1-choragida barcha ishlab chiqarish vazifalari bajarilishi barobarida mahalliylashtirish bo‘yicha ham belgilangan rejalar uddalandi.
Jumladan, mahalliylashtirish dasturida rejalashtirilgan 75 ta loyiha bo‘yicha hajmi 44,9 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi belgilangan bo‘lsada, amalda 59,6 mlrd so‘mlik mahsulotlar tayyorlangan. Bu esa rejaga nisbatan 132,7 foizni va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 43,1 mlrd so‘mga yoki 138,2 foizga reja oshirib bajarilgan.
Dastur doirasida 220,4 ming dollarlik texnik rux sul'fati eksporti ham amalga oshirilgan.
Kombinatda dastur ijrosi asosan Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi, Rux zavodi hamda Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida amalga oshiriladi.
Dastur bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni korxonalar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak o‘tgan davrda Markaziy ta'mirlash mexanika zavodida 36,5 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida esa 9,6 mlrd so‘mlik, Rux zavodida 13,5 mlrd so‘mlik mahsulotlari tayyorlanishiga erishilgan.
Dastur doirasida bugungi kunda mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha 21 ta yangi turdagi 25,2 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Bularga qattiq qotishmali mahsulotlar – sverlo va frezalar, tosh maydalash tegirmoni qoplamasi, yuqori haroratga chidamli keramik mahsulotlar, vol'fram angidridi, yanchish uskunasining zirhlari, quyma mahsulotlar va boshqalar.
Joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha yangi 12 ta loyiha hisobiga 130 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Natija loyihalar soni 130 tadan oshib, ishlab chiqarish yillik rejasi 340,0 mlrd so‘mga yoki 163 foizga bajariladi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 156 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Jumladan, Chirchiq shahridagi birlashmada 4ta loyiha bo‘yicha 102 mlrd so‘mlik mahsulotlar - molibden, volfram karbidi, qattiq qotishmali vtulkalar ishlab chiqariladi.
Natijada esa import o‘rnini bosish samaradorligi 31,2 mln dollarni tashkil etadi.
Bundan tashqari, qo‘shimcha 19ta loyihalar bo‘yicha “O‘zmetkombinat” AJ “Navoiy KMK” DUK, “O‘zbekko‘mir” AJ va boshqa korxonalar uchun import o‘rnini bosuvchi respublikada avvallari ishlab chiqarilmagan mahsulotlar ishlab chiqarilishi ta'minlanadi.
2022-yilda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni tarmoqlararo kooperatsiyada o‘zlashtirish bo‘yicha mamlakatimiz va xorijning bir qator korxonalar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Xususan, Toshkentdagi “Quyuv mexanika zavodi” bilan 84 turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar - vagon, teplovoz va avtotransportlar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, poytaxtimizdagi yana bir “Apetiks” qo‘shma korxonasi bilan 15 turdagi import o‘rnini bosuvchi yangi mahsulotlar - steklolenta, kiper lentasi va izofleks ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib borilayapti.
Namanganning “Inter Texno prom” korxonasi bilan 4 xil turdagi quyuv mahsulotlari, ekskavatorlar va tegirmonlar uchun ehtiyot qismlarni, Toshkentning “Maxsus polimer” zavodi bilan vannalar uchun kislotaga bardoshli plastmassa, polimerdan qoplamalar, har xil turdagi quvurlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasi o‘rganilayapti.
Shahrimizda Toshkentning “Ulug‘bek Ferrum” korxonasi bilan hamkorlikda Fmn 88 markali ferromarganes mahsulotini ishlab chiqarishni tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqilayapti.
Bundan tashqari Farg‘onaning “Farg‘ona izlanish ixtiro” korxonasi bilan karkaslar, qo‘l filtrlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish o‘rganilayapti.
Rossiyaning “Elektromash” korxonasi bilan Olmaliq yoki Toshkent shahrida izolyasiyalash mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish masalasi ham kun tartibidan joy olgan.
Bundan tashqari, 94ta import qilinadigan mahsulotlar ro‘yxati tayyorlanib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan birga o‘zlashtirish ishlari boshlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-martdagi “2022-yilda hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 134-sonli qaroriga asosan OKMK bu yilda o‘tkazilishi kutilayotgan bir qator ko‘rgazmalarda ishtirok etish belgilangan. Jumldan, joriy yilning 4-5 avgust kunlari bo‘ladigan Toshkent viloyati tarmoqlararo hududiy sanoat yarmarkasi, 20-21 oktyabr kunlari o‘tkaziladigan Navoiy viloyati tarmoqlararo hududiy sanoat yarmarkasi, 14-18 noyabr kunlari tashkil etiladigan Toshkent shahridagi respublika xalqaro tarmoqlararo sanoat yarmarkasida kombinat o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-yanvardagi “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-99-son Qarori bilan joriy yilda 97 loyiha doirasida 208,7 mlrd so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha tarmoq jadvali tasdiqlandi.
Axborot xizmati