Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Bugungi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati yillar davomida to‘plangan texnogen chiqindilarni qayta ishlashga katta e'tibor qaratgan. Chiqindilarni qayta ishlashga jalb etish samarali ekanligi o‘z isbotini topdi.
Samarqand viloyatida joylashgan “Ingichka” koni joriy yilda “Olmaliq KMK” AJ tasarrufiga o‘tkazilgan. “Ingichka” volfram konining texnogen chiqindilarini qayta ishlash va volfram konsentratini ajratib olish hisobiga yangi turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, kuni kecha “Ingichka” konidan ilk volfram mahsuloti olinishiga erishildi.
Ma'lumot uchun volfram - nodir metallar sirasiga kiradi va qattiq qotishmalar uchun asos hisoblanadi. Volframdan po‘latlarni legirlashda, yeyilishga chidamli va issiqbardosh qattiq qotishmalar olishda foydalaniladi. Shuningdek, aviatsiya, kosmonavtika va elektrotexnikada keng qo‘llaniladi. Zichligi yuqori bo‘lganligi uchun undan zirhlar ham tayyorlanadi. Hozirgi kunda jahon bozorida 1kg volframning narxi – 40 dollar.
“Ingichka” konining texnogen chiqindilarini qayta ishlash evaziga yiliga 100 tonna volfram olinadi.
E'tiborlisi, bu loyiha 150 ta yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini berdi.
OKMK Axborot xizmati