Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-332022-yilning 2-mart kuni “Metallurg” madaniyat saroyida OKMK rahbariyati hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti professor olimlari o‘rtasida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda “Olmaliq KMK” AJ bo‘lim rahbarlari va mutaxasislari, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, “Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, MTTU “MISiS” va Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq shahar filiallari professor-o‘qituvchilari, Olmaliq kon-metallurgiya kolleji rahbariyati ishtirok etishdi.
Mazkur uchrashuvda Tog‘-kon va metallurgiya sanoati faoliyatida ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, Tog‘-kon va metallurgiya sanoati korxonalarni soliqqa tortishning dolzarb muammolari, 3-,4-,5-Mis boyitish fabrikalariga zarur kadrlar tayyorlash kabi masalalar muhokama etildi.
Tadbir kun tartibidagi masalalar yuzasidan OKMK boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari S. Shermatov ishtirokchilarga ma'lumot berib, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti hamda “Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislar instituti” milliy tadqiqotlar universiteti va kombinat o‘rtasida mutaxassis kadrlarni tayyorlash, “Ilmiy kengash” faoliyatini yo‘lga qo‘yishda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlarini belgilab olish lozimligini ta'kidladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan “Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislar instituti” milliy tadqiqotlar universiteti professori A. Altiyev bugungi kunda Respublikamiz hududida bo‘lib o‘tayotgan tadqiqotlarni xalqaro darajaga olib chiqish, kadrlarning zamonaviy bilimga ega bo‘lishi, sanoat yerlarini soliqqa tortish tizimini tartibga solish bo‘yicha tegishli idoralarga takliflar berish, sanoat korxonalariga zarur bo‘lgan yangi xalqaro andozadagi yo‘nalishlarni aniqlash va shu yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini ta'minlash to‘g‘risida takliflar berdi.
- Sohada yuqori malakali va zamonaviy fikrlovchi oliy ma'lumotli kadrlarni xalqaro ta'lim standartlariga muvofiq tayyorlashda talabalarni amaliyot bilan uzviy bog‘lash lozim deydi - Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti ilmiy ishlar va innovasiyalar bo‘yicha prorektori X. Saburov. - Sanoat korxonalarini yetuk kadrlar bilan ta'minlashda o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘shimchalar kiritish, professor o‘qituvchilar bilan stajirovkalar hamda talabalar uchun ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish hamda ishlab chiqarishda vujudga kelayotgan muammolarni ilmiy yondashuv asoslarida hal etilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Davra suhbati kombinat mutaxassislari bilan hamkorlikda oliy ta'lim muassasalarining ishlab chiqarishga tegishli ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv rejalari hamda o‘quv dasturlarini tuzishi belgilab olindi. Shuningdek, OKMK tarkibiy bo‘linmalarida mavjud ilmiy muammolar bazasini yaratish, pirovard natijada professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar va magistratura mutaxassisliklarida magistrlik dissertasiya ishlarini bajarishda mazkur bazadagi muammolar mavzusi ostida amalga oshirishni joriy etish bo‘yicha ham mas'ullarga vazifa yuklatildi.
OKMK Fan va innovasiyalar bo‘limi negizida oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini jalb etgan holda “Ilmiy kengash” nizomi ishlab chiqilib, 1 oy muddatda faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va ilmiy izlanuvchilarini ilmiy tadqiqot yo‘nalishlarida samarali mehnat qilishi, maqsadli ilmiy tadqiqot ishlarini o‘tkazish hamda ishlab chiqarish sohasidagi muammolarni birgalikda hal qilishi uchun shart-sharoit yaratib berilishi ham ta'kidlab o‘tildi.
Oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari stajirovkalari hamda talabalarning ishlab chiqarish va diplom oldi o‘quv-amaliyotini kombinatda samarali tashkil etilishi, amaliyot o‘tash jarayonida salohiyatli talabalarni 3-,4-,5-mis boyitish fabrikalariga zarur kadrlar tayyorlash maqsadida ishga taklif qilish choralari ko‘rilishi belgilandi.
Bundan tashqari, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislar instituti” milliy tadqiqotlar universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti bilan OKMK o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzonlanishi kelishib olindi.
Shundan so‘ng, professor-olimlar Qalmoqqir hamda Yoshlik-1 konida amalga oshirilayotgan ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishishdi.
Ma'lumot o‘rnida shuni aytish lozimki hozirgi kunda kombinatda 2 nafar fan doktori, 12 nafar PhD doktorlari va fan nomzodlari mehnat qilishmoqda. Kombinat olimlar tomonidan o‘tgan davr mobaynida sof holatda palladiy va reniy metallinii olishga muvaffaq bo‘lishgan.
OKMK Axborot xizmati